Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shahrisabzdagi ko‘p qavatli uylarga qachon e'tibor beriladi yoxud to‘rt qavatli uyda gazballon yoqish mumkinmi?
Shahrisabz shahar Bog‘i bahor mahallasi, Fusunkor ko‘chasida joylashgan 67-ko‘p qavatli uyda bugun muammolar bisyor. To‘rt qavatli bu uyning tomi mutlaqo yaroqsiz ahvolga kelgan. Yerto‘lasi va yo‘laklari ham ta'mirtalab bo‘lgan. Bundan tashqari, mazkur uy 2012 yil Shahrisabz shahrini qayta rekonstruksiya qilish ishlari boshlanganda tabiiy gazdan ham uzib tashlangan. Aholi o‘shandan buyon ming bir azobda gazballonlardan foydalanib kelmoqda.

Tahririyatga navbatdagi murojaat Shahrisabz shahridan bo‘ldi. Unda shaharning Bog‘i bahor mahallasi, Fusunkor ko‘chasida joylashgan 67-ko‘p qavatli uyda istiqomat qiluvchi aholi mutlaqo sharoit bo‘lmagan ko‘p qavatli uyda, og‘ir ahvolda yashayotganlarini, ma'lum qilishgan. Murojaatda yozilishicha, bugun ular yashayotgan 4 qavatli uyning tomi, yerto‘lasi, yo‘laklari va tashqi ko‘rinishi juda ayanchli ko‘rinishga kelgan.

Ayniqsa, uyning tom qismi yaroqsiz ahvolga tushib, yog‘ingarchilikda undan oqqan suv nafaqat to‘rtinchi qavatdagi xonadonlarni, balki uchinchi va ikkinchi qavatdagi xonadonlarga ham oqib tushgan.
Bundan tashqari, mazkur 67-ko‘p qavatli uy bundan sakkiz yil avval, 2012 yilda Shahrisabz shahrini qayta rekonstruksiya qilish boshlanganda tabiiy gaz tarmog‘idan uzib tashlangan. Shundan so‘ng chorasiz qolgan odamlar gazballonlar sotib olib ishlata boshlagan. Oradan birmuncha vaqt o‘tgandan so‘ng kimlargadir shahar gaz idorasidan gazballon berilgan. O‘shandan buyon mazkur uyda yashovchilar gazballonlardan foydalanib kelmoqda.
Murojaatchilarning ma'lum qilishicha, ular bir necha yildan buyon o‘zlari duch kelayotgan muammolar yuzasidan ko‘plab mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilgan. Ammo ularning dardini eshitadigan, muammolarni hal qiladigan tashkilot topilmayapti.
Shundan so‘ng, 67-uyda yashayotgan aholi muammolari bo‘yicha Shahrisabz shahar kommunal bo‘limi boshlig‘i Azamat Rustamovdan izoh so‘radik. U Fusunkor ko‘chasida joylashgan 67-ko‘p qavatli uydagi muammolarning barchasidan xabardor ekanini bildirdi. Azamat Rustamovning aytishicha yil boshida 67-uy kapital ta'mirlash rejasiga kiritilgan. Ammo joriy yilda kuzatilgan pandemiya rejalarni vaqtida bajarishga imkon bermagan. Shu tufayli 67-uyni kapital ta'mirlash kelgusi yilga ko‘chirilgan.


