O‘zbekiston | 09:17 / 08.12.2020
16627
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh O‘zbekistonni diniy erkinlik bo‘yicha «Maxsus kuzatuvdagi davlatlar ro‘yxati»dan chiqardi

AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo tomonidan e'lon qilingan xabarda aytilishicha, O‘zbekiston diniy erkinlik bo‘yicha «Maxsus kuzatuvdagi davlatlar ro‘yxati»dan (Special Watch List) chiqarildi.

Foto: KUN.UZ

«So‘nggi bir yil ichida hukumatlari erishgan muhim, aniq yutuqlarga asoslanib, Sudan va O‘zbekiston maxsus kuzatuv ro‘yxatidan chiqarilganligini e'lon qilishdan mamnunman. Ularning qonunlari va amaliyotdagi jasoratli islohotlari boshqalar uchun o‘rnakdir», - deyiladi Maykl Pompeoning xabarida.

O‘zbekiston 2018 yilda diniy erkinlik bo‘yicha alohida xavotirdagi mamlakatlar ro‘yxatidan chiqarildi. Mamlakat 2006 yildan beri ushbu ro‘yxatda qolib kelayotgandi.

Xabarda aytilishicha, AQSh diniy erkinlikning buzilishi sababli Tojikiston va Turkmanistonni alohida tashvishga sabab bo‘layotgan davlatlar qatoriga kiritgan. 

Qora ro‘yxatga Birma, Eron, Xitoy, Shimoliy Koreya, Nigeriya, Pokiston, Saudiya Arabistoni va Eritreya ham kiritilgan. Ushbu mamlakatlar 1998 yilgi Xalqaro diniy erkinlik to‘g‘risidagi qonunga binoan «diniy erkinlikning muntazam va qo‘pol ravishda buzilishi» tufayli alohida xavotirga sabab bo‘lmoqda, dedi Davlat departamenti rahbari.

Rossiya, Komor orollari, Kuba va Nikaragua maxsus kuzatuv ro‘yxatiga kiritilgan, chunki ushbu mamlakatlar hukumatlari «diniy erkinlikni jiddiy buzgan», deya tushuntirdi AQSh Davlat departamenti.

Pompeoning xulosa o‘rnida ma'lum qilishicha, AQSh «butun dunyo bo‘ylab diniy sabablarga ko‘ra yuz berishi mumkin bo‘lgan ta'qiblarni to‘xtatish uchun tinimsiz harakat qilishda davom etadi».

Mavzuga oid