O‘zbekiston | 16:49 / 02.12.2020
7108
2 daqiqa o‘qiladi

Gayane Umerova O‘zbekistonning UNESCO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi bosh kotibi etib tayinlandi

Gayane Umerova O‘zbekiston prezidenti va hukumat topshirig‘i bilan san'at sohasidagi yirik xalqaro loyihalarni amalga oshirish uchun mas'ul hisoblanadi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi axborot xizmati

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Gayane Umerova O‘zbekiston Respublikasining UNESCO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi bosh kotibi etib tayinlandi.

2008 yildan 2017 yilga qadar Gayane Umerova O‘zbekiston tasviriy san'at galereyasining Ko‘rgazmalar va jamg‘armalar bo‘limida yetakchi mutaxassis, 2017-2020 yillarda esa Madaniyat vazirligi huzuridagi San'at va madaniyatni rivojlantirish jamg‘armasining moliya boshqaruvi bo‘limi boshlig‘i, ijrochi direktor o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan.

2020 yildan Madaniyat vazirligi huzuridagi San'at va madaniyatni rivojlantirish jamg‘armasining ijrochi direktori lavozimida ishlab kelmoqda.

Gayane Umerova 2008 yilda Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti, 2012 yilda esa Sotheby’s San'at instituti va Manchester universitetini tugallagan. Sotheby’s Auksion uyida, Victoria&Albert muzeyi (Buyuk Britaniya)da hamda Jorj Pompidu markazi (Fransiya)da malaka oshirgan.  

Gayane Umerova O‘zbekiston prezidenti va hukumat topshirig‘i bilan san'at sohasidagi yirik xalqaro loyihalarni amalga oshirish uchun mas'ul hisoblanadi. 2022 yilda Luvr muzeyida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston madaniy merosi ko‘rgazmasini tashkil qilish, O‘zbekiston Davlat san'at muzeyi rekonstruksiyasi, O‘zbekistonning zamonaviy Restavratsiya markazini yaratish, 2022 yilda o‘tkaziladigan ShHT sammiti munosabati bilan Samarqandda Buyuk Ipak yo‘li muzeyining ochilishi, 2021 yilda Berlinda O‘zbekiston ko‘rgazmasining ochilishi, Samarqand xalqaro xayriya yarim marafonining o‘tkazilishi shular jumlasidandir.

Ma'lumot uchun: UNESCO Milliy komissiyasining raisi – bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov. O‘zbekistonning YuNeSKO huzuridagi doimiy vakili – Umid Shadiyev, YuNeSKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari esa Yan Hladik hisoblanadi.

Mavzuga oid