Vaksina uchun kurash: qaysi davlat qanday holatda?
Farmatsevtika kompaniyalari uchinchi bosqich tajribalaridan so‘ng o‘z vaksinalarini tasdiqdan o‘tkazish uchun murojaat qila boshladilar.
Ishlab chiqarish quvvatlarining aksariyati allaqachon sotib olingan
Nature jurnalida chop etilgan maqolaga ko‘ra, to‘rtta kompaniya 2021 yil oxiriga qadar dunyoning uchdan bir qismiga yetadigan vaksinani ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.
AQShdagi Duke global sog‘liqni saqlash innovatsiyalar markazi ma'lumotlariga ko‘ra, qashshoq mamlakatlarda yashovchi insonlar vaksinani 2023 yoki 2024 yilga qadar kutishlari mumkin.
Markazi Londonda joylashgan Airfinity tahlil kompaniyasi mutaxassisi Rasmus Bech Hansen kompaniyalar qisqa muddatda ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini kamaytirganini e'lon qildi.
AstraZeneca, Pfizer va Moderna 2021 yil oxiriga qadar 2,6dan 3,1 milliard kishiga, Rossiyadagi Gamaleya esa 500 million kishiga vaksina ishlab chiqara olishi aytilmoqda.
Bugungi kunga qadar kompaniyalar tomonidan e'lon qilingan vaksina ishlab chiqarish quvvatlarining aksariyati allaqachon sotib olingan. Masalan, Yevropa Ittifoqiga a'zo 27 davlat va besh boy mamlakat vaksinalarning yarmini sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzishdi. Ushbu mamlakatlarda yashovchilar soni dunyo aholisining 13 foizini tashkil qiladi.
Tengsizlik yanada ko‘proq odamlarning o‘limiga sabab bo‘lishi mumkin
Olimlarning ta'kidlashicha, agar vaksinalar dunyo bo‘ylab shu tarzda tarqatilsa, yanada ko‘proq odam vafot etishi mumkin.
Airfinity’ning hisob-kitoblariga ko‘ra, uchinchi bosqich sinovlari davom etayotgan boshqa vaksinalarni ham qo‘shib hisoblaganda imzolangan vaksina shartnomalari 7,4 milliard dozaga yetadi. Shuningdek, 2,9 milliard doza uchun muzokaralar davom etmoqda.
Aksariyat vaksinalarda inson ikki dozaga ehtiyoj tuyishi tufayli qancha odam emlanishini hisoblash uchun ushbu raqamlarni ikkiga bo‘lish kerak. Ushbu vaksinalar ham qo‘shib hisoblanganda Yevropa Ittifoqi va beshta boy mamlakat barcha vaksinaning yarmi uchun shartnoma tuzdi.
Aholi jon boshiga emlash shartnomalari bo‘yicha Kanada hozirda dunyoda yetakchi. Ushbu mamlakat har bir kishi uchun to‘qqiz dozaga buyurtma bergan. Keyingi o‘rinlarda esa Buyuk Britaniya, Avstraliya, Chili, Yevropa Ittifoqi, Yaponiya va AQSh joylashgan.
Ta'kidlash joizki, mazkur holat vaksinalarning barcha mamlakatlar o‘rtasida teng ravishda taqsimlanmasligini ko‘rsatmoqda.
«Vaksinalar haqidagi yangiliklar barchaga umid bermoqda. Ammo ko‘plab davlatlarning hali birorta ham shartnoma imzolamagani qo‘rqinchli holdir», deydi Duke global sog‘liqni saqlash innovatsiyalar markazi mutaxassisi Andrea Teylor.
Mahalliy ishlab chiqarish shartnomalari ham qaysi mamlakatlar vaksinalarni birinchi olishini aniqlash nuqtayi nazaridan muhimdir.
Dunyoning eng yirik vaksina ishlab chiqaruvchisi hisoblanmish Hindistondagi Serum instituti farmatsevtika kompaniyalari uchun ishlab chiqarish quvvatlarini ochish ortidan 2 milliarddan ortiq dozada vaksina va'da qildi.
Kambag‘al mamlakatlar
Vaksina ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lmagan ba'zi davlatlar, masalan, Peru o‘z aholisida vaksina sinovlarini o‘tkazishga izn berish orqali vaksina shartnomalarini imzoladi. Bundan ko‘rinib turibdiki, kam va o‘rta daromadli mamlakatlar uchun juda oz miqdorda vaksina qolgan. Ushbu mamlakatlarning aksariyati Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbarligida tashkil etilgan Covax’dan beriladigan yordamga muhtoj.
Bugungi kunga qadar 700 million dozani sotib olish uchun shartnoma tuzgan Covax 2021 yil oxiriga qadar 2 milliard dozada vaksina olishni rejalashtirmoqda. Bu esa ushbu mamlakatlar aholisining 20 foiziga yetadi, xolos.
Boy mamlakatlar
Boy mamlakatlar o‘z aholisini emlab bo‘lgach, qo‘lidagi ortib qolgan vaksinalarni Covax’ga berishi mumkin.
«Covax’ning bunday ishlashi rejalashtirilmagan edi, ammo oqim shu yo‘nalishda ketyapti», deydi Duke global sog‘liqni saqlash va innovatsiyalar markazi mutaxassisi Andrea Teylor.
Vaksinalarning narxi ham kompaniyaga qarab farq qiladi.
AstraZeneca vaksinasi 3-4 dollarga sotilishi mumkin, ammo boshqa kompaniyalarda narx anchagina baland.
AstraZeneca epidemiya davomida vaksinalarni foyda ko‘zlamagan holda ishlab chiqarishni va kambag‘al mamlakatlarga yetkazishni va'da qilmoqda. Biroq vaksina ishlab chiqaruvchi boshqa kompaniyalar bu borada lom-mim demayapti.
Duke global sog‘liqni saqlash va innovatsiyalar markazining fikriga ko‘ra, kompaniyalarning vaksina ishlab chiqarish quvvatlarini yaxshilash mumkin, ammo bu ham cheklangan.
Duke ma'lumotiga ko‘ra, o‘rtacha daromadga ega bo‘lgan Hindiston kabi mamlakatlarda tadqiqot natijalari tasdiqlansa, vaksina taqsimoti bo‘yicha dunyodagi vaziyat o‘zgarishi mumkin.
Vaksina mamlakatlar ichida qanday taqsimlanadi?
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirusga qarshi vaksinani birinchi navbatda Covid-19’ga qarshi kurashishda muhim rol o‘ynovchi odamlarga berishni tavsiya qilmoqda. Sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassislari, fermerlar, enaga va qo‘riqchilar shular jumlasidandir.
Ushbu guruhdan so‘ng esa surunkali kasalliklarga chalingan va keksa yoshdagi kishilarni emlash, keyingi bosqichda esa aholining boshqa qatlamlariga murojaat qilish maqsadga muvofiq ekani aytilmoqda.
Mavzuga oid
17:48 / 01.11.2024
Dunyodagi eng halokatli infeksiya nomi ma’lum bo‘ldi
20:25 / 23.10.2024
Britaniyada norovirusga qarshi dunyodagi birinchi vaksinani sinovdan o‘tkazish boshlandi
21:15 / 13.09.2024
JSST maymunchechakka qarshi birinchi vaksinani tasdiqladi
00:00 / 06.09.2024