Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Faqat shu orqali kommunal qarzdorlikni kamaytirish mumkin» - Alisher Qodirov saylovoldi va'dalaridan birini esladi
Kommunal to‘lovlarni aholi daromadiga qarab tabaqalashtirish orqali tizimdagi qarzdorlikni kamaytirish lozim, deb hisoblaydi «Milliy tiklanish» partiyasi raisi Alisher Qodirov.
Aholining kommunal xizmatlardan qarzdorligi keskin ortib borayotgani bizni tashvishga solmoqda, dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi raisi o‘rinbosari Alisher Qodirov palataning 18 noyabrdagi yalpi majlisida.
«Milliy tiklanish» partiyasi raisiga ko‘ra, birgina gazdan qarzdorlik o‘tgan vaqt davomida 6,5 trln. so‘mni tashkil qilgan. Uning aytishicha, bu hali umumiy qarzdorlikning bir qismi, ya'ni odamlarda jami 11 tlrn.ga yaqin qarzdorlik shakllanyapti.
«Biz bilamiz, tarmoqlarni ta'mirlash bugungi kunning dolzarb masalasi. Shuning uchun ham saylovlar paytida aholining daromadiga qarab to‘lovlarni tabaqalashtirishni taklif qilgan edik. Bizdagi ma'lumotlarga ko‘ra, hozir ish bilan band aholining 70 foizi 2 milliondan kam ish haqi olyapti.
Biz saylov jarayonlarida ham aholining daromadiga qarab kommunal to‘lovlarni tabaqalashtirish masalasini ko‘targan edik. Faqat shu orqali aholi qarzdorligi ko‘payib ketishining oldini olish mumkin.
Bugungi kunda oylik daromadi 1 mln. so‘m bo‘lgan oilaga qanday qilib gaz va svetdan 10 mln. so‘mlik qarzdorlikni yuklab qo‘yish va uning oldiga MIBni yuborish mumkin? Bu masalaning yechimi emas», – degan Alisher Qodirovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Qodirov elektr energiyasini uzatishdagi yo‘qotishlarga ham to‘xtaldi.
«Bizda bugunga kelib elektr energiyasi ishlab chiqarilgandan keyin uni uzatish davomida 18 foiz elektr energiyasi yo‘qotilmoqda. Bu esa 9 mlrd. kVt/soat degani.
Bu vazir tomonidan qanday asoslanishidan qat'i nazar, baribir juda ko‘p. Shu bilan birga, biz hozir shuncha elektr energiyasini havoga sovurish bilan birga, 3,5 mlrd kVt/soat elektr energiyasini xorijdan sotib olishga majbur bo‘lyapmiz», – dedi u.
Spiker o‘rinbosari YaIM tarkibida xizmatlar ulushining kamligiga e'tibor qaratdi.
«Bugun 9 oylik budjet ijrosi shuni ko‘rsatyaptiki, yalpi ichki mahsulotimiz tarkibidagi xizmatlar tarmog‘ining holati yaxshi emas.
Agar pandemiyadan keyingi iqtisodiyotning rivojlanishi uchun asosiy drayverlardan biri aynan xizmatlar tarmog‘i bo‘lishi kerakligini inobatga olsak, O‘zbekiston YaIMida ushbu ko‘rsatkichning 36,3 foiz ekanligi, albatta, maqsadga muvofiq emas. U ham o‘tgan yilga nisbatan 0,2 foizga kamayibdi.
Bu borada holatni mintaqadagi boshqa hamkor davlatlardagi holat bilan solishtirib ko‘raylik. E'tibor bering, YaIM tarkibidagi xizmatlar tarmog‘i Qozog‘istonda 55,4 foiz, Turkiyada 55,9 foiz, Rossiyada 62,3 foiz, bizniki esa Turkmanistonnikidan (37,7 foiz) ham kamroq», – dedi deputat.
Mavzuga oid
16:59 / 13.05.2025
Alisher Qodirov maktabda bolalarga “Katyusha” yodlatilgani holati yuzasidan Maktab vazirligidan izoh so‘radi
19:04 / 15.04.2025
Tashqi ishlar vaziriga xorijdagi o‘zbekistonliklarning himoyasi borasida parlament so‘rovi yuborildi
18:01 / 11.04.2025
“Oqibatlari og‘ir bo‘ladi” - Alisher Qodirov internetdagi “axborot loyihalari” haqida
11:18 / 23.03.2025