Murojaatni o‘rganish asnosida 67-uydagi muammolarning ko‘lamini yanada aniqroq bilish maqsadida mazkur uyga xizmat ko‘rsatgan «Barkamol» uy-joy mulkdorlari shirkati raisidan ham izoh olmoqchi bo‘ldik. Azamat Rustamovning ma'lum qilishicha shirkatning sobiq raisi bundan bir necha oy avval ishdan bo‘shash haqida ariza topshirgan va o‘shandan beri mazkur shirkat raissiz qolayotgan ekan. Undan shirkatning sobiq raisi Dilfuza Abduazizovaning telefon raqamlarini olib, u bilan bog‘landik va 67-uy bilan bog‘liq muammolar yuzasidan izoh oldik.
Dilfuza Abduazizovaning aytishicha 67-uydagi muammolar kecha yoki bugun paydo bo‘lmagan. Ancha yillardan beri yig‘ilib kelyapti. Uning o‘zi ham shu uyda yashaydi. 67-uy 2017 yilda uy-joy mulkdorlari shirkatiga qo‘shilgan va aholi bilan shartnoma tuzilgan. Aholi badal pullarini to‘lagan, shirkat esa imkoniyatiga qarab ularga xizmat ko‘rsatgan.
30–40 yil avval qurilgan va o‘shandan keyin jiddiy ta'mirlanmagan bu uyni shirkat yig‘gan mablag‘lar hisobidan kapital ta'mirlashni imkoni bo‘lmagan. 2018 yilda Shahrisabz shahrida kapital ta'mirlanishi lozim bo‘lgan ko‘p qavatli uylarning ro‘yxatiga 67-uy ham qo‘shiladi. Ammo 2018 yilda negadir bu uyda kapital ta'mirlash ishlari amalga oshirilmaydi.

Dilfuza Abduazizova 2018 yil avgustda shirkat raisi vazifasini bajaruvchi bo‘lganini va yelib-yugurib 67-uyni 2019 yilda kapital ta'mirlash dasturiga kiritganini ma'lum qildi. Ammo shahar hokimligi va shahar kommunal bo‘limi 67-uyni qoldirib, Shahrisabzda Maqom festivali o‘tkazilishi munosabati bilan katta ko‘chalar yoqasidagi boshqa uylarni ta'mirlagan.
«2018 yil dekabr oyigacha 67-uyda yashovchi aholidan 4-5 million so‘m yig‘ib topshirdim. Ammo bu uy ketma-ket ikki marta dasturga kiritilganiga qaramasdan, ta'mirlanmay qolib ketdi. Shundan so‘ng bu uyda yashovchi aholining mutasaddilardan hafsalasi pir bo‘ldi va shirkatga badal pullarini umuman to‘lamay qo‘ydi. Oqibatda shirkatning moliyaviy holati yomonlashdi. 67-uyning ahvoli esa oldingidan ham battar ahvolga tushib boraverdi», — deydi Dilfuza Abduazizova.
Surishtiruv davomida, aholining suv, gaz bilan ta'minlanishi, uyni isitish masalasi qanday ekanligi bilan qiziqdik. Dilfuza Abduazizovaning aytishicha, 67-uyda tabiiy gaz yo‘q. 2012 yil Shahrisabzni qayta rekonstruksiya qilish boshlanganda 67-uyga gaz uzatadigan quvurlar tarmoqdan uzilgan. O‘shandan beri nafaqat mazkur 67-uy, balki unga tutash hududdagi ikki qavatli 69, 69-A, 69-B, 90, 90-A, 90-B uylarda ham tabiiy gaz yo‘q. 67-uy joylashgan hududga yaqin bo‘lgan taxta bozori va Muqimiy ko‘chasida esa gaz bor.
Mazkur uyning ichimlik suvi bilan ta'minlanishi ham qoniqarsiz holatda. Uyning oldida suv minorasi bor, ammo undan suv chiqmaydi. Ba'zilar shlang bilan nasos yordamida suv tortadi. Qolganlar ichimlik suvini uy hovlisida joylashgan vodoprovoddan tashib ichadi. 67-uyda markazlashgan issiqlik uzatish tarmog‘i yo‘q. Aholi o‘z xonadonlarini qo‘lbola pechlar bilan isitadi.
So‘nggi paytlarda elektr energiyasi ta'minoti bilan bog‘liq muammolar ham ko‘paygan. Oqibatda, qo‘lbola pech o‘rnatmay elektr isitkich yoki konditsioner bilan uy isitmoqchi bo‘lganlar sovuq kunlarda elektr o‘chganda chorasiz ahvolga tushib qolmoqda.
Dilfuza Abduazizovaning ta'kidlashicha, 67-uyning tomi ham yaroqsiz holga kelgani uchun yog‘ingarchilik kunlarda undan oqqan chakka 4- va 3-qavatlardan o‘tib, 2-qavatgacha tushib kelyapti. Yuqori qavatlardagi xonadonlar tamomila zaxlab ketgan. Bundan tashqari, uy yerto‘lasidagi kanalizatsiya quvurlari muddatini o‘tab, eskirgan. Chirib ketgan quvurlar tez-tez yorilib ketadi.
«Yaqinda kanalizatsiya quvuri yorilib, 1-qavatdagi uylarga qaynab chiqdi. Odamlarning o‘zi pul yig‘ib, santexnik usta olib kelib tuzattirdi», — deydi Dilfuza Abduazizova.
Shundan so‘ng 67-ko‘p qavatli uydagi gaz muammosiga izoh olish uchun Shahrisabz shahar gaz idorasi rahbari Orif Pardayev bilan bog‘landik. U Shahrisabz shahar gaz bo‘limiga yaqinda boshliq bo‘lgani, ammo 67-uyning gaz tarmog‘idan uzilgani holatidan xabardor ekanini bildirdi. Orif Pardayevning aytishicha, 67-uyga tortilgan gaz liniyasi 2012 yilda kesib tashlangan. Shundan so‘ng mazkur uyda yashovchi aholi suyultirilgan gazdan foydalanishga o‘tgan va ularga gazballonlari tarqatilgan. Ammo shaharsozlik normalari va binolarda gazdan foydalanish qoidalariga ko‘ra, ikki qavatdan baland bo‘lgan ko‘p qavatli uylarda gazballonlardan foydalanish mumkin emas.

