O‘zbekiston | 12:50 / 24.12.2020
2843
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zRTXB»: Birja orqali 30,6 mln AQSh dollarlik oziq-ovqat mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar va neft mahsulotlari import qilindi

Joriy yilning boshidan buyon O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasining savdo tizimlari orqali 91,3 mln AQSh dollarlik mahalliy mahsulotlar eksport qilindi.

Eksport bo‘yicha yirik bitimlar polietilen (52%), neft mahsulotlari (13%) va paxta tolasi (12%) bo‘yicha amalga oshirildi. Sotuvlarning qolgan qismini polipropilen, suyultirilgan gaz va boshqa mahsulotlar egalladi.

Birja mexanizmi orqali amalga oshirilgan eksportning katta hajmi Qozog‘iston – 20%, Tojikiston – 15%, Rossiya Federatsiyasi – 13% va Turkiya – 12% davlatlariga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash maqsadida birja mexanizmlaridan foydalangan holda import shartnomalari ham tuzildi.

Xususan o‘tgan davrda birjaning xorijiy savdo maydonchalari yordamida 30,6 mln AQSh dollarlik oziq-ovqat mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar va neft mahsulotlari import qilindi.

Birjada talabgor oziq-ovqat mahsulotlari importini oshirish va jadallashtirish maqsadida xorijiy kompaniyalarni ro‘yxatdan o‘tkazish soddalashtirildi hamda ular savdolarda ishtirok etishi uchun zakalat summasi bekor qilindi va komission yig‘imlardan ozod qilindi.

Shuningdek, joriy yilda birjaning Rossiyada (3 ta), Ukrainada (1 ta), Qozog‘istonda (2 ta) va Tojikistonda (1 ta) yangi savdo maydonchalari tashkil qilinib, 41 ta xorijiy kompaniyalar Birja tizimida akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Natijada birjaning xorijiy savdo maydonchalari soni 14 taga yetdi.

E'tiborli jihati, bugungi kunda uchinchi tomon vakillari ham birjaning tashqi savdo tizimlari va xorijiy savdo maydonchalarining imkoniyatlaridan foydalanishga qiziqish bildirishmoqda. Misol tariqasida Qirg‘iziston tadbirkorlari o‘zbek birjasining Qozog‘istondagi savdo maydonchasi orqali mahsulotlarni xarid qilishni rejalashtirishmoqda.

Ayni paytda o‘tkazilgan muzokaralar natijasida Qozog‘iston, Ukraina, Belarus va Rossiyaning arzon narxlarida bug‘doy, o‘simlik yog‘i, shakar, mol go‘shti mahsulotlari birja savdolarida sotilishi yo‘lga qo‘yilmoqda.

Misol uchun, Qozog‘istonning «Den» kompaniyasidan 166,7 ming AQSh dollarlik 700 tonna bug‘doy mahsuloti (1 kg uchun 2 481,7 so‘m), Belarus davlatining «Borisovskiy myasokombinat» OAJ dan 116 ming AQSh dollarlik 40 tonna mol go‘shti (1 kg uchun 30 238,3 so‘m) birja orqali sotildi.

«O‘zRTXB» AJ PR bo‘limi

Mavzuga oid