O‘zbekiston | 08:26 / 11.12.2020
13316
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident byurokratik to‘siqlarni tubdan qisqartirish to‘g‘risida farmon imzolaydi

Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda byurokratizm, sansalorlik va boshqa ma'muriy to‘siqlarni bartaraf etish, eskirgan, zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillarni tubdan qisqartirish maqsad qilingan.

Prezidentning “Aholi va tadbirkorlarga yengilliklar yaratish hamda byurokratik to‘siqlarni tubdan qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi e'lon qilindi.

2021 yil 1 martdan boshlab shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

  • fuqarolarning doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan hamda yuridik shaxslarning pochta manzilidan (joylashgan yeridan) qat'i nazar fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida ko‘rikdan o‘tish va transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish eksterritorial tamoyil bo‘yicha amalga oshiriladi;
  • notarial harakatlarni amalga oshirishda fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari bilan bog‘liq ma'lumotlar notarial idoralar tomonidan mustaqil ravishda, fuqarolardan ortiqcha ma'lumot talab qilmasdan, “FHDYoning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali olinadi;
  • tadbirkorlik sub'yekti bo‘lgan yuridik shaxslarga davlat xizmatlaridan foydalanish uchun belgilangan yig‘im va davlat boji to‘lovlarini to‘lashda yuridik shaxsning vakilidan naqd pul shaklida to‘lovni amalga oshirishga ruxsat beriladi;
  • davlat xizmatlari markazlari orqali xizmatlardan foydalanishda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ortiqcha to‘langan to‘lovlar, shuningdek tezlashtirilgan tartibda davlat xizmati ko‘rsatilmaganligi uchun qo‘shimcha undirilgan yig‘imlar summasi soddalashtirilgan tartibda Davlat xizmatlari agentligining budjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bir ish kuni ichida qaytariladi. Bunda qaytarib berilgan summalar Agentlik tomonidan tegishli vakolatli organlardan regress tartibida undirib olinadi;
  • davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ariza yoki unga ilova qilingan hujjatlarda to‘g‘rilash mumkin bo‘lgan xatolar mavjud bo‘lsa yoxud talab qilingan hujjatlar yetishmasa vakolatli organ davlat xizmatini ko‘rsatishni rad etmasdan, ularni to‘g‘rilash uchun arizachiga imkoniyat va muddat beradi. Bunda arizani ko‘rib chiqish muddatini hisoblash xatolarni bartaraf etish va yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish uchun vakolatli organ tomonidan berilgan vaqt davomida to‘xtatib turiladi;
  • davlat xizmatini ko‘rsatish natijasida beriladigan hujjatlar QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yish orqali berilganda ularning dublikatlarini berish tartibi bekor qilinadi. Bunda fuqarolar, tadbirkorlik sub'yektlari hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ushbu hujjatlar elektron ko‘rinishda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali cheklanmagan miqdorda bepul olinadi;
  • litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berishga vakolatli organlar tomonidan fuqarolar va tadbirkorlik sub'yektlarining litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish to‘g‘risidagi arizalarini ko‘rib chiqish muddati davomida tegishli hujjatni berish yoki berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinmasa, mazkur litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat talabgorning xabarnomasiga asosan YaIDXP, “Lisenziya” axborot tizimi yoki idoraviy axborot tizimlari vositasida avtomatik ravishda shakllantiriladi va talabgorga yuboriladi, bundan davlat siri va qonunchilikka muvofiq foydalanish cheklangan ma'lumotlarni o‘z ichiga olgan tartib-taomillar mustasno. Bunda vakolatli organlar vujudga kelishi mumkin bo‘lgan barcha oqibatlar uchun javobgar bo‘ladi.

Mavzuga oid