Xalq ta'limi tizimida odamlar qaysi hollarda eng ko‘p korrupsiyaga duch kelishi ma'lum qilindi
Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev tizimda korrupsion holatlar aynan qaysi holatlarda eng ko‘p kuzatilayotgani va buni bartaraf etish uchun ko‘rilayotgan choralar haqida ma'lumot berdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
«Eng birinchi holat – bu maktab shahodatnomasini olish jarayoni. Shu paytgacha bitiruvchiga maktab shahodatnomasi qog‘oz shaklda berilardi. Hujjat berilishi maktab arxividagina qayd etilardi, hech qanday elektron bazasi bo‘lmagan. Hujjat haqiqiyligini bilish uchun inson omili qatnashishga majbur bo‘lgan.
Bu yil shahodatnomalar elektron shaklda berilganidan keyin muammolar qisman bartaraf etildi. Elektron tizim shakllantirilganidan keyin hujjatni soxtalashtirish holatlariga o‘rin qoldirilmaydi va korrupsiyaga bu yerda chek qo‘yiladi.
Keyingi holat bolani maktabga qabul qilish jarayoni bo‘lib, ota-onalar va maktab ma'muriyati bilan korrupsion holatlar kuzatilyapti. Ota-onalar maktabda biron bir jihatdan qoniqmasa, imkon qadar o‘ziga yoqqan yo‘l (pora berish)ni tanlab olishga urinishadi.
Bu yil Toshkent shahrida tajriba-sinov yuzasidan 1-sinfga qabul uchun qabul.maktab.uz platformasi orqali onlayn navbat tizimi shakllantirildi.
Shuningdek, bolani 1-sinfga qabul qilish yoshi bo‘yicha tushunmovchiliklar ko‘p bo‘ladi. Bu tizimning aniq qonuniy tartibi mavjud emas edi. Shu sababli ota-onalar bolalarini ertaroq – 6 yoshdan maktabga berishga va korrupsion holatlarga yo‘l qo‘yishi mumkin.
Bunga chek qo‘yish uchun shu yili yangi qabul qilingan «Ta'lim to‘g‘risida»gi qonunda bola 7 yoshga to‘ladigan yilda 1-sinfga qabul qilinishi mumkinligi aniq belgilab qo‘yildi.
Navbatdagi og‘riqli holat – pedagog-kadrlarning toifa olishidir. Joylarda toifadan o‘tish uchun ro‘yxatdan o‘tish, hujjatlarni taqdim qilish inson faktori – maktab direktori, o‘rinbosari, tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiriga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Bunda qog‘ozbozlik kuchli bo‘lgani uchun bevosita korrupsiyaga yo‘l ochilyapti.
Toifa olganlik to‘g‘risidagi sertifikat olish ham juda murakkablashtirib yuborilgan. Kim sertifikat olishi inson omili bilan bog‘langan. Toifa olishni shaffoflashtirish uchun o‘qituvchi to‘g‘ridan to‘g‘ri ta'lim inspeksiyasiga ariza topshirish tizimini yo‘lga qo‘yish rejamizda bor. Toifa olish uchun onlayn ariza topshirish tizimi keyingi yildan ish boshlaydi.
Maktab direktorini lavozimiga tayinlash. Direktorlar shu paytgacha tuman xalq ta'limi bo‘limlari mudirlari tomonidan tayinlanib kelingan. Ularni tanlashda ochiq tanlov o‘tkazilmagan. Natijada nomzodlarni tayinlashda tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘yilgan.
Bunday holatlar hozir ham bor. Toshkent shahri va viloyatda tajriba-sinov tariqasida maktab direktorlarini lavozimga tayinlash uchun tanlov tashkil qilindi.
Kuzatuv kengashlari ushbu jarayonni nazorat qildi. Lekin bu ham e'tirozlarga sabab bo‘ldi. Shu sababli keyingi o‘quv yilidan boshlab maktab direktorlarini lavozimiga tayinlash tuman xalq deputatlari bilan kelishgan holda amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yiladi», – dedi Sharifxo‘jayev 3 dekabr kuni tizimdagi korrupsiya mavzusida tashkil etilgan matbuot anjumanida.
Mavzuga oid
12:39 / 12.11.2024
Farg‘onada korrupsiyaga qarshi kurashuvchi mansabdorning o‘zi korrupsiya bilan qo‘lga tushdi
20:06 / 11.11.2024
Qozog‘istonda yana 1 mlrd dollar noqonuniy aktivlar davlatga qaytarildi
16:44 / 11.11.2024
Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi Qirg‘izistonda 38 ta maktab qurib beradi
16:00 / 11.11.2024