Jamiyat | 11:08 / 21.11.2020
16174
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Malibu’dan noodatiy giyohvandlik vositasi topildi

2020 yilning 12 noyabr kuni soat taxminan 20:30da Toshkent shahar Chilonzor tumani bo‘yicha IIO FMB xodimlari Chilonzor tumani 19-mavzeda xizmat olib borayotgan vaqtida “Istanbul” do‘koni oldida fuqaro 30 yoshli Oybek D. Malibu rusumli avtomashinada o‘zini shubhali tutganligi sababli uning yoni va boshqaruvidagi avtomashinasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.

Foto: Tergov departamenti

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, avtomashina old yo‘lovchi o‘rindig‘ida polietilen paket ichida ko‘k rangli kukunsimon modda va 5 dona har xil rangli plastmassa naychalar borligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.

Sud-kimyoviy ekspertiza xulosasida fuqaro Oybek D.dan olingan modda tarkibida giyohvand vosita “pirrolidinovalerofenon” mavjud bo‘lib, uning og‘irligi 0,25 grammni tashkil etishi, 5 dona plastmassa naychalarda ham “pirrolidinovalerofenon” izlari borligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani bo‘yicha IIO FMB 1-sonli IIB TB tomonidan Oybek D.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 276-moddasi 2-qismi “a” bandi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha Oybek D. gumon qilinuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib, himoyachi ishtirokida so‘roq qilingan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid