O‘zbekiston | 18:56 / 22.11.2020
37815
20 daqiqa o‘qiladi

Prokuror bo‘lishni orzu qilgan, 9 yil Angliyada yashagan deputat G‘aniyev bilan suhbat

Bugun Oliy Majlis deputatlari orasida o‘z fikrini ochiq ayta oladiganlari kam. Shulardan biri Doniyor G‘aniyev. Ha, Shuhrat G‘aniyevning jiyani ekani bilan tanilgan Doniyor G‘aniyev. Biroq u o‘zini kimningdir jiyani deb atashlarini istamaydi. Kun.uz deputat G‘aniyev bilan suhbat uyushtirdi. E'tiboringizga suhbatning birinchi qismini havola qilamiz.

– Deputat bo‘laman, deb o‘ylaganmisiz? Deylik, bolalikmas, aqlingizni tanib, o‘zingizning meningizni idrok qilib boshlaganda, deputat bo‘lmasa ham, siyosiy rutbaga erishishni o‘ylaganmisiz?

– Maktab davrida maqsadim yuridik universitetiga kirish va prokuror bo‘lish edi. Jamiyatda prokurorlar eng boy, eng hurmatli qatlam edi. Hamma prokurorlar erishayotgan boylik, hurmatga erishish niyati bo‘lgan. Dunyoqarash shunaqa bo‘lgan. Lekin men o‘n yetti yoshimda Angliyaga ketganman. U yerda 9 yil umrim o‘tgan bo‘lsa, mana shu jarayonda o‘smirlikdan o‘tib, erkak kishiga aylanish jarayoni bo‘lgan va dunyoqarashimning juda katta qismi mana shu muhitda shakllangan. Yevropada erkin jamiyat ta'siri bo‘lgan. O‘zimni davlat odamidan ko‘ra, ko‘proq xususiy sektor vakili sifatida ko‘ra boshlaganman. 2015 yil kimdir 4 yildan keyin deputat bo‘lasan desa, ishonmagan bo‘lardim.

– Siz xorijga ketdingiz, o‘qidingiz... Buni juda ko‘pchilik xohlaydi, orzu qiladi, lekin qo‘lidan kelmaydi. Yolg‘on bo‘lmasa kerak, 90 foiz odam xorijga ketgandan keyin, u jamiyatni ko‘rgandan keyin qolgisi keladi. Kamdan kam odam qaytgisi keladi. Ular ham ko‘pchiligi jaydari o‘zbek bo‘lgani uchun rishtalar, oila, mahallasini sog‘ingani uchun qaytgisi keladi. Siz nima uchun qaytdingiz?

– Qaysidir ma'noda menda ham shu rol o‘ynadi, umumlashtirmayman, lekin kuzatganman, ayniqsa, vodiy xalqi orasida qaytish tendensiyasi yuqori bo‘ladi. Mening qaytishimni ham ota-onam xohlagan. Endi ikki akam uylanib, menga navbat kelgandi. Qachon qaytasan, bizda o‘zbekona dunyoqarash, shuncha odam yashayapti, Xudo sening ham rizqingni beradi, deyishdi. Odam, albatta, yurtini, qadriyatini, yashash tarzini sog‘inadi. Qayerda yashamang, yuragingizning bir bo‘shlig‘i tortadi, uni hech narsa bilan to‘ldirib bo‘lmaydi. Uni muvaffaqiyat bilan to‘ldira olmaysiz. Muhabbat doim bo‘ladi, doim qaytgingiz keladi. Qaytganingizdan keyin bir-ikki oydan keyin yana ketishni xohlaysiz: moslasha olmaysiz, nimaga keldim, deysiz. 2-3 hafta shirin bo‘ladi, mehmon bo‘lasiz, keyin yo‘lingizni topa olmay qiynalasiz. Menda ikki marta shu holat bo‘ldi. Bo‘ldi qaytmayman, dedim. Lekin qaytib kelaverdim. Doim qaytib ketishimni sababi «B» reja bo‘lishi deb o‘yladim. Chunki vizamiz bor, yana qaytib ketamiz. 2015 yil bo‘ldi dedim o‘zimga. Vizamni cho‘zdirmayman, «B» rejasiz qaytaman, dedim.

