«Bizga shunchaki havo kerak...» – Popning Xo‘jaobodida odamlar nafas olishga qiynalmoqda. Sabab – nosoz paxta zavodi
Namangan viloyati Pop tumanida shunday mahalla bor. U yerda uy tomlari-yu daraxtlargacha changga burkangan. Chang bo‘lganda ham paxta tolasi aralash chang, bunaqa changdan nafas olayotgan aholi allergiyadan aziyat chekmoqda.
Kun.uz tahririyatiga Namangan viloyati Pop tumanidan murojaat kelib tushdi. Murojaatda tumanning «Xo‘jaobod» mahallasida joylashgan paxta tozalash zavodidan chiqayotgan chang uzoq yillardan beri aholiga zarar berib kelayotgani aytilgan. Ushbu holatni o‘rganish maqsadida Pop tumaniga yo‘l oldik.
Mahalla aholisi Pop paxta tozalash zavodidan havoga chang chiqishi va odamlarga zarar keltirayotgani bo‘yicha 2010 yildan beri ko‘plab tashkilotlarga murojaat qilib keladi. Chunki 1968 yil qurilgan paxta zavodi aynan 2010 yildan atrofga nafas olishni-da qiyinlashtiruvchi chang chiqaradi.
«Avvallari ham chang bo‘lardi, lekin 80-90 foiz changni chang tutqichlar ushlab qolardi. 2010 yilda paxta zavodini rekonstruksiya qilishdi. Shundan beri nafas olib bo‘lmaydi. Har yili bir mavsumda 7-8 oy shu ahvol», deydi mahalla faoli Jaloliddin Fayziyev.
«10 yildan beri bu masala bo‘yicha murojaat qilib kelmoqdamiz, lekin hozirgacha birorta ish amalga oshirilgani yo‘q. Ilk arizamizni 2010 yil 24 dekabrda yo‘llaganmiz», deydi Odiljon Hakimaliyev.
Murojaatlar ortidan 2014 yil 22 aprel kuni DSENM xulosasiga asosan Namangan viloyat xo‘jalik sudi sanitariyaga zid holatlar bartaraf etilmaguncha «Pop paxta tozalash zavodi» AJ faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha qaror chiqaradi va ijroga taqdim etadi.
Fuqarolarning aytishicha, sud qaroridan so‘ng zavod bir muddat faoliyatini to‘xtatgan, lekin biroz vaqt o‘tib zavodda ish yana davom etavergan.
Fuqarolar tomonidan oxirgi marta Prezident xalq qabulxonasi orqali majburiy ijro byurosi Namangan viloyat boshqarmasiga yo‘llangan 2020 yil 10 oktyabrdagi arizaga javob beriladi. Javob xatida Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi Namangan viloyat bo‘limi analitik nazoratga ixtisoslashtirilgan inspeksiyasining xulosasiga ko‘ra, zavod ishlab chiqarish bo‘limlariga o‘rnatilgan chang va gazni tozalash qurilmalarining samaradorligi belgilangan talablarga mosligiga muvofiq ijro harakatlari 2017 yil 19 yanvarda to‘xtatilgani ma'lum qilingan.
Bu masala bo‘yicha Namangan viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi vakili bilan suhbatlashganimizda, zavod qurilganiga ancha vaqt bo‘lgani, holat yuzasidan ko‘p bor murojaatlar kelib tushgani, bu bo‘yicha zavodga boshqarma tomonidan bir necha bor ko‘rsatmalar berilgani aytib o‘tildi. Havo iflosligi bo‘yicha tahlillar olib borilganmi, deya bergan savolimizga «Hozircha oxirigacha o‘rganganimiz yo‘q, kelasi haftada atmosfera bo‘limidagilar kelishi kerak. Ularning o‘lchash me'yori bor. Me'yordan yuqori bo‘lsa, tahlillar tegishli joylarga yuboriladi», deb javob berdi Pop tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi inspektori Doniyor Ortiqov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, fuqarolar tomonidan 5-6 marotaba murojaat qilingan bo‘lsa, vakolat doirasida o‘rganilib, qonuniy ko‘rsatmalar berilgan. Ma'lum bo‘lishicha, holat shunchaki ko‘z bilan o‘rganilgan, lekin tahlil qilinmagan.
Hozirda ushbu zavod «Art soft» xolding MChJ tomonidan ijara asosida ishlatib kelinmoqda. Zavodning bosh mexanigi Kamoliddin Rahimovning so‘zlariga ko‘ra, chang ushlab qoluvchi kameralar 2010 yilda modernizatsiya paytida qayta qurilgan. Avvalgi kamera kattaroq bo‘lgan, zavod kichraygani sari chang yutish kameralari ham shunga moslab kichraytirilavergan.
