O‘zbekiston | 19:23 / 21.11.2020
9094
3 daqiqa o‘qiladi

Xususiy bandlik agentliklari xizmati haqi qat'iy belgilangan - Mehnat vaziri o‘rinbosari

Xususiy bandlik agentliklari tomonidan xorijga ishga joylashtirilayotgan shaxslardan bevosita xizmat haqi undirilmaydi, aksincha, XBA xizmat haqini xorijdagi ish beruvchi to‘lab berishi belgilangan.

Senatning tegishli qo‘mitasi yig‘ilishida tashqi mehnat migratsiyasi masalasi muhokama etildi. Yig‘ilishda ishtirok etgan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muhiddinov endilikda xususiy bandlik agentliklari yangi tartib bo‘yicha ish faoliyatini davom ettirishini ma'lum qildi.

«Bu borada ko‘p noxush holatlar bo‘ldi, ko‘p fuqarolar aldanib qoldi. Shu asnoda, «Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Yuzaga kelayotgan muammolarning yechimi qonun bilan mustahkamlandi.

Masalan, XBAlarga fuqarolardan xorijda ishga joylashtirgani uchun pul olish taqiqlandi. Ular faqat konsultatsiya xizmatini ko‘rsatgani uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravarida (taxminan 223 ming so‘m – tahr.) haq olishi mumkin.

Bundan tashqari, xorijga ishga joylash bo‘yicha tegishli litsenziyani qo‘lga kiritish uchun vazirlik huzuridagi tashqi mehnat migratsiyasi bo‘yicha tegishli jamg‘armasida bazaviy hisoblash miqdorining 8,5 ming baravarida zaxira mablag‘ini shakllantirishi belgilandi. Bu avval 50 ming dollarga teng qiymatda bo‘lgandi, hozir 185 ming dollargacha oshirilgan.

Shuningdek, har bir fuqaro bilan tuzilgan shartnoma vazirlikning axborot tizimida hisobga qo‘yiladi», — dedi Muhiddinov.

Vazirning birinchi o‘rinbosari Erkin Muhiddinovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, xorijga ishga joylashtirilayotgan shaxslardan bevosita xizmat haqi undirilmaydi, aksincha, XBA xizmat haqini xorijdagi ish beruvchi to‘lab beradi. Bu jahon tajribasida rekruting kompaniyalar tomonidan keng qo‘llaniladi.

Ma'lumot uchun, Xalqaro mehnat tashkilotining «Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida»gi, 181-sonli xalqaro konvensiyasi 7-moddasiga asosan, XBA talabgordan ko‘rsatgan xizmati uchun pul olishi taqiqlangan. Chunki ish izlab yurgan fuqaro moliyaviy og‘ir ahvolda qolgan fuqaro hisoblanadi.

Mavzuga oid