Fan-texnika | 20:47 / 17.11.2020
2558
2 daqiqa o‘qiladi

Londonda avtonom elektromobillar dori-darmon yetkazadi

Britaniya poytaxti Londonning Xaunslou tumanida dori-darmon yetkazish uchun mo‘ljallangan avtonom elektromobillar sinovdan o‘tkazila boshlandi.  

Foto: Academy Of Robotics

Robototexnika akademiyasi tomonidan ishlab chiqilgan Kar-go elektromobili Britaniyada yetkazmalarni amalga oshiradigan birinchi o‘zi boshqariluvchi transport bo‘ladi.   

Akademiya robotlashtirilgan avtomobil ustida 4 yil ish olib borgan. Kar-go 96 km/soat bilan harakatlana oladi va qayta quvvatlanishsiz 3 soat davomida 48 ta jo‘natmani o‘z manziliga yetkazishi mumkin. 

Antiqa avtomobil sun'iy ongga ega haydovchisiz boshqarish texnologiyasi bilan jihozlangan. Sun'iy ong manzilgacha eng qisqa yo‘lni hisoblab chiqadi hamda jo‘natmalarni saralaydi. Elektromobillar kelgusida o‘zi mustaqil harakatlansa-da, sinovlar vaqtida xavfsizlik chorasi sifatida uning ichida operatorlar bo‘ladi.   

Kompaniya yetkazmalarning kontaksiz shaklini sinash maqsadida dorixonalardan olingan dori-darmonni qariyalar uylariga yetkazishga qaror qilgan. Transport vositasi jo‘natmani belgilangan manzilga yetkazgach, smartfondagi dastur bu haqda jo‘natma oluvchisini xabardor qiladi.   

Robototexnika akademiyasi yangi elektromobilning boshqa hududlarda yana bir nechta sinovini o‘tkazishni rejalashtirgan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid