«Chempion hikoyalari». Biz bilgan va bilmagan Diyego
Kechadan beri barcha nashrlar Diyego Maradona siymosi haqida avvaldan ma'lum bo‘lgan yoki noma'lum faktlar bilan o‘rtoqlashishyapti. Go‘yoki katta futboldan ancha uzoq bo‘lib, chetda qolgan Diyego yana futbolga qaytgandek. Ammo bilasizmi, u aslida doim futbol ichida bo‘lgan. Shunchaki, bugungi jamoalar, sovrinlar, chempionatlar, o‘yinlarga aloqasi bo‘lmagan, xolos. Futbolni bir butun deb oladigan bo‘lsak, u doim Maradona bilan birga, Maradonaga muhtoj, Maradonasiz tasavvurga sig‘maydi. Quyida futbol afsonasi bilan bog‘liq bir qator «tesha tegmagan» faktlar havola qilinadi.
Maradonaning hech kim tanimagan ustozi
Maradonaning kumiri – braziliyalik yarimhimoyachi Rivelino, lekin eng zo‘r sifatida deyarli hech kim bilmaydigan futbolchini e'tirof etgan.
«Uning driblingi, aniq paslari va qaytarib bo‘lmas zarbalari menga o‘rnak bo‘lgandi», – degandi bir paytlar Diyego.
Rivelinoning o‘zi futbolni tark etayotib, ushbu so‘zlar uchun Maradonaga minnatdorchilik bildirgan, lekin tarixdagi eng zo‘r futbolchi deb Peleni aytgandi.
Diyego faoliyatidagi yana bir kumir, aniqrog‘i, dunyoda o‘zidan ham zo‘r o‘ynashini tan olgan yagona futbolchi esa argentinalik Tomas Karlovich bo‘lgandi. Ulkan iste'dod sohibi bo‘lgan Karlovich shuhratni uncha yoqtirmagan va juda ko‘p takliflarni rad qilgandi. Natijada u deyarli butun faoliyatini Argentina futboli tubida o‘tkazgan.
– Dunyoning eng zo‘r futbolchisi bo‘lish qanday hissiyot? – deb so‘rashgandi 1993 yilda Diyegodan.
– Dunyoning eng yaxshi futbolchisi allaqachon Rosarioda o‘ynagan. Uning ismi Tomas Karlovich, – deb javob beradi u.
2019 yilning fevralida «Ximnasiya La Plata» murabbiyi sifatida jamoasini Rosarioga olib borgan Maradona Karlovich bilan uchrashishni unutmadi. Ustoz va shogird ancha iliq suhbatlashishdi.
«Diyego, men endi xotirjam bu dunyoni tark eta olaman, armonim yo‘q. Sen mening hayotimdagi eng buyuk insonsan», – deydi qariya. Bu voqeadan bir yildan ko‘proq vaqt o‘tgach, 2020 yilning may oyida Karlovich vafot etdi.
«Pele qirol emas»
Diyego shunday degandi: «Ruhiy kasalliklar shifoxonasida yotganimda biri o‘zini Napoleon hisoblardi, boshqasi San-Martinman, deb o‘ylardi, lekin men o‘zimni Maradona desam, hech kim ishonmagan. Umuman, kim yaxshi o‘ynagan: menmi yoki Pele? Bu mavzuda bahslashish ham shart emas. Hammaga ma'lumki, men yaxshiroq bo‘lganman».
