O‘zbekiston | 19:50 / 23.12.2020
8685
3 daqiqa o‘qiladi

Senat raisi O‘zbekistonda suitsid masalasi bilan hech bir tashkilot shug‘ullanmayotganini tanqid qildi

21 dekabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo‘yicha komissiya yig‘ilishida o‘z joniga qasd qilishning oldini olish masalasi o‘ta dolzarb ekani tilga olindi. Senat raisi Tanzila Norboyeva bu bo‘yicha hali hech bir ish qilingani yo‘qligini tanqid qildi.

«O‘zining standartlariga ko‘ra, suitsid (o‘z joniga qasd qilish) masalasi bilan dunyo bo‘yicha Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti shug‘ullanadi. Statistikasini ham shu tashkilot yuritadi. Nima uchun suitsid bo‘lyapti, qanday choralar ko‘rish kerak, degan tahlillarni aynan JSST olib boradi. 

Qarorlarda davlatimiz rahbari tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga ushbu masala bo‘yicha topshiriq berilgan. Lekin shu kunga qadar SSV o‘z joniga qasd qilishning oldini olish bo‘yicha hech qanday ish qilgani ham, olib borayotgani ham yo‘q. Suitsidolog deymizmi, ruhiy holat bilan ishlaydigan nevropatolog deymizmi, kim bo‘lsa ham, bu bo‘yicha ishlashi kerak. Standartlari bo‘lishi kerak. Hamma tashkilotlarga aytib, qattiq kurash olib borish lozim. Lekin bizda shu kurash yo‘q. Mutlaqo yo‘q. Suitsid bo‘yicha ishlash yo‘q bizda hozir. Faqat oqibati bilan ishlayapmiz.

Kimdir o‘z joniga qasd qilganidan keyin o‘lmay qolgan bo‘lsa, borib unga nega unaqa qilmoqchi edingiz, nima bo‘lyapti, deymiz? Unga qandaydir bir yordam beriladi. Agar u o‘lib qolgan bo‘lsa-chi? Marhumning ota-onasini yoki yaqinlarini tinchlantirish bilan ishlayapmiz, xolos.

Lekin bizdagi asosiy ish uning oldini olish bo‘yicha bo‘lishi, sabablari bilan ishlashimiz kerak emasmi? Bunday holatning sabablarini aniqlaydigan kim deganda hech qaysi bir tashkilot javob bera olmayapti.

Sog‘liqni saqlash vazirligida bu mas'uliyat bor. Endi bu bo‘yicha parlament eshituvi bo‘ladi. Ishni hozirdan boshlamasak, suitsidlar yana davom etaveradi. 2021 yilda ham, 2022 yilda ham gapiraveramiz shunaqa bo‘libdi, deb. Qachon nuqta qo‘yamiz?

Bizga ommaviy axborot vositalari katta yordam beryapti. Jurnalistlar bilan blogerlarimiz berayotgan xabarlar bizning ko‘zimizni ochishi kerak emasmi?! Nima uchun biz o‘zimiz bir to‘xtamga kelib, kim nima ish qilishi kerak ekanligini belgilab olmaymiz?» dedi Senat raisi.

Ma'lumot uchun, 2020 yilda suitsid bilan bog‘liq ikki voqea katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.

Ulardan biri 29 sentyabr kuni Namanganda MIB xodimlariga norozilik sifatida o‘zini yoqib yuborgan, tanasining 80 foizdan ortiq kuyishi natijasida vafot etgan ayol voqeasi edi. 30 noyabr kuni Andijon viloyati prokuraturasiga shikoyat bilan borgan ayol olgan javobidan qoniqmay, idora avtoturargohida ustiga benzin quyib, o‘ziga o‘t qo‘yib yuborgandi.

Mavzuga oid