Jahon | 19:20 / 17.12.2020
26608
4 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus, Tog‘li Qorabog‘, chegaralarning ochilishi va navbatdagi prezidentlik. Putin matbuot anjumanida nimalar haqida gapirdi?

Moskvada Rossiya prezidenti Vladimir Putinning yillik matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Putin jurnalistlar va rossiyaliklarning savollariga javob berdi.

Foto: Reuters

Kun.uz Rossiya prezidentining matbuot anjumani davomida berilgan eng muhim savollarga javoblarini jamladi.

Koronavirusga qarshi emlash haqida

«Vaksina menga o‘xshaganlarga hali yetib kelmadi. Hozircha emlanganim yo‘q, lekin imkon bo‘lishi bilan buni amalga oshiraman. Ommaviy vaksinatsiyaga kelsak – buni qilish kerak. Eng avvalo, bizning vazifamiz mamlakatda vaksinatsiyani amalga oshirish. Bizda keng miqyosda emlash uchun haligacha jihozlar yetishmayapti.

Virusning kelib chiqishi haqida

«Aybdorlarni izlash emas, kurashda sa'y-harakatlarni birlashtirish kerak, qiyin ahvolda qolganlarga qanday yordam berish, pandemiyani yengish uchun qaysi yo‘nalishlardagi sanksiyalarni olib tashlash to‘g‘risida o‘ylash kerak».

Chegaralarning ochilishi haqida

«Kasallanish darajasi qanday? Gap shu haqda. Shifokorlar ruxsat berishi bilanoq chegaralar ochiladi».

Foto: TASS

Rus hakerlarining AQShdagi saylovga aralashgani haqida

«Rossiyalik xakerlar bu buyuk davlatning ishlariga aralashmagan. Bu munosabatlarimizni yomonlashtirish, Trampning hayotini buzish uchun bahona. Bu ularning o‘zlari uchun yomon, ammo buni ular o‘zlari tanlashdi. AQShning saylangan prezidenti nimalar bo‘layotganini tushunadi deb o‘ylaymiz, u tajribali odam. Hech bo‘lmasa muammolarning bir qismi hal bo‘ladi deb hisoblaymiz».

Tog‘li Qorabog‘ haqida

"Xalqaro huquq nuqtai nazaridan, bu hududlarning bari Ozarboyjon Respublikasining ajralmas qismi hisoblanadi. Armanistonning o‘zi Tog‘li Qorabog‘ mustaqilligini tan olmagan va buni nazarda tutadigan bo‘lsak, Tog‘li Qorabog‘ ham Ozarboyjon".

 Qurollanish haqida

"Harbiy budjetimiz qancha ekanligini bilasizmi? 46 mlrd dollar. Buyuk Britaniyaniki sal ko‘proq. AQShniki - 770 mlrd. Rossiya harbiy xarajatlar bo‘yicha dunyoda oltinchi o‘rinda turadi. AQSh, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Buyuk Britaniya, Fransiya, Yaponiya – ularning barchasi bizdan oldinda. Xo‘sh, kim oppoq va yumshoq, kim tajovuzkor ekan?"

Konstitutsiyaga tuzatishlar kiritish haqida

«Hamma narsa o‘z vaqtida bo‘lgani yaxshi. Konstitutsiya oxirgi marta 1993 yilda qabul qilingandi, Moskvada tanklar yurgan, odamlar o‘lgandi. Konstitutsiya ana shunday sharoitda qabul qilingandi, u barqarorlashtiruvchi rolni o‘ynadi, fuqarolik dunyosini tiklashga yordam berdi. Ammo hozir boshqa vaziyat, qonunni shunga muvofiq o‘zgartirish kerak edi, o‘zgartirish emas, tuzatishlar kiritish kerak edi».

 Yana prezidentlikka nomzodini qo‘yish haqida

«2024 yilgi saylovda qatnashish yoki qatnashmaslik borasida hozircha qaror qabul qilmadim. Xalq bunga rasman ruxsat berdi».

Bu yil Vladimir Putin 16-bor matbuot anjumani o‘tkazdi. Tadbirga 774 nafar jurnalist akkreditatsiyadan o‘tdi. Putinning bu galgi matbuot anjumani 4 soatu 29 daqiqa davom etdi. Bu vaqt davomida u 50dan ortiq savolga javob berdi. 2019 yil dekabrda matbuot anjumani 4 soatu 18 daqiqa davom etgandi.

Putin 2001 yildan buyon katta matbuot anjumani o‘tkazib keladi. Faqat bosh vazir lavozimida ishlagan davrida - 2008 yildan 2012 yilgacha tanaffus bo‘lgan.

Mavzuga oid