Bitta narsa yoqmay qolsa, tezda ketishni o‘ylaysiz. Bu safar hamma qiyinchilikka chidayman, qaytmayman dedim. Afsus hissi biroz kamaydi. Oilali bo‘ldim, farzandli bo‘ldim, bir joyga o‘rnashganim uchunmi, vaqt davolaydi. Sekin-sekin moslashdim. Dunyoqarashim u yoqdan chiqib, bu yoqdagi tizimga moslashdi.

– Lekin ketish degan fikrga nuqta qo‘ymagansiz, menimcha.

Gohida juda asabga tegadigan holat bo‘lsa, bo‘g‘ilib ketganda yana o‘ylab qolaman.

– Deputatlik rutbasiga o‘tsak, aniqrog‘i unga olib kelgan narsa haqida gaplashsak. Sizga ko‘p beriladigan savol: bu savolga javob berishdan zeriksangiz ham kerak bir kuni. Amakingizning (Bosh vazir o‘rinbosari, Farg‘ona viloyatining sobiq hokimi Shuhrat G‘aniyev) roli qanaqa degan savol. Chunki bu savolni men bermasam, mendan kutishadi. Bersam sizning javobingiz qanaqa bo‘lishidan qat'i nazar o‘z fikrida qoladiganlar baribir o‘z fikrida qoladi. Lekin buni baribir eshittirib qo‘yish kerak.

– To‘g‘ridan to‘g‘ri roli bor deb o‘ylamayman. Lekin bilvosita roli bo‘lishi mumkin.

– Bu roli yo‘q deganimi yoki men bilmayman deganimi?

– Istaymizmi-yo‘qmi, baribir o‘zbekchilik, kimligingiz, kimga bog‘liqligingiz, albatta, rol o‘ynaydi.

– Falonchi akani jiyani ekan...

– Iloji yo‘q, bu rol o‘ynaydi. Bizning jamiyatda bilasiz, rahbar odamga paxta qo‘yish, yoqish uchun uning atrofidagilar, yaqinlariga yaxshi munosabatda bo‘lish yoki unga eshiklarini ochish tendensiyasi bor. Men inkor etganim bilan bu haqiqat. Lekin shaxsan viloyat hokimining topshirig‘i bilan deputat bo‘lmaganman. Menga birinchi marta partiyaning o‘zi murojaat qilgan.

– Nega aynan sizga?

– Bilmayman. 2018 yilda birinchi deputatlikka emas, partiyaga a'zo bo‘lishga qiziqtirishdi. Birinchidan o‘sha yoshligim, yosh rahbarligim, ikkinchidan viloyat hokimining jiyani ekanligim ham bevosita rol o‘ynagan bo‘lishi mumkin. Ularning qanday qaror qabul qilgani menga qorong‘i.

– Amakingiz bilan bog‘lamasliklarini xohlarmidingiz?

– Albatta, xohlayman. Shu paytgacha qayerga borsam, nima ishlatgan bo‘lsam, o‘zimning nuqtayi nazarimni, o‘zimning fikrimni, shaxsimni yoritishga harakat qilganman. Endi katta nom ostida bo‘lganim uchun istaymanmi, yo‘qmi, baribir bog‘lanaman. Buni o‘zim xohlaganimda hamma joyda shuni pesh qilib, shundan foydalanishga harakat qilgan bo‘lar edim.

– Siz unday emassiz. Amakingiz yo‘l qo‘ygan xato deymizmi, yoki ommaviy axborot vositalariga chiqib ketgan juda ko‘p salbiy narsalar deymizmi, unga oddiy halq tomonidan otilayotgan toshlar sizni qiynaydimi? O‘ylaysizmi shuni?

