O‘zbekiston | 16:01 / 01.12.2020
38352
3 daqiqa o‘qiladi

«Bu ataylab qilingan»: Alisher Sultonov «aqlli» gaz hisoblagichlarining portlashi bo‘yicha izoh berdi

Energetika vaziri Alisher Sultonov nima uchun O‘zbekistonda gaz hisoblagichlari portlayotgani haqida gapirib berdi.

Shu yil 24 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatida favqulodda holat yuz bergani haqida xabar tarqaldi. Unda «Texnopark» MChJ tomonidan o‘rnatilgan «aqlli» gaz hisoblagich o‘rnatilishidan 3 soat o‘tgach portlab ketgani haqida so‘z yuritilgan.

Bundan tashqari, noyabr oyining o‘rtalarida Andijonda o‘rnatilgan 40dan ortiq «aqlli» gaz hisoblagichlari ishlamay qoldi.

«Bu ataylab qilingan. Bu isbotlandi va surishtiruv o‘tkazildi. Biz ko‘rsatuv qilmoqchimiz va buni ko‘rsatmoqchimiz. Ushbu fuqarolar biz bilan qanday kurashmasin, hisoblagichlarni o‘rnatamiz va tartibga keltiramiz. O‘g‘rilikni to‘xtatamiz hamda odamlar iste'mol uchun to‘lashiga harakat qilamiz», - dedi vazir Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida

Shuningdek, Alisher Sultonov nega «Texnopark» tenderda g‘olib chiqqanligini aytib berdi. U tender adolatli o‘tganini, kompaniya esa bir nechta raqobatchilar bilan tanlovda qatnashganini ta'kidladi. 

«Tender o‘tkazish bo‘yicha ma'lum bir shartlar mavjud, ular («Texnopark» - tahr.) yutib chiqdi. Ularning yutgani yaxshi, birinchi navbatda, bu italiyalik ishlab chiqaruvchilar bilan qo‘shma kompaniya. Bu bizning mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan zamonaviy Yevropa hisoblagichlari. Kompaniya odamlarni ish bilan ta'minlamoqda, O‘zbekistonda soliqlar to‘lanmoqda, ammo bu ularning g‘alabasi uchun sabab emas. Ular uch-to‘rtta kompaniya bilan bo‘lgan adolatli kurashda g‘alaba qozondi», – deya xulosa qildi energetika vaziri. 

Joriy yilning fevral oyida prezident Toshkentda «aqlli» gaz hisoblagichlarini ishlab chiqarish bo‘yicha «Texnopark»ga tashrif buyurdi. Davlat rahbari korxona hisoblagichlarni sotish bilan cheklanib qolmasdan, balki ularni o‘rnatishdan to texnik xizmat ko‘rsatishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni qamrab olishi kerakligini ta'kidlab o‘tdi.

Mavzuga oid