O‘zbekiston | 16:26 / 11.12.2020
13666
2 daqiqa o‘qiladi

«Aholiga berilayotgan ko‘mirning 60-80 foizi kukun» – senator

Joriy yilda ko‘mirga bo‘lgan aholi ehtiyojining 75 foizi qoplanishi kutilmoqda.

Foto: KUN.UZ

Senator Qutbiddin Burhonov kuz-qish mavsumida aholiga ko‘mir yetkazib berishdagi kamchiliklarni tanqid qildi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Unga ko‘ra, joylarda aholiga ko‘mir mahsulotlarini yetkazib berishda huquqbuzarliklar ko‘plab uchramoqda.

“Kuz-qish mavsumida aholiga ko‘mir yetkazib berish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari qoniqarsiz. “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan kon yuzalarini ochishda qoloqlikka yo‘l qo‘yilgan, qazib olishning samaradorlik darajasi zamonaviy talablarga mos emas. O‘sib borayotgan ehtiyoj hajmi qondirilmayapti.

Joylarda aholi xonadonlariga yetkazib berilayotgan ko‘mir mahsulotlari sifatsiz chiqqan. Xususan, Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida ijtimoiy soha obektlarida olib borilgan o‘rganishlar ularga yetkazilgan ko‘mirning sifati pastligi, mahsulotning 60 foizidan ko‘pi kukundan iboratligini ko‘rsatdi. Natijada, ko‘mirning yaxshi yonmasligi bo‘yicha aholining haqli e'tirozlari ko‘payyapti.

Andijon va Farg‘ona viloyatidagi maktablarga berilayotgan ko‘mirlarning 70-80 foizi kukundan boshqa narsa emas. Buni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik”, dedi Burhonov Senat kengashining aholi va tadbirkorlik sub'yektlarini elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz hamda ko‘mir bilan ta'minlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishida.

Yig‘ilishda ma'lum qilinishicha, 2020 yilda 14,3 mingta ijtimoiy soha tashkilotlariga 405 ming tonna,  2,7 mln aholiga 600 ming tonna ko‘mir yetkazish rejalashtirilgan. Amalda ijtimoiy soha tashkilotlari ehtiyoji 100 foiz, aholi ehtiyoji esa 75 foizga qoplanishi mumkin.

Mavzuga oid