O‘zbekiston | 19:57 / 07.12.2020
43582
3 daqiqa o‘qiladi

Antimonopoliya qo‘mitasi vakili «UzAuto Motors»ni sudda yengishning yagona yechimi haqida gapirdi

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi rahbariyati «UzAuto Motors» AJ bilan davom etayotgan sud jarayoniga munosabat bildirdi. Shuningdek, qo‘mita raisi o‘rinbosari Bobur Karimov jamiyat ustidan g‘alaba qilishning yo‘lini bildirdi. 

7 dekabr kuni AOKA binosida tashkil etilgan matbuot anjumanida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi rahbariyati mahalliy avtomobil ishlab chiqaruvchi «UzAuto Motors» bilan davom etayotgan nizoli holatga munosabat bildirdi. 

«Sud jarayonidan jamoatchilikning xabari bor: u bevosita yoritildi. Sud qarorini  hurmat qilgan holda, mutaxassislik fikrimiz mavjudligini ta'kidlayman. Ish davomida kamchilik aniqlansa, o‘z ustimizda ishlashga va xatomizni to‘g‘rilashga tayyormiz. Bu holatda esa, bajarilgan hisob-kitobga shubhamiz yo‘q va o‘z fikrimizda qolamiz», — deydi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Bekzod Ummatov.

Bekzod Ummatov

Ummatovga ko‘ra, sudning hal qiluv qarori ustidan  apellyatsiya shikoyatining kiritilishi rasmiyatchilik uchun qilinmayapti.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Bobur Karimovning aytishicha, «UzAuto Motors» tomonidan narxlarni asossiz oshirilishini to‘xtatishning bitta yo‘li bor.

«Bu — boj to‘lovlarni kamaytirish. Import qilinuvchi avtomobillarga qo‘yiladigan boj to‘lovini pasaytirish kerak. Agar raqobat bo‘lsa, ularni tekshirishga ham hojat qolmaydi. Raqobatning o‘zi hammasini joy-joyiga qo‘yadi. Agar shu narsa hal bo‘lmasa, «UzAuto Motors» ishini har yili ko‘rib chiqishimiz, sudda yutishimiz ham mumkin. Biroq bu natija bermaydi, buning davosi — bozorda raqobatni paydo qilish», — dedi Karimov.

Bobur Karimov

Avvalroq, 11 dekabr kuni Toshkent shahar ma'muriy sudi «UzAuto Motors» ishini qayta ko‘rib chiqishi haqida xabar berilgandi. 

Ma'lumot uchun, Toshkent shahar ma'muriy sudining 2020 yil 30 oktyabrdagi hal qiluv qaroriga asosan, arizachi «UzAuto Motors» AJning javobgar Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga nisbatan shikoyat arizasi qanoatlantirildi va Maxsus komissiyaning 21/31-sonli ish bo‘yicha 2020 yil 19 avgustdagi qarori haqiqiy emas, deb topildi.

Qo‘mitaning boshqarma boshlig‘i Ulug‘bek Davlatov joriy yil 26 avgust kuni Kun.uz’ga bergan intervyusida maxsus komissiya tomonidan qabul qilingan qaror mohiyati va voqealar rivoji haqida gapirib bergandi.

Sudya G‘olib Davlatov 30 oktyabr kuni «UzAuto Motors» ishi bo‘yicha o‘z qarorini sharhlab bergandi. Shundan keyin, jamoatchilikda yana savollar paydo bo‘la boshladi. Kun.uz sudyaning o‘z qaroriga bergan sharhini qonun manbalari bilan solishtirib ko‘rgandi.

Mavzuga oid