Sport | 12:43 / 21.12.2020
22467
4 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona derbisida hakamni tepgan futbolchi qamalishi mumkin. Uning yaqinlari bu haqda nima deydi?

1 dekabr kuni «Neftchi» – «Turon» o‘yinida sodir bo‘lgan voqea nafaqat o‘zbekistonlik futbol muxlislari orasida, balki boshqa mamlakatlarda ham muhokama qilindi.

O‘zbek futboliga befarq bo‘lmagan muxlislar bu o‘yinni uzoq vaqt eslab yurishsa kerak. Axir futbol hakamlarimiz har qancha qovun tushirishmasin futbolchilar har kuni ham ularni tepib yurgani yo‘q-ku, to‘g‘rimi?

#FootWeek ko‘rsatuvi ijodkorlari o‘sha o‘yindan keyingi janjalning asosiy antiqahramoni bo‘lgan Jamshid To‘raqulovning xonadonida bo‘ldi. Quvasoydagi oddiy bir xonadonda oddiy insonlar bizni kutib olishdi. Ularning xuddi o‘zlari kabi oddiy farzandlari futbol maydonida qilgan oddiy bo‘lmagan sho‘xligi uchun bugun yaqinlarining ozor chekishiga sababchi bo‘lib qoldi. Xo‘sh, yigitchaning futbol maydonida qilgan ishi uchun maydondan tashqarida bu qadar jiddiy chora ko‘rilishi qanchalik to‘g‘ri ish? Bir vaqtlar Erik Kantona qilgan tryukni takrorlagan yigit qamalib ketishi adolatdanmi? Mana shu kabi savollar muxlislarni o‘ylantirgani tabiiy. Xo‘sh, futbolchining yaqinlari bu haqda nima deydi?

«Jamshid juda mehribon yigit... Uning qo‘liga 1,5 yoshli vaqtidan to‘p ushlatganmiz. «To‘p bilan tug‘ilgani» uchun internatga ham o‘z kuchi bilan kirdi. U birov bilan urushadigan bola emas.

Superligaga chiqsak, uylarni tuzataman, oshlar qilamiz, derdi. Shahardan uy olaman, Toshkentdan uy olaman, sizni olib ketaman derdi. Shaharda yomg‘ir yog‘ishini yaxshi ko‘rardi. Jamshid oilamizning boquvchisi edi. Ko‘p vaqt maoshsiz o‘ynab yurdi. Ba'zida yo‘lkirasiga pul topolmay qolardik, tog‘asidan pul olib o‘ynagani ketardi. Vaqti kelsa, qo‘shnilar ham yo‘lkirasi uchun pul berishgan. O‘zi oshxonalarda ishlab, yo‘l puli qilardi.

O‘ziga ham aytdim, futboldan ketkazishsa ketkazishsin, qamalmay chiqsa bo‘ldi», deydi futbolchining onasi Dilorom To‘raqulova.

«O‘yin tugagach, Jamshidga qo‘ng‘iroq qilib nega bunday qilganini so‘radim. Hissiyotga berilib, ko‘ziga hech narsa ko‘rinmaganini aytdi. Televizorga qo‘ysak, hamma kanalda o‘sha vaziyatni ko‘rsatishyapti. Keyin onasi bilan shahar IIBga bordik, yarim kechasigacha o‘sha yerda turdik. Xudoga shukur, bugun tergovchidan ruxsatnoma olib, ko‘rishib keldim. Hozircha unga hech qanday ayblov qo‘yilmagan, bir marta tergov bo‘ldi. Sud yangi yildan keyin bo‘lsa kerak, ungacha o‘sha yerda qolarkan. Hali futbolchilarni, hakamlarni tergov qilamiz deyishyapti. Hokimga, IIB boshlig‘iga, prokurorga xat bilan chiqdim.

Jamshid Superligaga chiqishni juda xohlagandi, shu uchun qizishib ketgan. 10 yilga chetlatilgani haqida gapiradigan bo‘lsam, futbolchi oshib borsa, 35 yoshgacha o‘ynaydi. Hozir Jamshid 22 ga kirgan bo‘lsa, 10 yildan keyin qanday qaytadi? Bu u uchun futbol tugadi degani. O‘g‘lim butun umrini futbolga bag‘ishlagan. Bizni ham bog‘lab bermagan, jonimizni egasi olsa, ketadigan odammiz», deydi futbolchining otasi Lochinbek To‘raqulov.

Bobur Akmalov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi Sherzod Egamberdiyev.

Mavzuga oid