«Siklonlarda vakuumli klapanlar bo‘lmagan. Aholi chang uchganini aytganidan keyin o‘tgan haftadan 20 million so‘mga vakuumli klapanlar o‘rnatdik. Tepalariga kichik panjaralar qoplatdik, hozir ahvol ancha yaxshi. Xitoylik tadbirkorlar bilan shartnoma qilganmiz. Ular o‘tgan yil yozda chang kameralariga tutqich o‘rnatib berishga va'da berishgandi. O‘rtada pandemiya bo‘lib, ishlar qolib ketdi. Imkon qadar bu yil shartnoma asosida ishlarni tugatamiz», deydi Kamoliddin Rahimov.
Zavod direktori Sohibjon Jo‘rayevning so‘zlariga ko‘ra, zavod ijarada ishlayotgani sabab bu ishlarga xarajat qilinmagan. Joy to‘liq sotib olingach, qurilish qayta tashkil qilinadi, hamma uskunalar yangisiga almashtiriladi.
Mahalladagi uylarni ko‘zdan kechira turib uy tomlari-yu daraxtlargacha changga burkanganiga guvoh bo‘ldik. Chang bo‘lganda ham paxta tolasi aralash chang, bunaqa changdan nafas olganlar uning qanchalik yoqimsiz narsa ekanini bilishadi. Odamlarning aytishicha, mahallada ko‘pchilik allergiyadan aziyat chekmoqda.
«Mashinani kechga yuvib qo‘ygan bo‘lsak, ertalab yana yuvamiz, jonimizga tegdi. Bu chang bizni tuberkulyoz (sil – tahr.) qilib bo‘ldi. Mana, hozir tomoq tuzalmayapti, ichmagan dorim qolmadi. Endi bularni sudga beraman, meni davolaydi. Hamma kasal. Koronavirus yuqtirdikmi deb qo‘rqib analiz topshiramiz, koronavirus chiqmaydi. Ammo mana, tomog‘im bo‘g‘iq. Kechasi nafas olib bo‘lmaydi. Bu turganini yomg‘ir yuvib ketdi. Sal shabadaga chang ko‘tariladi», deydi shu mahallada yashovchi fuqaro Jo‘raxon Zokirov.
«Chang supuramiz, chang artamiz, chang yutamiz. Har kuni chang, chang... Shu zavodning changidan bezor bo‘ldik», deydi Dilorom Mahmudova.
Mahalla ayollarining so‘zlariga ko‘ra, hatto yuvilgan kiyimlarni ko‘chaga yoyib bo‘lmaydi. Quritish uchun uy ichida yoyiladi, chunki tashqarida kiyimlarga chang yopishadi.
Tumanning bir mahallasida 10 yildan buyon shunday muammo borligi, bu bo‘yicha qanday choralar ko‘rilgan va bu muammodan mahalliy hokimlikning qay darajada xabari borligiga qiziqdik. Tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari Akromjon Qo‘chqorov bu masalaga quyidagicha izoh berdi: «Paxta zavodi bundan 45 yil muqaddam ochiq dala maydonga qurilgan, yillar davomida aholi tomonidan uy-joylar qurilib, aholi yashaydigan punktga aylangan. Chang va g‘uborlarni ochiq havoga chiqarmaslik bo‘yicha 2017 yildan beri ishlar olib borilib, birinchi va ikkinchi bosqichi yakuniga yetkazildi. 2021 yil aholini qiynayotgan chang muammosi bartaraf etiladi», deydi hokim o‘rinbosari.
Hokim o‘rinbosarining gaplari mahalla aholisining fikrlari bilan mos kelmayapti. Ularning so‘zlariga ko‘ra, zavod o‘rnida avval paxta qabul qilish punkti bo‘lgan. Zavodga bundan-da yaqin joylashgan uylar bo‘lgan. Donni qayta ishlash zavodi qurilganda paxta zavodiga yaqin ko‘plab uylar buzilib ketgan. Ya'ni, zavod ishga tushishidan avval «Xo‘jaobod» mahallasida aholi istiqomat qilgan. Bundan xulosa qilish mumkinki, hokimlik tomonidan mahalla muammosi chuqur o‘rganilmagan.
Umid qilamizki, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi lavozimini tark etganiga ko‘p bo‘lmagan viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov 10 yildan buyon hal bo‘lmay kelayotgan bu muammoni e'tiborsiz qoldirmaydi...
Tohirjon Tursunov, Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
16:39 / 15.11.2024
Namangan viloyat sudi raisi o‘rinbosarining qilmishi yashirilmoqda: yopig‘lik qozon yopig‘ligicha qoladimi?
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
18:02 / 10.10.2024
Shahrisabzda aholini paxta terishga majburlagan mahalla raisi salkam 19 mln so‘m jarimaga tortildi
19:45 / 09.10.2024