– Albatta, amakim haqida bildirilayotgan fikrlar to‘g‘risini aytaman, yoqmaydi. Buning uchun men kimnidir ayblamoqchi emasman, o‘zim aytganimdek erkin jamiyatda katta bo‘lganim uchun. Men hammaning fikrini qabul qilaman, tanqidlarni ham. Faqat menga yoqmagani men bu shaxsni taniganim uchun. Yaqindan va bunga loyiq emasligini bilganim uchun menga bu noto‘g‘ri bo‘lib tuyuladi.

– Ya'ni, bu odamning zohiri boshqa, botini boshqa-mi?

– Ularning yashagan davri, boshqaruv kursisiga kelgan payti, faoliyatidagi boshqaruv mexanizmiga kelgan vaqtda jamiyat boshqa edi. Ular shunday shakllangan. Bizda shu narsa kuchayib ketdiki, kontekstdan yulib olinadi-da, yoritilayotgan mazmun-mohiyatning birovga qizig‘i qolmayapti. Asosan o‘sha sarlavha. Bu ularni oqlayman, degani emas. Demoqchimanki, G‘aniyevning birgina o‘zini emas, u ishlayotgan tizimdan kelib chiqib, baho berish kerak. Demoqchimanki, O‘zbekistonda qattiqqo‘llik bilan ishlayotgan odam bitta shu rahbar bo‘lsa, tanqidlar yog‘dirilsa, tushunsa bo‘ladi. Lekin bu ishlayotgan payt, tizimni umumiy olganingizda g‘ayrioddiy holat emas.

– Boshqa hokimlar, boshqa amaldorlar, siz ko‘plarini taniysiz, deputatlari ko‘p orasida, umuman ora-sira qo‘pol qilib aytganda qovun tushirib turadiganlar juda ko‘p. Qovun tushirayotgan amaldorlar yangi O‘zbekistonning yangi imijiga aylanib qolmayaptimi?

– Oldin judayam yopiq jamiyatda yashaganimiz uchun biz bunday holatlarning guvohi bo‘lmaganmiz. Ularning qovun tushirishiga o‘zi imkoniyat berilmagan-da. Bu yangi maydon bo‘lyapti, yangi imkoniyat. O‘z vazifasini bajarish jarayonida, istab-istamay har xil jarayonda qovun tushish holati bo‘lyapti.

– Bu uquvsizlikdan emasmi? Menda sizdagidan biroz boshqacharoq farq. Avvalgi jamiyat va hozirgi jamiyat yopiq va ochiq deyapmiz-ku. Gapirsang, qovun tushiryapsan, gapirmaganing yaxshi, shundaymi?

– Biz juda ziddiyatli jamiyatda yashayapmiz. Jamiyatda istasangiz-istamasangiz, bir tomon uchun yoqasiz, bir tomon uchun yoqmaysiz. Chunki juda ko‘p hokimlar, rahbarlar to‘qnash kelayotgan masala ana shunday ziddiyatli masalalar. Ularga ko‘pincha ikki tomondan bosim bo‘ladi. Bir tomondan norozi qatlamga yoqish, ikkinchi tomondan hukumat tomonidan berilgan topshiriq ijrosini ta'minlash, funksional vazifalarining ijrosini bajarishi kerak. O‘sha odamning o‘rnida bo‘lib ko‘rmaguncha buyoqdan turib, unga to‘liq baho berish ham qaysidir ma'noda noto‘g‘ri. Uquvsizlik deganingizga ham qo‘shilmayman, chunki istalgan G‘arb jamiyatini oling, o‘sha erkinlik yuz yillab bo‘lgan jamiyatlarni ham oling, ularda ham bunday siyosiy xatoliklar juda ko‘p bo‘ladi. Ularda bu odatiy holga aylangani uchun e'tibor berilmaydi.

– Pishib yetilmaganmiz, demoqchimisiz?

– Shaxsan mening fikrim shunday. Men bu holatdan qo‘rqmagan bo‘lardim. Chunki biz rahbarlarni xalq bilan muloqotda, jamoatchilik bilan ishlashda sekin-sekin qo‘yayotgan qadamini xato bo‘lsa ham olqishlashimiz kerak.

