O‘zbekiston | 11:19 / 17.11.2020
32621
2 daqiqa o‘qiladi

Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan tergov yakunlanib, jinoyat ishi sudga yuborildi

Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan Chirchiq shahar prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan dastlabki tergov harakatlari ayblov xulosasi bilan yakunlanib, mazmunan ko‘rib chiqish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Chirchiq shahar sudiga yuborilgan. Bu haqida Kun.uz’ga Toshkent viloyat prokuraturasi mas'ul xodimi ma'lum qildi.

Ma'lum bo‘lishicha, tergovda dastlabki e'lon qilingan ayblov to‘ldirilib, G.Yo‘ldoshevaga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi, 209-moddasi 2-qismi «a» bandi, 25-167-moddasi 3-qismi «a» bandi, 207-moddasi 3-qismi «a» bandi, 207-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan ayb e'lon qilingan.

G.Yo‘ldoshevaning advokati Xushnud Ahrorovning ma'lum qilishicha, himoyasi ostidagi shaxs e'lon qilingan ayblovlarga iqror emasligini, o‘zining aybsiz ekanligini va barcha e'tirozlarini sudda bayon etishini aytgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha sud muhokamalari qachon boshlanishi hozircha ma'lum emas.

Eslatib o‘tamiz, koronavirusga chalingan bemor o‘limi va 250 mln so‘m budjet mablag‘larini talon-toroj qilganlikda ayblanib qamoqqa olingan Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan jinoyat ishi shu yil 11 avgustda Chirchiq shahar prokuraturasi tomonidan qo‘zg‘atilgan. 8 sentyabrga kelib, ehtiyot chorasi sifatida ayblanuvchi qamoqqa olingan edi. Uning qamoqqa olinishi jamoatchilik o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bir qator davlat va nodavlat tashkilotlarning rahbarlari mazkur hodisaga munosabat bildirib, prokuraturani shifokorga nisbatan qo‘llanilgan ehtiyot chorasi o‘zgartirishga chaqirgandi.

U oktyabr oyi boshida qamoqdan ozod etilgan, unga nisbatan qo‘llangan qamoq ehtiyot chorasi sud ajrimi bilan uy qamog‘iga almashtirilgandi.

Mavzuga oid