O‘zbekiston | 22:05 / 25.12.2020
5888
4 daqiqa o‘qiladi

Saylovdan keyingi 1-yil: Deputatlarning 2020 yildagi faoliyati yuzasidan hisobot berildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 2020 yildagi faoliyati bo‘yicha hisobot berdi. Hisobotni spikerning 1-o‘rinbosari Akmal Saidov 23 dekabr kuni o‘qib eshittirdi. Kun.uz muxbiri asosiy tezislarni keltirib o‘tadi.

Ma'lum qilinishicha, Qonunchilik palatasi 2020 yilda 144 ta qonun loyihasini ko‘rib chiqqan. Bu – o‘tgan yilga qaraganda uch barobar ko‘p.

Loyihalar ichida 69 ta qonun qabul qilingan. Shundan 59tasi yangi qonunlar; 10tasi esa jamlanma (qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga oid) qonunlardir.

«59 ta qonundan 11 tasi deputatlarning qonun tashabbuskorlik huquqi bilan qabul qilindi. Demak, bu yerda deputatlar ham o‘zining Konstitutsiyada belgilangan huquqidan foydalandi», – dedi Akmal Saidov.

Tugayotgan yilda quyi palata 8 ta qonun loyihasini qaytarib yuborgan.

«Bu ayrim OAV ko‘r-ko‘rona aytganidek, behuda qaytarib berish emas. Loyihalar xalqning, saylovchilarning manfaatlariga to‘g‘ri kelmagan», – ta'kidladi deputat.

Saidovga ko‘ra, 2020 yildan qonun tashabbus qilgan organning o‘zi shu qonunni birinchi o‘qishda tushuntirib berishi ham amaliyotga kiritilgan.

«Agar tashabbuskor qonunning kerakligini isbotlay olsa, undan keyin ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qilamiz».

Spiker o‘rinbosarining eslatishicha, bu yildan qonunlar muhokamasida uni milliy va xorijiy ekspertizadan o‘tkazish amaliyoti ham kirib kelgan.

«Hozirgi kunda tayyorlangan «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonun loyihasida biz 6ta xorijiy tashkilotning xulosasini oldik. Masalan, Yevropa kengashining Venetsiya komissiyasi, YeXHTning demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, AQShning Brigam Yang universiteti, BMTning diniy erkinliklar bo‘yicha maxsus vakili Axmed Shaxidning xulosalari.

Yana bir jihat, pandemiya tufayli biz tom ma'noda elektron parlament tizimini yaratdik, deb ayta olaman», – deydi Akmal Saidov.

U hisoboti davomida qonunlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri harakat qiluvchi bo‘lishi kerakligini ham qo‘shimcha qildi.

Mulozim o‘z hisobotida parlament diplomatiyasi konsepsiyasi qabul qilingani, deputatlar xorijlik hamkasblari bilan hamkorlikni kuchaytirganiga urg‘u berdi.

Saidovga ko‘ra, oxirgi bir necha yilda O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rnini oshirishga qaratilgan 24ta qaror qabul qilingan.

«Ikki guruh reytinglar bor: iqtisodiy va siyosiy-huquqiy. Biz oxirgi yillarda iqtisodiy reytinglarda o‘syapmiz, lekin afsuski, siyosiy reytinglardagi o‘rnimiz hali judayam yaxshi emas.

O‘ylaymanki, 2021 yilda siyosiy-huquqiy reytinglarda ham ko‘tarilamiz. Masalan, biz demokratiya indeksi, qonun ustuvorligi indeksi, korrupsiyani nazorat qilish indeksi, so‘z erkinligi va hisobdorlik indeksi, jahon matbuot erkinligi indeksi kabi reytinglarda mavqeyimizni ko‘tarishga harakat qilyapmiz. Buning uchun hatto kengashlar tuzdik», – dedi u.

Deputat parlamentning inson huquqlari nazorati bo‘yicha vakolati ortayotgani haqida ham gapirdi.

«Bu yo‘nalishda alohida komissiya tuzildi. Ilgari parlament inson huquqlari bo‘yicha qonunlarni qabul qilardi. Endilikda xalqaro shartnomalarni ham ratifikatsiya qiladi. Shuningdek, bu yo‘nalishdagi ishlarning ijro hokimiyati tomonidan qanday bajarilayotganini nazorat qiladi.

2020 yilda o‘tkazilgan Samarqand forumi bizning eng yirik ishlarimizdan biri bo‘ldi», – dedi Akmal Saidov.

Mavzuga oid