Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Andijonda eksportchi korxona gazdan uzildi. Tadbirkor eksport shartnomasini endi qanday bajaradi?
Cho‘yan qozonlarini ishlab chiqarish va ularni eksport qilishga ixtisoslashgan, mamlakatdagi kam sonli korxonalardan biri Asaka shahar gaz ta'minoti idorasi tomonidan gaz tarmog‘idan uzib tashlandi. Tadbirkorga bir necha yuz ming dollarlik eksport kelishuvlarini bajara olmay qolish va eng yomoni, xorijlik xaridorlarini yo‘qotish ehtimoli xavf solmoqda.
Sarlavhani o‘qib: «Sovuqda tabiiy gaz aholiga yetmayapti-ku, korxonani qo‘ying!» deyishingiz mumkin. Ammo tadbirkorlik, bu – ish o‘rinlari, aholi ehtiyojining qondirilishi, budjetga soliqlar demakdir. Agar u eksportchi bo‘lsa, mamlakatga valuta olib kirishi bilan ham katta ahamiyatga ega.
Muammoli vaziyatda qolgan «Qayta ishlash anjom» MChJ Andijon viloyatining Asaka tumanida joylashgan bo‘lib, cho‘yan qozonlar ishlab chiqaradi va xorijga eksport qiladi.
Tsexda 20 nafar ishchi cho‘yan eritish, qozon quyish va tayyor mahsulotga ishlov berish bilan band. Korxonada kuniga 50–60 tadan, oyiga esa ikki mingtaga yaqin qozon tayyorlanadi.



Tadbirkor ayni paytda Rossiyadagi hamkorlari bilan 300 ming dollarlik eksport shartnomasiga ega. Bu esa majburiyat degani.
14 noyabr kuni 11 ming dollarlik mahsulot jo‘natilgan. Oyning oxirida yana 11 ming dollarlik mahsulot tayyorlanib, eksportga chiqarilishi kerak. Lekin 19 noyabr kuni Asaka shahar gaz ta'minoti idorasi vakillari kelib, korxonani tarmoqdan uzib ketishdi.

«Shu oyning 28-sanasiga eksportga katta miqdorda mahsulot chiqarishimiz kerak. Lekin 19 noyabr kuni gazimizni uzib ketishdi.
Asaka shahar hokimligiga murojaat qildik. Ularga rahmat, harakat qilishdi. Lekin shahar gaz idorasi ularning gapini inobatga olmadi. Viloyat hokimligiga borib, eksport bilan shug‘ullanadigan bo‘limga kirdik. Ular ham telefon qilib: «Korxonaning eksporti bor, gazini yoqib beringlar», deyishdi. Natijasi bo‘lmadi.

Aholiga gaz yetmagani sababli gaz ta'minotini qisqartirish haqida buyruq bo‘lgan ekan, shunga asosan gazimizni uzib qo‘yishibdi. Shu bilan ishlab chiqarishimiz to‘xtayapti. Holbuki, biz viloyat hokimligining eksportyorlar ro‘yxatida bormiz. Gaz yo‘qligi sababli ishimiz to‘xtab, Rossiya bilan tuzgan shartnomamiz bekor bo‘lishi mumkin», – deydi korxona ish yurituvchisi Azizbek Isaqov.

U gaz to‘lovlari muntazam ravishda to‘lab kelinayotgani, MChJning gazdan qarzi yo‘qligini qo‘shimcha qildi.
Muammo yuzasidan izoh olish maqsadida «Hududgaz Andijon» gaz ta'minoti filialiga borib, filialning yuridik shaxslarga tabiiy gaz yetkazib berish bo‘limi boshlig‘i Jahongir Qosimov bilan suhbatda bo‘ldik.

«Hududgaz Andijon» gaz ta'minoti filiali tomonidan isitish mavsumi boshlangani munosabati bilan aholi va ijtimoiy soha obektlariga bir me'yorda tabiiy gaz bosimini yetkazib berish bo‘yicha bir qancha tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Bu bo‘yicha qish mavsumida tabiiy gaz yetkazib berish kafolatlanmagan ulgurji iste'molchilar – oshxonalar, choyxonalar, bufetlar, ofislar va boshqa ishlab chiqarish korxonalari tabiiy gaz tarmog‘idan to‘xtatilmoqda.

