Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Bitta nuqtada milliardlab so‘m isrof bo‘lmoqda» - Gulbahor Sultonova gaz ta'minotidagi muammolar haqida
Mustaqil tadqiqotchi Gulbahor Sultonovaning gaz tarqatish tizimiga oid shaxsiy izlanishlari hozirda ko‘pchilikning diqqat markazida bo‘lib turibdi. Energetika tizimidagi muammolar, ayniqsa, qishli-qirovli kunlarda hammani bir savol qiynaydi – nega O‘zbekiston gaz qazib oluvchi ilg‘or mamlakatlardan biri bo‘la turib o‘zi gazga yolchimaydi? Muhandis Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bu muammolar sohaga noto‘g‘ri yondashuv oqibatida yuzaga kelgani haqida gapirib, soha muammolari yechimi bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.
– Gulbahor opa, sizning takliflaringiz ancha shov-shuv ko‘tardi. Ular amalga oshishini qay darajada real deb hisoblaysiz?
– Bizda realofobiya, ya'ni reallikdan qo‘rqish bor. Mavjud muammolarni ro‘y-rost gapirishdan qo‘rqamiz. Energetika vazirligi ham uzoq vaqt bu muammolarni yashirib kelgan. Ayni paytda men bitta yirik yoki bir nechta kichik gaz omborlari qurish taklifini bildiryapman. Balki vaqtincha Qirg‘izistondagi gaz omborini ijaraga olib turarmiz.
Lekin bu qurilishlar loyihasi tuzilguncha, o‘zi bitib sinovlardan o‘tgunicha kamida 2-3 yil vaqt o‘tib ketadi. Ya'ni gaz sohasida mo‘jiza bo‘lib qolmaydi. Bu omborlar imkon qadar konlar yaqinida yoki Qamchiq dovoni yaqinidagi adirliklarda qurilishi maqsadga muvofiq.
– Bitta quvur misolida isrof bo‘layotgan gazni tushuntirib berdingiz. Bu raqamlar aniq hisob-kitoblarga asoslanganmi?
– Albatta. Ko‘p yillik tajribamga ko‘ra hammasini aniq hisoblab chiqqanman. Gazni isroflarsiz to‘g‘ri sarflasak, kambag‘allikdan qutulishda, tadbirkorlikni rivojlantirishda katta qadam tashlagan bo‘lamiz. Eng muhimi – aholi qiynalmaydi.
Mana, Farg‘ona viloyatining bir chekkasidagi quvur misolida isrof bo‘layotgan gaz misolida ko‘rish mumkin. Butun Yormozorni (Gulbohor Sultonova yashaydigan hudud – tahr.) ta'minlaydigan quvurning boshiga gaz hisoblagich o‘rnatilgan. 850 ko‘rsatkich bilan kelayotgan gaz keyingi nuqtada 500 bo‘lib turibdi. Chunki o‘rtada gaz quvurida ulanish (zaderjka) mavjud, shuning hisobiga 350 gaz isrof bo‘lyapti. Chunki bu 2012 yilda o‘rnatilgan bo‘lib, bunday bosimni ko‘tarishga kuchi yetmaydi.
Quvurning ulangan joyi rezinaga o‘ralib, simlar bilan bog‘lab qo‘yilgan. Bosimga dosh berolmagan quvur yorilib, gaz sizib chiqib turibdi. Gazga ehtiyoj yuqori bo‘lib turgan pallada uni isrof qilish bilan birga ekologiyaga ham zararni kuzatish mumkin. Isrof bo‘layotgan taxminiy gaz bilan 2000ta xonadonni ta'minlash mumkin. Raqamlarda esa soatiga 3000 kub, bir sutkada 72000 kub, besh oyda 10 mln 800 ming kub gaz shu yerda yo‘qotilyapti. 4 mlrd 104 mln so‘m mana shu bitta nuqtaning o‘zida isrof bo‘lyapti.
Mana noreal debitorlik, aholi gardaniga tushadigan katta qarzlar qayerdan kelib chiqyapti. Axir bunday nuqtalardan nechta?! Buning uchun katta kalla kerakmas.
– Gaz omborida gaz ham qishda quyuqlashib, befoyda bo‘lib qolmaydimi?
– Bunday omborlar maxsus kompressor stansiyalar, separatorlar bilan jihozlanadi. Quvurdagi gazning me'yorida harakatlanishi uchun zarur choralar ko‘riladi. Bizdagi jiddiy muammo aynan quvurlardagi gazning isrofsiz va me'yorida harakatlanishi bo‘yicha tadqiqotlar yo‘qligi va bunga ilmiy jihatdan yondashilmayotganidir. O‘ylaymanki, takliflarim inobatga olinadi.
Elmurod Ermatov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
11:02 / 23.05.2025
4 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan metan zapravka aniqlandi
13:37 / 07.05.2025
Yevropa komissiyasi Rossiya gazidan voz kechish rejasini taqdim etdi
13:48 / 06.05.2025
Yevropa Ittifoqi 2027 yil oxirida Rossiyadan barcha gaz importini taqiqlamoqchi
15:20 / 01.05.2025