Ikki Diyego
Maradonaning fizioterapevti Fernando Sinorini bolalikdagi Diyego bilan mashhurlik cho‘qqisiga chiqqan Diyegoni solishtirib, shunday degandi: «Suhbatlashayotganingda, sen Buenos-Ayresda katta bo‘lgan, kamtargina, onasining so‘zidan chiqmaydigan Diyegoni ko‘rasan. Bundan tashqari, Maradona bor – umuman o‘zining ishtirokisiz paydo bo‘lgan personaj. Diyego uchun dunyoning u burchagiga borishga tayyorman, ammo Maradona tomon bir qadam ham tashlamagan bo‘lardim»
Maradona 13 yoshidan mehnat qilishga majbur bo‘lgandi
Diyego hatto politsiya uchastkasi bo‘lmagan kambag‘al rayonda ulg‘aygan. Ichki ishlar vazirligi u yerda nazorat punkti qurishni ham istamagan, chunki bir kun o‘tib yoqib yuborilishiga amin edi. Maradonaning oilasi yarmi buzilgan bir uyda yashardi. Ota qo‘liga ilingan narsalardan foydalanib, shunchaki, boshpana qurib olgandi. Masalan, yuvinish uchun ko‘chadan bir necha butilka va chelaklarda suv to‘ldirib kelish talab etilardi.
«Men bugun yemayman, oshqozonim og‘riyapti», – derdi Diyegoning onasi ko‘pincha. Maradona doim buni oddiy qabul qilib kelgan, ulg‘aygach esa, aslida shunchaki, uyda taom bo‘lmagani, bolalari och qolmasligi uchun ona ovqatdan voz kechganini anglab yetgan.
13 yoshida Diyego dezinfeksiyalovchi bir kompaniyaga ishga kiradi. Har kuni ertalab soat 7:00da uning qo‘liga bir paket berishar, bolakay uylarning yerto‘lalariga tushib, hasharotlar ko‘p joylarga dori sepib chiqardi. Diyego ilk maoshiga onasini pitsseriyaga tushlikka olib borgan.
Fidel Kastro va Che Gevara izidan
Maradona Fidel Kastro va Che Gevaraning muxlisi bo‘lgan. Bu insonlar uni to‘lqinlantirar, Diyego ularga o‘xshashni orzu qilardi. Neapolga kelganida shahardagi kambag‘al odamlarga yo‘lboshchi bo‘lish maqsadi ham bo‘lgandi.
«Men qashshoq janubning boy va kuchli shimolga qarshi bayrog‘i edim», – deydi u Italiyaning azaliy qarama-qarshiligi haqida.
«Barselona»ning «Bernabeu»da olqishlangan ilk futbolchisi
Diyegoni hatto raqiblar ham yaxshi ko‘rishardi. 1983 yilda «Barselona» safida u «Real» darvozasini ishg‘ol qildi. «Santyago Bernabeu»dagi Ispaniya kubogi finali edi. Gol juda masxaraomuz urilgan bo‘lib, Maradona darvozabon va himoyachini dog‘da qoldirib, to‘pni darvoza chizig‘idan yumalatib qo‘ygandi.
Shu darajada chiroyli chiqqan ediki, odatda Kataloniya tomonini hech qachon olqishlamagan madridliklar ham o‘zlarini tutib tura olmadilar. Bundan keyin «Bernabeu»ning e'tiboriga «Barselona»ning yana ikki futbolchisi Ronaldino va Andres Inesta sazovor bo‘lgan.
Qo‘l bilan gol urish yangilik emasdi
Maradona o‘sha mashhur golidan avval ham qo‘li bilan gol urgan.
Bu voqea «Argentinos Xuniors» tarkibidagi o‘yinlaridan birida sodir bo‘lgan. Bu gol haqida qahramonimiz shunday degan: «Raqib futbolchilari bir bo‘lib hakamga tashlanishdi, lekin hakam qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yib, golni inobatga oldi. Bilaman, bu yaxshi emas, ammo qaror qabul qilayotganda sokin va xotirjam holat boshqa, jang o‘chog‘ida bo‘lgan paytingda esa, nima qilib bo‘lsa ham to‘pga teginishni istaysan – hammasi beixtiyor sodir bo‘ladi».
Meksikadan so‘ng
JCh-1986 tugagach, u bir necha kunni uyquda o‘tkazdi va faqat pechene yedi.
Maradona uyga emotsional toliqqan holatida qaytdi. U uyiga qamalib olib, kunlab uyqudan bosh ko‘tarmadi. Diyegoning himoyachisi rolini onasi qoyilmaqom ijro etdi. Futbolchining tanishlari, do‘stlari, jurnalistlar oldiga yaqinlasha olmadilar. Ona har kuni Diyegoga pechene va sut tashidi. Boshqa narsa kerak emasdi.