– Hokim, rahbar, hozir G‘aniyev familiyasi haqida gap ketmayapti, umumiy olib aytyapmiz. Hokim, rahbar, amaldor, uning matbuot xizmati nazarimda juda ham piar guruhga muhtojligi bor. Hozir hokimning og‘zidan chiqayotgan gap boshqa, uning niyati yaxshi, degan gumonda ham bo‘laylik. Ammo u uquvsizligi yoki zaboni ravonmasligi uchun qovun tushirib qo‘yyapti. O‘sha qattiqqo‘l jamiyatda shirinso‘zsiz, misol uchun kes, dedimi, kesish kerak bo‘lgan buyruq ostida yashagan va shakllangan ham deylik. Ammo uni randalab turadigan jamoaga, ommaga chiroyli qilib beradigan matbuot xizmatiga ehtiyoji borligini nahotki hokimlarning o‘zi sezmaydi.

– Ba'zilar sezyapti, menimcha. Men buni juda ko‘p viloyat hokimlariga aytganman, tanqidimni. Matbuot hizmati yaxshi ishlamayotgani, qilinayotgan ishlarni ko‘rsatib bera olmayotgani va ko‘rsatayotganlari faqat salbiy ta'sir ko‘rsatayotganiga ko‘p e'tibor berdim. Lekin bilmadim, o‘sha dunyoqarash shakllanib bo‘lganidanmi, qaysidir masalalarda o‘zining prinsipiga ega bo‘lgani uchun yangi prinsipga qo‘shilmasligi ham bor. Yangi auditoriyada asosiy urg‘u erkinlikka berilmoqda. Iloji boricha, samimiy, ochiq ko‘rsatish. Eski tendensiyada bilsangiz, hammayoq rasmiy shablonda yoritilishi, eng boshlanishi «yurtimizda yaratilayotgan, mustaqillik berayotgan», o‘sha paytlar UZA'ning formati deydigan bo‘lsak, hozir mana u ham o‘zgardi. Menimcha, shu formatda yoritilishi ko‘pchilikka yoqmaydi.

– Yoritilishini qo‘ying. Bir xato ortidan uni xaspo‘shlashda ikkinchi xatoga yo‘l qo‘yish masalasi surunkali davom etmoqda.

Balki. Lekin siz xato deb o‘ylayotgan narsani o‘sha odam o‘zi xato deb o‘ylamas. Muammo balki shundadir.

– Maummo aynan shunda. Mana siz men o‘sha piar jamoa rahbari bo‘lganimda men bunday qilmasdim, degan fikringiz borligiga yuz foiz ishonaman. Boshqacha ishlardingiz. Gap shunda. Mayli, mavzu juda cho‘zilib ketdi. Kimgadir qora chaplash uchun emas, hozir O‘zbekistonda tendensiyaga aylanib qolgan rahbarlarga bo‘lgan salbiy qarashlar haqida biroz fikrlashgan bo‘ldik.

– Lekin bir narsani aytib o‘tmoqchiman. Hozir faqatgina piarda yaxshi ko‘rinib, ishlamayotgan rahbar ham ko‘p-da. Shuni ham hisobga olaylik. Bizda, mayli, ismini aytmay, juda ko‘p rahbarlarni bilaman, hozir jamoatchilik oldida o‘z obro‘siga ega. Juda yaxshi ishlagan piar masalasida. Agar siz qandaydir tanqid bilan chiqadigan bo‘lsangiz, tezda uning tarafdorlari, blogerlar deymizmi...

– Trollar fabrikasi.

– Trollar tezda paydo bo‘ladi-da, fikringizni buzishga yoki sizni boshqacha ko‘rsatishga harakat qilishadi. Shaxsan o‘zim taniydigan rahbarlar bor.

– Men ham taniyman.

