O‘zbekiston | 22:26 / 30.11.2020
6843
2 daqiqa o‘qiladi

«Iste'mol hajmi oshganda ko‘p uzilishlar bo‘lmoqda» - «O‘zbekneftgaz» raisi o‘rinbosari

«O‘zbekneftgaz» AJ raisining qazib chiqarish bo‘yicha o‘rinbosari Alisher Mustafoyev «Neft-gaz kimyo sanoatidagi istiqbolli loyihalar va mas'ullar oldiga qo‘yilgan dolzarb vazifalar» mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumanidan so‘ng Kun.uz muxbiriga qisqa intervyu berdi.

Tashkilot rasmiysi o‘z so‘zida ishlab chiqarilgan gaz respublikaga bitta quvurda tarqalishi, mazkur quvurlarga bosim yuqori bo‘lgan paytlarda gaz yetib borish darajasi pasayishi haqida gapirdi.

«Shuncha ishlar qilinganiga qaramasdan nima uchun har bir xonadonga gaz yetib bormaydi, degan savol xalqimiz tomonidan ko‘p so‘raladi.

Bizda gaz quduqdan borib zavodda tayyorlanganidan keyin respublika bo‘yicha bitta umumiy quvurga tushadi. U quvurdan yurtimizning barcha nuqtalariga boradi.

Ayniqsa, kechqurun ko‘p joylarda gaz yetishmasligi sezilib qoladi. Chunki xohlaymizmi, yo‘qmi bu paytda iste'mol miqdori oshadi. Quvur ichidagi bosim tushishi natijasida gaz chekka-chekka joylarga yetib bormaydi. Bu gaz quyish shoxobchalarida ham seziladi.

Qish kunlari nafaqat O‘zbekistonda, balki butun jahonda har xil vaqtda yoki aynan «pik» soatlar deymiz - ertalab va kechqurun iste'mol oshadi. Shuning uchun ko‘p uzilishlar bo‘ladi.

Hozirda Energetika vazirligi bu bo‘yicha katta ishlarni olib boryapti. Albatta, bu ko‘p yillar davomida yig‘ilib kelgan muammolardir. Kelajakda qilinayotgan ishlar yaxshi natija berishiga ishonaman», dedi Mustafoyev. 

Mavzuga oid