O‘zbekiston | 13:37 / 10.12.2020
17944
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi rekombinant vaksinaning uchinchi sinov bosqichi boshlandi  

Joriy yilning 10 dekabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligida O‘zbekistonda yangi koronavirus rekombinant vaksinasi (CHO hujayra) xalqaro klinik sinovlarining III fazasi boshlanishiga bag‘ishlangan marosim o‘tkazildi. 

Foto: DPA

Innovatsion rivojlanish vazirligi xabariga ko‘ra, Innovatsion rivojlanish hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklari tomonidan Xitoy Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya institutining ishlanmasi asosida Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co., Ltd kompaniyasi ishlab chiqqan koronavirusga qarshi vaksinaning uchinchi bosqich klinik sinovlarini o‘tkazish ishlari boshlandi.

Xitoydagi O‘zbekiston elchixonasi yordamida O‘zbekistonga Zhifei kompaniyasi tomonidan 6000 dona sinov vaksinasi (50 foizi haqiqiy vaksina, 50 foizi platsebo), 12 ming dona PZR testlar, 8 ming dona antitanalarni aniqlovchi testlar hamda barcha ishlatiladigan yordamchi materiallar (shprits, niqob, ko‘zoynak, krioprobirkalar, homiladorlik testlari) olib kelindi.

Klinik sinovlarni o‘tkazish uchun jami 5 ming nafar ko‘ngillilar tanlab olindi. Jarayonning etik jihatlarini e'tiborga olgan holda ko‘ngillilarning shaxsi oshkor qilinmasligiga kelishildi.

O‘z navbatida, Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co. Ltd kompaniyasining 8 nafar mutaxassisi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligidagi Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari bilan birgalikda sinov o‘tkaziladigan poliklinikalari vrach va hamshiralari uchun vaksinatsiya tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha treninglar o‘tkazdi.

Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co. Ltd kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan va hozirda klinik sinovdan o‘tishi boshlanadigan vaksina koronavirus yuza antigenining genetik-muhandislik oqsili bo‘lib, u adenovirus hamda inaktivlashgan vaksina turlari bilan taqqoslanganda yuqori darajada xavfsiz hisoblanadi. Ya'ni rekombinant oqsil ko‘rinishidagi vaksina virusning bir bo‘lagini yuqori texnologiyalar asosida sun'iy ko‘paytirib olishga asoslangan.  Genetik-muhandislik oqsili zararlangan organizmda aynan unga qarshi antitanachalar ishlab chiqaradi.

Ushbu vaksina I va II faza klinik sinovlarda nisbatan yuqori xavfsizlik profiliga egaligini namoyon etdi. Innovatsion rivojlanish vazirligi rahbariyatining 20 nafar ko‘ngilli oila a'zolari Xitoydan olib kelingan rekombinant vaksina bilan birinchi dozada emlandi, deyiladi vazirlik xabarida.

Mavzuga oid