– Aslida, uning ish jarayonini olsak, fidoyiligini, eng muhimi, yuragida maqsadi xalqning manfaatini ilgari surish nuqtayi nazaridan qaraydigan bo‘lsak, ulardan mana shu piarni qila olmayotgan qattiqqo‘l rahbarlarning «o‘lsa, o‘ligi ortiq» deb o‘ylayman. Chunki hech bo‘lmasa ular xalqning haqini yemaydi. To‘g‘ri, ularning ishlash prinsipi noto‘g‘ri, hali ham qattiqqo‘llik, qo‘polligi bor, lekin hech bo‘lmasa, ularni tili yomon bo‘lgani bilan, ichi to‘g‘ri deb bilaman-da. Hamma narsani piarga yo‘naltirib yuborishimiz ham noto‘g‘ri.

– Yo‘q, biz bu yerda oltin o‘rtaliq haqida gaplashyapmiz. Narigi tomonni ham yoki bu tomonni ham farishta yoki iblis qiyofasida ko‘rsatish emas. Xatolar haqida va mavjud ssenariylar haqida fikrlashib ko‘rdik. Endi, siz ham rahbarsiz, boshladingiz. Menga qiziq emas, siz kareristmisiz, yo‘qmi, buni yigirma yildan keyin ham yashab tursak, ko‘raveramiz. Menga qizig‘i, siz yigirma yildan keyin qanday rahbar bo‘lishingiz. Mana shu qiziq, agar rahbar bo‘lsangiz. Endi hozirgi paytda deputat bo‘lganingizdan keyin, sizning piar guruhingiz, matbuot xodimingiz yo‘q bo‘lsa ham, o‘zingiz borligingiz. Siz, Rasul Kusherbayev, Nodir Jumayev, adashmasam. Shu uch-to‘rt nafar, shu doim quloqqa chalinib turadigan yosh yigitlar bor, deputatlar. Kurashasizlar doim. Xalqni qiynaydigan muammolarni olib chiqasizlar...

– Imkon qadar.

– Ha, imkon qadar. Mana bu tomondagi auditoriya ikkiga bo‘lingan. Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatsak, «Doniyor molodets», «Rasul molodets», «Bizning yigitlar», «Zamonaviy yigitlar» degan fikrlilar bor. Ikkinchi tomonda, «ular trollarmi, bular populist-ku, hammasi ikki-uch og‘iz gapirishadi-da, o‘zi hech narsaga erishishmaydi, shu bilan ketaveradi» deydigan tomon ham bor. Ikkala tomon ham og‘zini yopishi shartmas, buni mendan yaxshi bilasiz. Erkin jamiyat – erkin so‘z. Asosiysi, siz qilayotgan ish qiyinmasmi? Bosim, deputat bo‘lish va qiyinmasmi, degan savolimning ikkinchi qismi ham bor. Hozir bunga javob berganingizdan keyin.

– To‘g‘risini aytaman, boshida biroz qiyin bo‘ldi. Ya'ni «UzAuto Motors»ga oid video tarqalgandan keyin istasam-istamasam, jamoatchilikning ko‘ziga tushib qoldim. Ijtimoiy tarmoqlarda fikrlarimizni odamlar kuzatadigan, izoh beradigan va qo‘llab-quvvatlaydigan bo‘lishdi. Boshida o‘sha narsa sizga yoqarkan. Ya'ni men birinchi marta kiryapman bu jarayonga, siz keyin xayolingizda imkon qadar insonlarga yoqadigan gapni gapirish yoki izohlarni o‘qib, kim-nima yoqmayapti, kim nima fikr bildiryapti, shunga moslashishga harakat degan tushuncha bo‘larkan. Men buni rad etmayman. Bu boshida bo‘ldi. Imkon qadar yangi mavzu topib gapirsamki, hammaning e'tiborini jalb qiladigan, odamlarga yoqadigan degan fikr bo‘ldi. To‘xtamay komment o‘qish bilan ham vaqtimni uvol qildim, ham kasallikka o‘xshash holat bo‘ldi. Bu fazadan ham o‘tdim, menimcha. Bu narsa bilan, ya'ni jamoatchilikning fikri bilan boshqarilish bu noto‘g‘ri.