Asaka tumanidagi «Qayta ishlash anjomi» xususiy korxonasiga ham tabiiy gaz yetkazib berish to‘xtatildi. Ushbu ishlab chiqarish korxonasi bilan 2020 yil 12 avgust kuni o‘zaro tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolangan bo‘lib, shartnomaning 2-bob 2.4 bandida ham qish mavsumida, ya'ni isitish mavsumi boshlangan davrda tabiiy gaz tarmog‘idan to‘xtatilib, qo‘shimcha yoqilg‘iga o‘tkazish bo‘yicha bandlar belgilab berilgan.
Ushbu iste'molchiga tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha texnik shartga asosan, qish davrida isitish mavsumi boshlangandan so‘ng tabiiy gazdan foydalanmaslik, qo‘shimcha yoqilg‘i zaxirasini jamg‘arish bo‘yicha talablar qo‘yilgan.


Ushbu iste'molchiga taqdim qilingan texnik shart hamda tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnoma talablariga rozi bo‘lganidan so‘ng ushbu iste'molchi bilan shartnoma imzolangan», – deydi «Hududgaz Andijon» rasmiysi.
Energetika vaziri Alisher Sultonovning buyrug‘i bilan shu yilning 26 oktyabridan boshlab Toshkent shahridagi tadbirkorlar tabiiy gaz yetkazib berish cheklanishidan ogohlantirilgandi. Vazirlikning tashabbusi keyinchalik mahalliy boshqaruv organlariga ham qo‘l kelib, tadbirkorlik sub'yektlari, xususan restoran, kafe, avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari va turli ishlab chiqarish korxonalariga yetkazib berilayotgan yoqilg‘i kamaytirildi, yo batamom to‘xtatildi.
«Hududgazta'minot» AJ boshqaruv raisi Bahodir Eshmurodovning ma'lum qilishicha, tadbirkorlik sub'yektlarida cheklov asosan o‘choq bilan bog‘liq narsalarga bo‘lyapti.
«Somsa yoki boshqa narsalar pishirishyapti. Oqilona foydalanish darajasi past bo‘lgan, isrofgarchilik juda katta bo‘lgan joylarda cheklov bo‘lyapti», – dedi u.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: «Qayta ishlash anjomi» xususiy korxonasi rahbarining «Hududgazta'minot» taklif etgan shartnoma shartlariga ko‘nmasdan boshqa tanlovi bo‘lganmi?
Monopolist tashkilot vakillari shartnomani pesh qilguncha, uning bandlari tadbirkorlar uchun nobop ekanini tan olishlari lozim emasmi?
Ayni chog‘da, dunyo bozorida tabiiy gazga talab kamayganiga qaramay, O‘zbekiston ichki bozorida taklif ko‘paymagan.
2020 yil yanvar-oktyabr oylarida tabiiy gaz qazib olish o‘tgan yilgi 50,1 milliard kub metrdan 40,4 milliard kub metrga tushib qolgan. Gaz kondensati qazib olish hajmi ham sezilarli (1,7 mln tonnadan 1,1 mln tonnaga) kamaygan.
Mamlakat energetika sohasi mas'ullarida aholi savollariga, yillardan beri so‘raladigan «Qachon?!» so‘rog‘iga aniq javob bormikin? Eng elementar sharoitlar – gaz va elektr energiyasi muammo bo‘lgan joyda, tadbirkorlarga yaratilgan sharoitlar haqida axir qanday qilib jar solish mumkin?



Elmurod Ermatov,
Ahrorbek Yoqubjonov.
Mavzuga oid
22:14 / 27.05.2025
«Nasaf» «Andijon»ni mag‘lub etib, O‘zbekiston Superkubogi egasi bo‘ldi
23:01 / 26.05.2025
Andijonda daraxt Cobalt ustiga qulab tushdi
19:26 / 26.05.2025
Andijonda tanishlari orqali 100 ming dollar kredit olib berishni va’da qilgan shaxs ushlandi
16:08 / 24.05.2025