Orif Pardayevdan «67-uyga yaqin orada tabiiy gaz ulab beriladimi?» deb so‘raganimizda, hozircha bu masala shahar hokimiyati bilan muhokama qilinayotganini bildirdi. Uning aytishicha, ayni paytda 67-uyni qisqa muddatda gaz tarmog‘iga ulashning imkoni yo‘q. Uni gaz tarmog‘iga ulash uchun 14 kilometr uzoqlikdan alohida tarmoq tortib kelish kerak. Bu esa oson bo‘lmaydi. Uning qo‘shimcha qilishicha, bugun Shahrisabzda 7 ming nafar abonentga gaz berish reja qilingan bo‘lsa ham, tuman gaz idorasi 12 ming nafar abonentga gaz uzatyapti. Orif Pardayev garchi 67-uyni tabiiy gaz tarmog‘iga ulash shahar hokimligi mutasaddilari bilan muhokama qilinayotganini bildirgan bo‘lsa-da, uning gap-so‘zlaridan mazkur uy bu yaqin orada tabiiy gaz tarmog‘iga ulanmasligini tushunish mumkin edi. (Audioyozuvlar tahririyatda bor)
P.S. Mazkur muammoni o‘rganar ekanmiz, so‘nggi paytlarda mutasaddilarga odat bo‘lib qolgan «rejalashtiryapmiz», «o‘rganib chiqamiz», «dasturga kiritamiz», «chora-tadbirlar ishlab chiqyapmiz» kabi quruq javoblarni eshitdik. Shahrisabz shahar kommunal boshqarmasi, shahar gaz idorasi va hokimlik mutasaddilarida ancha yillardan beri ta'mirlanmagan, tabiiy gazdan uzib tashlangan 67-uyda yashayotgan aholi muammolarini yechish bo‘yicha aniq rejaning o‘zi yo‘q. Aholi esa uyoqda muammolarni yechishi lozim bo‘lgan «mardi zamon»larni sabr bilan kutyapti...