Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyadagi budjet tashkilotlari xodimlari koronavirusga qarshi vaksina sinovida qatnashishga majbur qilingan - Reuters
2 dekabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin kelgusi haftadan koronavirusga qarshi «keng miqyosda»gi vaksinatsiyani boshlash topshirig‘ini berdi.
Rossiyadagi budjet muassasalari xodimlari koronavirusga qarshi ishlab chiqilgan «Sputnik V» vaksinasi sinovida qatnashishga majbur qilingan, deb yozmoqda Reuters agentligi.
«Hamkasblar!!! Bu qanday sabotaj??? Kimni aldamoqchisizlar??? Koronavirusga qarshi vaksina – mutlaq ustuvorlik!!!» — Reuters’ning yozishicha, Moskva shahar mulk departamenti amaldori Sergey Martyanov qo‘l ostidagi xodimlariga ana shu mazmunda xabar jo‘natgan.
Ma'lumot berilishicha, Martyanov bir necha xodim grippga qarshi emlashga yozilganidan so‘ng ana shunday murojaat bilan chiqqan. Sababi, bu emlanishdan so‘ng «Sputnik V» bilan emlanishga imkon qolmasdi.
Martyanov, shahar mulk departamenti rahbari va Moskva meriyasi agentlikning bu boradagi so‘rovini javobsiz qoldirgan. Moskva sog‘liqni saqlash departamenti esa agentlikka vaksina ikkita klinik sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgani va xavfsiz ekanligini ko‘rsatgani, shahar aholisi tadqiqotda ishtirok etish to‘g‘risidagi qarorni ixtiyoriy ravishda qabul qilayotganini bildirgan.
Reuters ma'lumotiga ko‘ra, oktyabrda Moskvadagi 3-poliklinika bosh shifokori o‘rinbosari Olga Tsvetkova qo‘l ostidagi xodimlar bilan WhatsApp orqali yozishmalarida vaksinatsiyadan bosh tortganlar ishdan bo‘shatilishini bildirgan.
«Klinikamizdagi barcha xodimlarning COVID-19ga qarshi majburiy vaksinatsiyadan o‘tishlari buyurilgan. Bu Moskva sog‘liqni saqlash departamenti yurituvida. Agar vaksinatsiyadan bosh torsangiz, ishdan bo‘shatilishingiz mumkin. Buning uchun qonuniy baza bor», — deya uning xabaridan iqtibos keltiradi agentlik.
3-poliklinika vakili Reuters’ga bergan izohida, vaksinatsiya to‘g‘risidagi buyruq xodimlarga g‘amxo‘rlik darajasidan darak berishi hamda «xodimlar vaksinatsiya borasidagi qarorni ixtiyoriy va faqat tibbiy tekshiruvdan so‘ng qabul qilayotgani»ni aytgan. Moskva sog‘liqni saqlash departamenti «go‘yoki 3-poliklinikada shifokorlarning ommaviy ishdan bo‘shatilishi va vaksinatsiyaga majburlanayotganligi» haqidagi xabarni rad etdi.
Reuters jurnalistlari shuningdek, oktyabr va noyabrda Moskvadagi 13 ta emlash markazida bo‘lib, 32 nafar tashrif buyuruvchi bilan suhbatlashgan. Ularning 30 nafari vaksinatsiya to‘g‘risida ish joyida aytilganini bildirgan, 23 nafari haqiqiy ko‘ngilli ekanini, 9 nafari esa ko‘ngilli emasligini aytgan. Agentlikning qayd etishicha, ularning barchasi davlat sektori xodimlari bo‘lgan. Ularning ayrimlari ish beruvchilarning vaksina sinovida qatnashish to‘g‘risidagi iltimosini rad eta olishmaganini bildirgan.
«Bu yerga kelishga majbur bo‘ldik. Rad etishning imkoni yo‘q, shunchaki mumkin emas», — degan tez yordam xizmati xodimi Reuters muxbiri bilan suhbatda. Uning so‘zlariga ko‘ra, ularga sinovlarda qatnashish uchun ro‘yxatga yozilish shartligi aytilgan. Agentlik bilan suhbatlashgan o‘qituvchilardan biri u ishlaydigan maktabga kvota ajratilgani va rahbariyat xodimlarni vaksinatsiyada qatnashishga majbur qilganini aytgan.
«Ular qatnashishingiz kerakligini aytishsa, qatnashishingiz shart», — degan u.
Ko‘cha tozalovchi farrosh esa ularga vaksinatsiyada qatnashish shartligi, chunki ko‘chada ko‘pchilik bilan yuzma-yuz kelishlari aytilganligini bildirgan.
2 dekabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin kelgusi haftadan koronavirusga qarshi «keng miqyosda»gi vaksinatsiyani boshlash topshirig‘ini berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, vaksinani birinchi navbatda shifokorlar va o‘qituvchilar oladi. Moskvada ommaviy emlash 5 dekabrda boshlanadi.
Mavzuga oid
08:40 / 13.05.2025
Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti MH17 halokati uchun Rossiyani javobgar deb topdi
17:02 / 12.05.2025
Rossiyada xorijliklarga tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi o‘zgaradi
14:54 / 12.05.2025
Rossiya TIV: Avval Istanbuldagi muzokaralar, keyin - sulh mavzusi
13:00 / 12.05.2025