Jahon | 13:19 / 13.12.2020
7805
3 daqiqa o‘qiladi

Umar Kremlev Xalqaro havaskorlik boksi federatsiyasiga prezident etib saylandi

Foto: RIA Novosti

Rossiya Boks federatsiyasi bosh kotibi Umar Kremlev Xalqaro havaskorlik boksi federatsiyasi (AIBA) prezidenti saylovlarida g‘alaba qozondi.  

12 dekabrda AIBA kongressida prezident saylovlari bo‘lib o‘tdi va unda 150dan ko‘proq davlat vakillari ishtirok etdi. Delegatlardan 86 nafari Kremlev uchun o‘z ovozini bergan. Uning eng yaqin raqobatchisi gollandiyalik Boris van der Vorstga esa 57 delegat ovoz bergan.

Rossiya Boks federatsiyasi matbuot xizmati Kremlevning g‘alaba qozonganini tasdiqlagan. 

Saylovlar onlayn shaklda o‘tgan. AIBA prezidenti lavozimiga, shuningdek, Rami Al-Masriy (Germaniya), Anas Al-Utayba (BAA), Sulaymon Mikailov (Ozarboyjon), Domingo Solano (Dominikana Respublikasi) va AIBA’ning vaqtinchalik rahbari marokashlik Muhammad Mustasan da'vogarlik qilgandi.

“Barcha milliy federatsiyalarga menga bildirilgan ishonch uchun minnatdorlik bildirmoqchiman. Bugun boks hamjamiyati qilgan tanlov AIBA’ni ertadanoq kutayotgan global islohotlarga tayyorligimizning isboti hisoblanadi. Aminmanki, umumiy sa'y-harakatlar bilan qisqa vaqt ichida AIBA’ga avvalgi nufuzini va jahon sportini rivojlantirishga befarq bo‘lmaganlarning ishonchini qaytara olamiz”, deb aytgan Kremlev.

Uning ta'kidlashicha, birinchi navbatdagi vazifa AIBA qarzlarini uzish hisoblanadi. “Men prezident lavozimiga nomzodimni qo‘ymoqchiligimni e'lon qilganimda va'da berganimdek, biz ilk 6 oy ichida qarzlarni uzamiz. Mening faoliyatim ikki yil ichida 50 mln dollar jalb qilishga qaratiladi. Ushbu mablag‘lar AIBA’ni tiklash va rivojlantirish uchun sarflanadi”, deb qo‘shimcha qilgan u.

Mutaxassis Parijdagi 2024 yilgi Olimpiadagacha AIBA’ning olimpiya maqomini tiklashga umid bildirgan. AIBA bu maqomdan 2019 yil iyunda Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi tomonidan mahrum etilgandi.

Kremlev Rossiya boks federatsiyasiga 2017 yil fevraldan rahbarlik qilib keladi. 2018 yil noyabrda u AIBA ijroiya qo‘mitasi tarkibiga kirgan birinchi rossiyalik bo‘lgan. 2019 yil fevralda esa Kremlev AIBA’ning marketing bo‘yicha komissiyasi rahbari etib tayinlangan va Yevropa boks konfederatsiyasiga (EUBC) birinchi vitse-prezident etib saylangan.

AIBA’ning avvalgi prezidenti, o‘zbekistonlik G‘ofur Rahimov 2019 yil martida ushbu lavozimdan iste'foga chiqqandi. Bunga Rahimovga jinoyatchilik olamiga aloqadorlik bo‘yicha qo‘yilgan ko‘plab ayblovlar tufayli XOQ boksni Olimpiada dasturidan chiqarmoqchi bo‘lgani sabab bo‘lgan.     

Mavzuga oid