O‘zbekiston | 11:38 / 26.11.2020
8179
7 daqiqa o‘qiladi

“O‘zkimyosanoat” “Dehqonobod kaliy zavodi” qurilishida qatnashgan ishchilar maoshi bo‘yicha bayonot berdi

Kun.uz saytida “Dehqonobod kaliy zavodi qurilishida qatnashgan yuzlab ishchilar yetti yildan beri maoshini ololmayapti. Aksincha, ularni “formalilar” qo‘rqityapti” sarlavhali maqola e'lon qilingandi. “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati o‘z tizimidagi “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ faoliyatiga daxldor bu masala yuzasidan e'lon qilingan maqola bo‘yicha “O‘zkimyosanoat” AJ quyidagilarni ma'lum qildi.

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 17 noyabrdagi “Dehqonobod kaliy o‘g‘itlar zavodi ishlab chiqarish quvvatini oshirish

(II bosqich)” investitsion loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-1642-sonli qarori asosida “Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi” UK bilan Rossiya Federatsiyasining “ZUMK-Injiniring” MChJ o‘rtasida shartnoma imzolangan. Tuzilgan shartnomada “ZUMK-Injiniring” MChJ “Tog‘-kon majmua”si, “Osma yuk tashish kanat yo‘li” va VL-110 kVa energiya ta'minoti inshootlarini “kaliti bilan topshirish” (“pod klyuch”) ko‘zda tutilgan.

“ZUMK-Injiniring” MChJ loyihani amalga oshirish jarayonida Rossiya hamda O‘zbekistondan mutaxassis va ishchilarni shartnoma asosida ishga qabul qilgan.

Ijtimoiy tarmoqda “Dehqonobod kaliy zavodi qurilishida qatnashgan yuzlab ishchilar 7 yildan buyon maoshini ololmayapti” rukni bilan e'lon qilingan maqola bo‘yicha ta'kidlash lozimki, mahalliy fuqarolardan qarzdorlik “Dehqonobod kaliy zavodi” AJdan emas, balki o‘sha vaqtda pudratchi tashkilot bo‘lgan Rossiyaning “ZUMK-Injiniring” kompaniyasi va fuqarolar o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasi bo‘yicha yuzaga kelgan.

Shu bilan birga, “Dehqonobod kaliy zavodi” qurilishi Direksiyasi pudratchi “ZUMK-Injiniring” kompaniyasiga bajarilgan ishlar bo‘yicha to‘lovlarni to‘liq amalga oshirib borgan. Lekin “ZUMK-Injiniring” kompaniyasi bu to‘lovlardan yollangan ishchilarning oylik maoshlarini to‘liq to‘lab bermagan.

Bundan tashqari, “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ “O‘zkimyosanoat” AJ bilan birgalikda “ZUMK-Injiniring” kompaniyasining sobiq ishchilarining to‘lanmasdan qolgan oylik maoshlarini o‘z egalariga qaytarish bo‘yicha 2014 yildan buyon muntazam ravishda barcha yuridik va tashkiliy choralarni ko‘rib kelmoqda. Buning uchun “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ o‘z mablag‘lari hisobidan xalqaro darajaga ega bo‘lgan “White & Case” (AQSh) yuridik kompaniyasini jalb qildi.

Ayni paytda “White & Case” kompaniyasi bilan birgalikda Rossiya Federatsiyasining turli miqyosidagi sudlarida jami 205 nafar – sudning undiruv qarorlari mavjud bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarining “ZUMK-Injiniring” kompaniyasidan ish haqini undirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Ish haqi undirish masalasi bo‘yicha bir nechta sud jarayonlari o‘tkazilib, sud ishlari hali ham davom ettirilmoqda.

2018 yil 25 iyun kuni Rossiya Federatsiyasining Perm viloyati Arbitraj sudining ajrimiga ko‘ra, “ZUMK-Injiniring” kompaniyasi bankrot bo‘lganligi munosabati bilan hozirgi paytda konkurs boshqaruv asosida tugatish ishlari olib borilayotgan bo‘lib, kompaniyaga tegishli mol-mulklar o‘rnatilgan tartibda baholanib, sotuvga qo‘yilishi lozim va sotuvdan tushgan mablag‘lar “ZUMK-Injiniring”ning mavjud barcha qarzdorliklarini ketma-ketlik so‘ndirishga yo‘naltirishi belgilangan.

Ishchi xodimlarning qarzdorligini undirish yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida 2018 yilning iyun oyida “ZUMK-Injiniring” kompaniyasidan 561 319 335 so‘m undirilib, shu summaning 380 367 052 so‘m soliq qarzdorligi uchun Dehqonobod tuman DSI foydasiga va 173 276 680 so‘mi esa ishchi xodimlarning har biriga teng taqsimlangan holda ish haqi va moddiy zararlarning 10 foizi miqdorida to‘lab berilgan.

Shu kunga qadar, “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ tomonidan “White & Case” xalqaro yuridik kompaniyasi bilan birgalikda ishchi xodimlarning ish haqini undirish yo‘nalishi bo‘yicha 14 ta sud jarayonlarida ishtirok etilib, ishchi xodimlarning manfaatlari himoya qilindi.

Rossiya Federatsiyasidagi sud jarayonlari nihoyasiga yetishi natijasida va “ZUMK-Injiniring” kompaniyasiga tegishli mol-mulklarining sotuvidan tushgan mablag‘lar kreditorlar reyestri asosida qarzdorliklar so‘ndirilishi belgilangan va o‘rnatilgan tartibda kreditorlarning reyestr va joriy talablari asosida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Ayni kunlarda ko‘rsatib o‘tilgan 3 ta fuqaroning joriy talablari jami 90 717.92 rubl yoki 12400232.48 so‘m miqdorida qo‘shimcha foizlari bilan to‘liq undirilishi ta'minlandi.

Rossiya Federatsiyasi qonunchiligida belgilanganligi bo‘yicha, birinchi navbatda joriy talablar va keyin reyestr talablari to‘lab berilishi ko‘zda tutilgan. Bizning fuqarolarimizning 3 tasi joriy talablar sifatida, qolgan 202 tasi reyestr talablari sifatida ro‘yxatga olingan.

Bugungi kunda konkurs boshqaruvchisi “ZUMK-Injiniring” kompaniyasining mol-mulklarini sotishni davom ettirmoqda va sotuvdan tushgan mablag‘larni kreditor qarzdorlarga qo‘shimcha foizlari bilan tasdiqlangan navbat asosida to‘lanishini amalga oshirmoqda.

Shu bilan birga oldin “ZUMK-Injiniring” MChJda ishlagan ishchi xodimlarni ijtimoiy himoya qilish maqsadida ulardan 55 nafari “Dehqonobod kaliy zavodi” AJga ishga olingan”, – deyiladi “O‘zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati taqdim etgan jamiyat munosabatida.

Mavzuga oid