O‘zbekiston | 14:07 / 12.12.2020
2899
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda birinchi arxeologik park «Ark qo‘rg‘oni»da tashkil etiladi

Buxoro viloyati hokimligi madaniy meros departamenti ma'lum qilishicha, qadimiy «Ark qo‘rg‘oni»ning 2,5 gektardan iborat arxeologiya hududida O‘zbekistonda birinchi arxeologik parkni tashkil etish ishlari boshlandi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Arxeologik park loyihasi O‘zbekistondagi Markaziy Osiyo xalqaro tadqiqotlar instituti tomonidan tayyorlanyapti. Institutning ko‘p yillik tajribasidan kelib chiqib mamlakatda birinchi arxeologik park loyihasi bo‘yicha xalqaro toifadagi ekspertlar takliflar ishlab chiqmoqda.

O‘zbekistonda hozircha yagona qurilishi kutilayotgan arxeologiya parki viloyat tarixiga va turizm rivojiga katta hissa qo‘shishi hamda viloyatga tashrif buyuruvchi mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun yangi turizm yo‘nalishi bo‘ladi.

Ark qal'asi Buxoroning eng qadimgi tarixiy me'morchilik yodgorligi hisoblanadi. U g‘arbdan sharq tomon yoyilgan yettiburchakni eslatadi. Oxirgi arxeologik tadqiqotlarga qaraganda, qal'a devorlari miloddan avvalgi IV davrda barpo etilgan.

Bugun Ark qo‘rg‘onining saqlanib qolgan 1,1 gektar maydonida Buxoro davlat muzey qo‘riqxonasi faoliyat yurityapti.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid