O‘zbekiston | 11:32 / 17.12.2020
59439
3 daqiqa o‘qiladi

1 yanvardan fuqarolar faqat «qizil pasport» bilan O‘zbekiston hududidan chiqishi mumkin

O‘zbekiston fuqarolari 2021 yil 1 yanvardan boshlab faqat yangi turdagi xorijga chiqish biometrik pasporti («qizil pasport») bilan O‘zbekiston hududidan chiqishlari mumkin. Uzbekistan Airways bu haqdagi tegishli eslatma bilan chiqdi. 

Prezidentning 2017 yil 16 avgustdagi PF-5156-son farmoniga asosan 2019 yilning 1 yanvaridan xorijga chiqish uchun ruxsat yozuvi stikerini rasmiylashtirish tartib-taomili bekor qilinib,  xorijga chiqish uchun biometrik pasportlar berish (xorijga chiqish pasporti) joriy etildi. O‘zbekiston fuqarolariga ikki turdagi pasport – ichki va xorijga chiqish pasportlari rasmiylashtirilmoqda.

Xorijga chiqish biometrik pasportlari to‘q qizil rangda va 48 betga ega bo‘ladi. Xorijga chiqish biometrik pasportlarining varaqlarida respublikaning tarixiy va arxitektura yodgorliklari aks etgan. Bundan tashqari, xorijga chiqish pasporti suv belgilari, rangi o‘zgaruvchi bo‘yoq, muarli effekt, metallashtirilgan himoyaviy ip, laminatsiyalashtirilgan plyonka hamda pasport qobig‘iga joylashtirilgan elektron chipdan iborat.  

Xorijga chiqish pasportlari 10 yil amal qiladi. Xorijga tez-tez chiqadigan fuqarolar uchun bu qo‘shimcha qulaylikdir. Xorijga chiqish pasporti shuningdek xalqaro standartlarga javob beradi.

Xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish uchun quyidagi hujjatlar taqdim qilinadi:

  • ikki nusxada tegishli shakldagi ariza-anketa;
  • biometrik pasport yoki 16 yoshga to‘lmagan fuqarolarning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi nusxasi va asli.
  • harbiy guvohnoma yoki harbiy qism ro‘yxatida turganlik haqidagi guvohnoma (harbiy xizmatga majburlar uchun);
  • ikkita 3,5x4,5 rasm;
  • oldin taqdim etilgan xorijga chiqish biometrik pasporti (agar bo‘lsa);
  • vakil idoraning hukmi (xorijga chiqish biometrik pasporti ashyoviy dalil sifatida olinganda);
  • xorijga chiqish uchun ota-ona yoki vasiylik qiladigan odamning notarial tasdiqlangan ruxsati (voyaga yetmaganlar uchun);
  • hamroh fuqaroning notarial tasdiqlangan majburiyati (voyaga yetmaganlar uchun);
  • davlat bojini to‘laganlik haqidagi kvitansiya;

15 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar xorijga ota-onalari yoki vasiylarning notarial tasdiqlangan ruxsati bilan hamrohsiz chiqishlari mumkin.

Xorijga chiqish pasportini olish uchun davlat bojining qiymati EKIHning 120 foizini tashkil etadi, 16 yoshga yetmaganlar xorijga chiqish pasportlarini olish uchun davlat boji EKIHning 80 foiziga teng.

Xorijga chiqish biometrik pasporti fuqarolarga quyidagi amal qilish muddatlari bilan beriladi:

  • tug‘ilgan kunidan 1 yoshgacha – 2 yillik muddatga;
  • 1 yoshdan 16 yoshgacha – 5 yillik muddatga;
  • 16 yoshdan katta bo‘lgan shaxslarga – 10 yillik muddatga.

Mavzuga oid