O‘zbekiston | 18:17 / 30.11.2020
7809
3 daqiqa o‘qiladi

So‘nggi ikki yilda O‘zbekistonda nechta yangi gaz koni aniqlangani ma'lum qilindi 

2015 yildan bugungacha 32 ta yangi kon ochilgan. «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruvi raisining geologiya bo‘yicha o‘rinbosari Qobul To‘xtayev O‘zbekistonda so‘nggi yillarda ochilgan konlar haqida ma'lumot berdi.

Qobul To‘xtayev

«Haqiqatdan ham 2000 yillargacha ko‘p konlar ochilgan, zaxira bo‘lgan. Keyin geologiyaga e'tibor sal susaydi. Shuning orqasidan katta-katta konlarimiz tabiiy tushib, zaxira kamaygan. 2015 yilda geologiyaga e'tibor kuchaya boshlandi. 2017 yilda prezidentimiz chaqirib, yil boshidan topshiriq berdilar. 

2015 yildan bugungacha hisoblasak, 32 ta kon ochildi. Yangi yo‘nalish boshladik. Yangi yo‘nalishda 16 ta kon ochildi. Bular qanaqa? Ustyurtda shu paytgacha «Surgil», «Sharqiy»da 2500-2600 metrgacha chuqurlik ochilgandi. Biz keyin yanada pastga tushishni boshladik. Oxirgi kunlarda 4000 metrdan ham gaz oldik. Ustyurt yo‘nalishida 6 ta kon ochildi. 

Ikkinchi yo‘nalishimiz – «Sho‘rtan», «Pamuk», «O‘rtabuloq» katta konlarimiz bor. Bir paytlar ochilgan-u, yuqorida gaz kamayganidan keyin chuqurroq tushishni boshladik. Burg‘ilash bu hududda sal qiyin. O‘rtabuloqdan kerakli natija oldik. Keyingi yil rejamizga «Sho‘rtan», «Ko‘kdumaloq»da pastga ketyapmiz. Bu ikkinchi yo‘nalish.

Uchinchi yo‘nalish, «Gazli» hududida yangi yo‘nalishda ish boshlab, 7 ta kon ochdik. Endi yo‘nalishimiz shu – tobora chuqurroq ketishimiz kerak. Haqiqatan quduqning o‘zini parmalash og‘ir jarayon. Chunki geologik mushkulliklar, katta bosim, harorat chiqadi. Ilojimiz yo‘q, imkon qadar pastga tushib ish olib boryapmiz. 

2019 yil 18 noyabrda prezidentimizning «Neft va gaz geologiya-qidiruv ishlarini tashkil etish va olib borish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 4522-son qarorlari chiqdi. Shundan boshlab, istiqbolli strukturalar tayyorlash Davlat geologiya qo‘mitasiga o‘tdi. Bu degani davlat tomonidan nazorat bo‘ladi», – dedi Qobul To‘xtayev neft-gaz kimyo sanoatidagi istiqbolli loyihalarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida.

Mavzuga oid