Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Putin har yilgi katta matbuot anjumanini 17 dekabrda masofadan o‘tkazadi
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning har yilgi katta matbuot anjumani joriy yilda 17 dekabrda o‘tkaziladi. Bu safar anjuman koronavirus pandemiyasi sababli yuzaga kelgan murakkab epidemiologik vaziyat sababli videoanjuman shaklida o‘tadi.
Putin OAV vakillari bilan masofadan turib suhbatlashadi. Rossiya va xorijiy OAVlar xodimlari Rossiya prezidenti bilan suhbatlashish uchun Moskvadagi Xalqaro savdo markazida yig‘ilishadi. Putinning o‘zi esa koronavirus sababli yuqori xavfsizlik choralari amal qilayotgan Novo-Ogarevodagi qarorgohidan aloqaga chiqadi.
Hududiy OAVlar uchun har bir federal okrugda maxsus maydonlar tashkillashtiriladi. Anjuman ishtirokchilari soni Rospotrebnadzor talablari hisobga olingan holda cheklanadi.
Putin bilan matbuot anjumanda ishtirok etishni istovchi jurnalistlar 29 noyabrdan 2 dekabrgacha akkreditatsiyadan o‘tishlari kerak bo‘ladi.
Sentyabrda Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov 2020 yilda Rossiya rahbarining rossiyaliklar bilan an'anaviy muloqoti - “Putin bilan jonli muloqot” bo‘lmasligini ma'lum qilgan. Peskov buni joriy yildagi sharoitlar sababli Putin jonli muloqotni yilning oxirgi oylarida o‘tkaza olishini, shu sababli uni an'anaviy shaklda o‘tkazish “ortiqcha” bo‘lishini aytgan.
Biroq ta'kidlanishicha, bunga boshqa sabablar ham bor. Jumladan, Putin bilan 2019 yil iyunda o‘tkazilgan oxirgi “jonli muloqot” reytingi oxirgi 8 yil ichidagi eng pasti bo‘lgan. Mediascope ma'lumotlariga ko‘ra, “jonli muloqot”ni televizor orqali bor-yo‘g‘i 5,3 mln kishi tomosha qilgan, uning reytingi esa 7,6 foiznigina tashkil qilgan.
Putin o‘shanda 4 soat 7 daqiqa davom etgan muloqotda 81ta savolga javob berishga ulgurgan. “Levada-sentr” muloqotdan keyin o‘tkazgan so‘rovnomaga ko‘ra, 48 foiz rossiyaliklar muloqot vaqtida ko‘tarilgan muammolar yechim topishiga shubha bildirishgan.
Mart oxiridan beri Rossiya prezidenti aksariyat tadbirlarini Moskva viloyatidagi Novo-Ogarevo qarorgohidan yoki Kremldan videoanjuman rejimida o‘tkazib kelmoqda. Putin bilan yuzma-yuz uchrashuvga taklif qilinuvchi amaldorlardan koronavirusga test olinmoqda va shundan keyin ular qat'iy karantinga joylashtirilmoqda. Bundan tashqari, Novo-Ogarevo va Kremlda dezinfeksiya tunnellari o‘rnatilgan. Bularning barchasi Putinga uchrashuvlar vaqtida himoya vositalaridan foydalanmaslikka, suhbatdoshlari bilan qo‘l berib siqishishga va Rossiyada ro‘yxatdan o‘tkazilgan, biroq hali to‘laqonli sinovlardan o‘tmagan vaksinani qo‘llashda shoshmay turishga imkon bermoqda.