Jahon | 07:50 / 09.12.2020
7842
3 daqiqa o‘qiladi

Eron Muhsin Faxrizodaning o‘ldirilishiga aloqador bir necha kishi qo‘lga olinganini ma'lum qildi 

Foto: Global Look Press

Eronlik yadrochi olim Muhsin Faxrizodaning o‘ldirilishi ishi bo‘yicha bir necha kishi qo‘lga olindi. Bu haqda Eron parlamenti spikerining xalqaro masalalar bo‘yicha maslahatchisi Husayn Amir Abdullohiyon “Al-Alam” telekanaliga bergan intervyusida ma'lum qildi.

“Ushbu qotillikni amalga oshirishda ishtirok etgan shaxslar jazodan qutula olmaydi. Xavfsizlik xizmatlari ularning bir qismini aniqlab, qo‘lga oldi”, deb ma'lum qilgan Abdullohiyon.   

U Eron rasmiy idoralariga ushbu jinoyatning tashkilotchilari va buyurtmachilari ma'lum ekanini qo‘shimcha qilgan. “Endi ayta olishim mumkin, bu jinoyatning buyurtmachilari aniqlandi va ular munosib javob olishiga hech qanday shubha yo‘q”, deb aytgan Abdullohiyon. Uning ta'kidlashicha, mamlakat xavfsizlik xizmatlari javob operatsiyasini tayyorlamoqda.  

Shu bilan birga, amaldor qo‘lga olinganlar haqida hech qanday tafsilotlarni keltirmagan va bu axborotni faqatgina xavfsizlik xizmatlari oshkor qila olishini aytgan. U qotillikda Isroil rol o‘ynaganini ta'kidlab o‘tgan. Shuningdek, jinoyatni sodir etishda “AQSh yoki boshqa davlatlar maxsus xizmatlari” ham qatnashgan bo‘lishi mumkin. 

Faxrizoda 27 noyabrda o‘ziga uyushtirilgan suiqasd oqibatida halok bo‘lgan. Eron hukumati ma'lumotlariga ko‘ra, olim mudofaa vazirligi huzuridagi tadqiqotlar va innovatsiyalar tashkilotiga rahbarlik qilgan. Ba'zi OAVlar, jumladan AQShning The Wall Street Journal nashri esa olimni “Eron bombasi otasi” deb atagan. AQSh moliya vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, Faxrizoda yadro qurolini ishlab chiqish bilan shug‘ullanuvchi tadqiqotchilik firmasiga rahbarlik qilgan. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, olim masofadan boshqarilgan quroldan o‘ldirilgan. Qurol avtomobilda o‘rnatilgan bo‘lgan va sun'iy yo‘ldoshdan boshqarilgan.  

Eron hukumati ushbu qotillik uchun javobgarlikni Isroil zimmasiga yuklagan. Eron parlamentining milliy xavfsizlik va tashqi siyosat bo‘yicha komissiyasi vakili Abulfayz Amuyiyning ta'kidlashicha, suiqasd Isroil maxsus xizmatlari tomonidan boshqa davlatlar razvedka xizmatlarini jalb qilgan holda tashkillashtirilgan bo‘lishi mumkin. Isroil olimning o‘ldirilishiga izoh bermagan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid