Apple eski ayfonlarning sekinlashishi ishi doirasida yana 113 million dollar to‘laydi
Apple kompaniyasi eski ayfonlar ishlashi sekinlashishi bo‘yicha AQShning 33ta shtati sudga bergan jamoaviy shikoyat arizasini hal qilish uchun 113 mln dollar kompensatsiya to‘laydi. Bu haqda Arizona shtati ma'muriyati vakiliga tayanib Reuters axborot agentligi xabar berdi.
Apple da'voni hal qilish doirasida Arizona shtatiga 5 mln dollar, Kaliforniyaga 24,6 mln dollar va Texasga 7,6 mln dollar to‘laydi. Bundan tashqari, kompaniya 3 yil davomida iPhone’lar akkumulyatorlaridagi energiyani boshqarishi haqida o‘z saytida, telefonning operatsion tizimi yangilanishi haqidagi ogohlantirishlarda ishonchli axborotni taqdim qilishga rozi bo‘lgan.
Apple’ga nisbatan eski ayfonlar akkumulyatorlaridagi muammo bo‘yicha birinchi ayblovlar 2017 yilda bildirilgan. 2018 yilda ushbu ish bo‘yicha tergov boshlangan. Keyinroq Apple’ga qarshi 33 shtatdan sudga shikoyat arizasi tushgan. Ularda kompaniyaning eski modeldagi smartfonlari “kutilmaganda o‘chib qolishi” va ularning ishlash tezligi pasayishi ta'kidlangan.
O‘shanda kompaniya eski modellarini ularda o‘rnatilgan litiy-ion akkumulyatorlar vaqti kelib o‘z quvvatini yo‘qotishi va ularning energiyasi smartfonni, misol uchun, sovuq havoda ishlatish vaqtida yetmasligi mumkinligi sababli sekinlashtirishini tan olgan. Apple o‘z smartfonlarining to‘satdan o‘chib qolishi oldini olish uchun iOS operatsion tizimiga resurslar yetmaganda muayyan operatsiyalar bajarilishini sekinlashtiruvchi o‘zgartirishlar kiritgan. Bu esa foydalanuvchilar tanqidiga sabab bo‘lgan. Ularning fikricha, kompaniya iste'molchilarni yangi modellar sotib olishga majburlash maqsadida eski telefonlarini ataylab sekinlashtirgan. Avvalroq kompaniya bu boradagi davo arizasini hal qilish maqsadida 500 mln dollar to‘lab berishga rozi bo‘lgandi.