O‘zbekiston | 08:10 / 20.11.2020
3769
3 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro mehnat tashkilotining mehnat inspeksiyasi sohasidagi ikkita konvensiyasi O‘zbekiston uchun kuchga kirdi

2020 yil 19 noyabr kuni O‘zbekiston uchun Xalqaro mehnat tashkilotining «Sanoat va savdoda mehnat inspeksiyasi to‘g‘risida»gi 81-sonli (Jyeneva, 1947 yil 11 iyul) va «Qishloq xo‘jaligida mehnat inspeksiyasi to‘g‘risida»gi 129-sonli (Jyeneva, 1969 yil 25 iyun) konvensiyalari kuchga kirdi.

Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, hozirda ushbu xalqaro shartnomalarda tegishlicha 148ta va 54ta davlat ishtirok etmoqda.

Konvensiyalar sanoat, savdo va qishloq xo‘jaligida xodimlarning mehnat sharoitlari va ushbu sohalardagi ish jarayonida mehnat muhofazasi bilan bog‘liq qonun hujjatlarining qo‘llanilishini ta'minlash uchun mas'ul bo‘lgan mehnat inspeksiyasi tizimini yaratishga qaratilgan.

Hujjatlarda xodimlarning o‘z vazifalarini bajarishda ularni himoya qilish va mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari to‘liq ijro etilishini ta'minlash uchun mas'ul bo‘lgan idora sifatida mehnat inspeksiyasini tashkil etish, uning moddiy-texnika vositalari, vakolatlari, vazifalari va funksiyalarini tartibga soluvchi asosiy qoidalar belgilangan.

Ushbu xalqaro shartnomalarga muvofiq, mehnat inspeksiyasi tizimining vazifalari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

ish joylarida xodimlarning mehnat sharoitlari va mehnat muhofazasi sohasidagi, shu jumladan ish vaqti, ish haqi, mehnat xavfsizligi, sog‘liqni saqlash, ayollar va bolalar mehnatidan foydalanish hamda boshqa shu kabi masalalar bo‘yicha qonun hujjatlariga amal qilinishini mehnat inspektorlari tomonidan ta'minlash;

ish beruvchilar va xodimlarga mehnat qonunchiligiga amal qilishning eng samarali vositalari to‘g‘risida tegishli axborot va tavsiyalar berish;

vakolatli organga amaldagi qonun hujjatlari bilan tartibga solinmagan qoidabuzarliklar yoki suiiste'mol qilish faktlari to‘g‘risida xabar berish va qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha taklif kiritish.

Xalqaro mehnat tashkilotining ushbu konvensiyalarida O‘zbekistonning ishtiroki mehnat inspeksiyasi sohasida xalqaro standartlarni amaliyotga joriy etish orqali milliy qonunchilikni yanada takomillashtirish va mehnat inspeksiyasi xodimlarining malakasini oshirishga xizmat qiladi, shuningdek konvensiyalarda ishtirok etuvchi davlatlarning mehnat inspeksiyasi xizmatlari o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga imkon beradi.

Bundan tashqari, mazkur konvensiyalar mehnat sohasida qonun ustuvorligini ta'minlash, uning ijrosi ustidan nazoratni yanada kuchaytirish, sanoat, savdo va qishloq xo‘jaligida majburiy mehnatga barham berish, shuningdek, mehnat va bandlik sohasida inson huquqlarini ta'minlash bo‘yicha ish sifatini yangi darajaga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mavzuga oid