Eng qimmatbaho tosh
Bir kuni Maradona qadrdon ona-shahri Vilya Fioritoga keladi va temiryo‘l vokzalida o‘sha shahar nomi yozilgan joyda, «O» harfi ichiga imzosini qoldiradi. Tabiiyki, bir necha soat o‘tmay, bundan asar ham qolmadi, yozuvni ko‘chirib olishdi. Hech qachon bir parcha tosh bu qadar qimmat bo‘lmagandi.
«Santos» klublar qiroli bo‘lishi mumkin edi
Bu ham qiziq, o‘z vaqtida, 25 yil muqaddam Maradona Pelening qadrdon jamoasi «Santos»ning o‘ynovchi murabbiyi bo‘lishi mumkin edi. Braziliya klubi Maradonaning transferi uchun har qanday mablag‘dan voz kechishga tayyor bo‘lgan.
Yakunda tomonlar kelisha olmaydi. 1998 yilda bu masala yana kun tartibiga chiqdi, ammo bu safar ham ish o‘xshamagan.
Maradona va uning farzandlari
«Mening qonuniy farzandlarim – Dalma va Janina. Qolganlari mening pullarim va xatolarim oqibati», – degandi Diyego.
Ammo keyinchalik u boshqa farzandlarini ham tan oldi. Uch nafari Kubada, Diyego 2003-2005 yillarda giyohvandlikdan davolanayotgan paytida tug‘ilgan. Bundan tashqari, bir qator sud mahkamalaridan so‘ng, Maradona 32 yoshli Diyego Junior hamda 22 yoshli qiz Janani ham o‘z farzandi sifatida tan oldi. U ma'lum vaqt ko‘rishib yurgan bir qizdan ham farzand dunyoga kelgan. Demak, hammasi bo‘lib unda sakkiz nafar qonuniy tan olingan bola bor.
Diyegoning ilk mehmoni yoki qabr toshidagi yozuv
O‘n yillar oldin Diyego Argentinada La noche del 10 nomli tok shou muallifi bo‘lgan va ko‘rsatuvda ilk mehmon sifatida Pele tashrif buyurgandi. Efir paytida futbol qiroli tom ma'nodagi hamkasbi haqida ancha iliq fikrlar bildirgan. Pele Diyegoni narkotiklar tufayli qamalib qolgan o‘z o‘g‘liga namuna sifatida e'tirof etgandi.
«Sen bu kurashda g‘olib chiqqaning uchun, o‘g‘limga ham o‘rnak bo‘lishing kerak, deb o‘ylayman. Sening bu dasturingda butun dunyoda millionlar tomosha qiladi, demak, buning yordamida odamlarga yordam berishimiz mumkin», – degandi braziliyalik qirol.
Shu ko‘rsatuvning boshqa sonlaridan birida Diyego o‘zidan o‘zi ham intervyu olgan.
– Agar Maradonaning ta'ziya marosimiga borib qolsak, nimalar degan bo‘lar eding, – deb so‘raydi Maradona Maradonadan.
Maradona javob bergandi:
– Futbol o‘ynaganing uchun rahmat. Buning uchun sendan minnatdorman, zero, aynan sport menga erkinlik va quvonch taqdim qildi, bu xuddi barmoqlaring bilan osmonga tegingandek hisni beradi. To‘pdan ham minnatdorman. Qabr toshlari ustiga aynan shu so‘zlarni yozilishini istayman – «Rahmat senga, To‘p».
Mavzuga oid
21:12 / 06.01.2024
Italiya sudi Maradonadan soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik ayblovini olib tashladi
01:43 / 30.12.2022
«Alvido, Qirol». Pele merosi haqida
22:03 / 14.10.2022
Maradona 1986 yilda qo‘li bilan gol urgan o‘yindagi to‘p auksionga qo‘yildi
07:43 / 23.06.2022