Iqtisodiyot | 12:15 / 02.12.2020
56522
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekneftgaz» 2021 yildan avtomobil yonilg‘isi narxlari oshishi haqidagi xabarlarga izoh berdi

«O‘zbekneftgaz» AJ matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda 2021 yildan avtomobil yonilg‘isi narxlari oshishi haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan izoh berdi.

Tashkilot matbuot kotibining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasida (AYoQSh) avtomobil va dizel yoqilg‘isining chakana narxi erkin shakllangan bo‘lib, unga birja savdolari orqali xarid qilingan ulgurji narx, AYoQShning sotish bilan bog‘liq xarajatlari va foydasi hamda amaldagi qonunchilikda ko‘rsatilgan soliq va boshqa majburiy to‘lovlar ham qo‘shiladi.

Moliya vazirligi tomonidan avtomobil va dizel yonilg‘isiga to‘lanadigan aksiz solig‘i 2021 yil 1 fevraldan oshishi to‘g‘risidagi soliq qodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi muhokamaga qo‘yilgan. Ushbu qonun loyihasiga ko‘ra, quyidagi neft mahsulotlariga va yakuniy iste'molchiga sotiluvchi tovarlarga solinadigan aksiz solig‘i stavkalariga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritilishi ko‘zda tutilmoqda:

Neft mahsulotlari:

  • 1 tonna Ai-80 benzini: amalda – 200 000 so‘m, taklif – 240 000 so‘m;
  • 1 tonna Ai-80, Ai-92, Ai-93 va Ai-95 benzini: amalda – 250 000 so‘m, taklif – 275 000 so‘m;
  • 1 tonna dizel yonilg‘isi: amalda – 200 000 so‘m, taklif – 240 000 so‘m;
  • 1 tonna EKO dizel yonilg‘isi: amalda – 180 000 so‘m, taklif – 216 000 so‘m.

Yakuniy iste'molchiga sotiluvchi tovarlarga solinadigan aksiz solig‘i:

  • 1 tonna benzin: amalda – 378 480 so‘m, taklif – 465 530 so‘m;
  • 1 tonna dizel yonilg‘isi: amalda – 346 275 so‘m, taklif – 425 918 so‘m.

Yuqoridagi o‘zgarishlar respublikada ommabop bo‘lgan Ai-80 benzini misolida 1 tonnasi 127 050 so‘mga (QQSni hisobga olganda 146 108 so‘mga) yoki 1 litri 95 so‘mga (QQSni hisobga olganda 110 so‘mga) oshishi mumkin.

Avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalari uchun gaz «O‘ztransgaz» AJ va «Hududgazta'minot» AJ tomonidan yetkazib beriladi.

Agar muhokamaga qo‘yilgan qonun loyihasi muhokamadan o‘tmasa, avtomobil va dizel yonilg‘isiga to‘lanadigan aksiz solig‘i 2021 yil 1 fevraldan oshirilmaydi.

Mavzuga oid