Jahon | 21:27 / 10.12.2020
4471
3 daqiqa o‘qiladi

Livanning sobiq bosh vaziriga Bayrutdagi portlash ishi bo‘yicha ayblov bildirildi

Livan prokuraturasi 4 avgustda Bayrutda yuz bergan portlashni tergov qilish davomida Livanning sobiq bosh vaziri Hasan Diab va yana 3 nafar sobiq vazirga ayblovlar bildirdi.  

Foto: Dalati Nohra/Handout via Reuters

Associated Press axborot agentligining xabar berishicha, Diabdan tashqari, Livanning sobiq moliya vaziri Ali Hasan Halilga, jamoat ishlari bo‘yicha vazirlar G‘ozi Zaytar va Yusef Fenianosga nisbatan ayblovlar ilgari surilgan.

Sobiq amaldorlar ko‘plab qurbonlar va vayrongarliklarga olib kelgan loqaydlikda ayblanmoqdalar. Ular 14 dekabrga so‘roqqa chaqirtirilganlar. 

“Ular portda xavfli materiallar saqlangani haqida bir nechta yozma hisobotlar olishganiga qaramay, zarur choralarni ko‘rishmagan. Sobiq bosh vazir va sobiq vazirlarga ammoniy nitrat saqlovchi o‘g‘itlarni portdan olib chiqishda hayallamaslik tavsiya qilingan, biroq ular tomonidan hech qanday chora ko‘rilmagan”, deb ma'lum qilgan tergov komissiyasidagi manba.  

4 avgustda Bayrut portida 1500 tonna trotil ekvivalentiga teng kuchli portlash yuz bergan. Portlash zarbasi oqibatida shahar ichidagi va uning tashqarisidagi minglab uylar vayron bo‘lgan, 200 kishi halok bo‘lgan, 6,5 ming kishi jarohat olgan, 300 mingdan ko‘proq kishi boshpanasiz qolgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, portlashga portdagi omborlardan birida bir necha yil davomida saqlanib kelgan 2,7 ming tonnadan ko‘proq ammiak selitrasi alangalanishi sabab bo‘lgan. 

Portlash ishi bo‘yicha 25 kishi, jumladan portning o‘sha vaqtdagi direktori Hasan Kraytam va bojxona xizmati boshlig‘i Badri Dohir hibsga olingan. Tergovga boshchilik qilayotgan sudya Fadi Savvan fojiaga olib kelgan loqaydlik uchun sobiq amaldorlar va kuch tuzilmalari rahbarlarini javobgarlikka tortishini aytgan. 

Hasan Diab Livan bosh vaziri lavozimini 2020 yil 21 yanvardan 22 oktyabrgacha egallagan. Diab Bayrutdagi portlashdan keyin hukumatga qarshi boshlangan ommaviy noroziliklar ortida 10 avgustda o‘z hukumati iste'foga chiqqanini e'lon qilgan, biroq prezident Mishel Aun iltimosi bilan yangi hukumat shakllantirilgungacha o‘z majburiyatlarini bajarishni davom ettirgan.

Mavzuga oid