Bunaqada hech qayoqqa yetib bormaysiz. Chunki baribir hammani xursand qila olmaysiz. Bu imkonsiz. Umuman unday narsaga e'tibor bermay qo‘ydim. O‘sha ijtimoiy tarmoqda bo‘ladimi, boshqa bo‘ladimi, o‘zim nimani to‘g‘ri deb bilsam, o‘zimning nima qilishga kuchim yetsa, shuni qilishga harakat qilyapman. Lekin shu bilan birga ijtimoiy tarmoqlarda, ommaviy axborot vositalarida doimiy ko‘rinib turish va jamoatchilikning qaysidir ma'noda qo‘llab-quvvatlashini ushlab turish ham muhimligini bilaman. E'tirozlar kelib chiqishining asosiy sababi deputatlar baribir qo‘limdan hech narsa kelmaydi deb, aslida ham shunday. Bizning qonunchilikda, to‘g‘ri, parlamentning vakolati bor, lekin deputatni individual oladigan bo‘lsangiz, deputatlik to‘g‘risida richag yo‘q. Biror bir narsaga erishgan taqdirimizda ham jamoatchilikning fikrini qaysidir tomonga burib, jamoatchilikni qaysidir mavzuni muhokamasiga olib chiqish orqaligina biroz siljishga erishishimiz mumkin. Ularning qo‘llovi orqali. Chunki o‘zimizning baribir qo‘limizdan hech narsa kelmaydi.

– Xalq sizga yelkadosh, siz xalqqa yelkadosh, shunaqa bo‘ladi. O‘sha xalq foydalanuvchilar, sizni tomosha qilayotgan odamlar, umuman O‘zbekiston, qo‘pol qilib aytganda, mana keling, ijtimoiy tarmoqlarda «Doniyor zo‘r, Rasul zo‘r» deyayotganlarning ko‘pchiligi popkorn olib, kinoteatrda o‘tirgan odamlar. Ertaga sizga qo‘ltiq bo‘lolmaydi hech qaysisi, biror muammo tug‘ilsa. Ular faqat ijtimoiy tarmoqlarda, erkanlarda qarsakka... Ularning aybi emas bu. Bizda shunday shakllanib qolgan. Biz birlasha olmaymiz, biz chiqolmaymiz kim uchundir turib berishga qo‘rqamiz o‘zimizdan. Nimaga qo‘rqamiz, yana o‘sha mavzuga qaytamiz, oilamiz bor, bola-chaqamiz bor.

– Qadriyatlarimiz, mentalitetimiz.

– Endi qo‘rqmaysizmi, degan narsamning ikkinchi tomoni shu mavzuning davomi. Kun kelib, bu rutbadan tushdingiz, karera qilasizmi, yo‘qmi, bu ham noma'lum. Chetga ketasizmi, yo‘qmi, bu ham noma'lum. Deputat Doniyor G‘aniyev yoki falon joyda amaldor Doniyor G‘aniyev emas, oddiy Doniyor G‘aniyevsiz. Biznesmen Doniyor G‘aniyevsiz. Shu deputatlik paytingizda kimnidir dumini bosib qo‘yasiz, xohlasangiz-xohlamasangiz shu jarayonda, shu ishingizda. Kun kelib, oddiy odamga aylanganingizda sizdan o‘ch oladi, kek saqlab qo‘yadi kimdir. “Shu meni asabimga tegdi”, “Shu meni tirikchiligimga tomib turgan joydan ayirdi”, “Qachondir mening nomimni yomon otliq qildi”, “Qachondir shu bolani deb men O‘zbekistondan chiqib ketganman” va hokazo. Qo‘li uzun odamlar ko‘p-ku. Qasosdan qo‘rqmaysizmi?

– Men buni hech o‘ylamagan ekanman, masalan. Ana endi o‘ylayapman, bilmadim.

– Balki, siz bilmassiz.

– Balki, men bilmasman. Uzoq yil tashqarida yashab, mening dunyoqarashim boshqami? Bo‘lishi mumkin. Balki menga qaysidir joyda kimnidir bilib-bilmay yomonlik qilib qo‘ygan joyim oqibatida qaysidir imkoniyat eshigini yopishim mumkin. Hayotda bo‘ladi.

Bobur Akmalov suhbatlashdi

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid