«Jizzaxcha tender-2». Jizzax viloyati «zamhokim»ining qarindoshlari bir necha yuz milliardlik davlat buyurtmalarini qo‘lga kiritgani ma'lum bo‘ldi
Bir necha kun avval Davletovuz Telegram-kanalida Jizzax viloyat hokimi Ergash Soliyevning qizi Nargiza Soliyevaga tegishli korxona viloyat hududida gullar va daraxtlar ekish bo‘yicha o‘tkazilgan umumiy qiymati 2 milliard so‘m bo‘lgan tanlovlarini yutib olgani haqida surishtiruv e'lon qilingandi. Bugun kanalda «Jizzaxcha tenderlar-2» sarlavhali yangi surishtiruv paydo bo‘ldi.
Unga ko‘ra, Jizzax viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Rahmonqulov Akrom Bahriddinovichning qarindoshlari ijtimoiy va boshqa soha obektlarini qurish bo‘yicha bir necha yuz milliard so‘mlik davlat buyurtmalarini qo‘lga kiritgan. Qizig‘i, Akrom Rahmonqulov qarindoshlari yutgan tenderlarda komissiya rahbari sifatida qatnashgan.
Ochiq manbalardagi ma'lumotlarga ko‘ra, viloyatdagi aksariyat davlat buyurtmalari Akrom Rahmonqulovning qarindoshlari deya taxmin qilinayotgan shaxslarga tegishli xususiy kompaniyalar o‘rtasidagina taqsimlab olingan. Tenderlarda faqatgina qarindoshlarning firmalari qatnashgan.
1. Rahmonqulov Akbar Bahriddinovich 100 foiz ulushiga egalik qiladigan hamda Rahmonqulov Alisher Bahriddinovich rahbarlik qiladigan «J-Quruvchi» MChJ Davletovuz hisob-kitobiga ko‘ra, 120 milliard so‘mdan ortiq davlat buyurtmalarini qo‘lga kiritgan. Postda aytilishicha, Akbar Bahriddinovich Rahmonqulov danakli va po‘choqli urug‘i bo‘lgan mevalar yetishtirish bilan shug‘ullanadigan «Qo'nish Bobo Maxsus Bog'lari» MChJ, betondan qurilish uchun buyumlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan «Zenatkor Temir Beton Buyumlari» MChJning (korxonaga Rahmonqulov Adham Bahriddinovich rahbarlik qiladi) to‘liq ta'sischisidir.
2. Bahriddinov Shuhratjon Akramovich to‘lig‘icha ta'sischi bo‘lgan «Qurilish Ta'minoti» MChJ ham kamida 80 milliard so‘mlik davlat buyurtmalarini tenderda «yutib olgan». Shuhratjon Rahmonqulov 1997 yildan beri ishlab keladigan «Kamol» xususiy korxonasi egasi ekani ham aytilgan. Bu kompaniya ham viloyatda katta qurilishlardagi ishtiroki bilan tanilgan.
3. Toshpo‘latov Ixtiyor Baxtiyorovich to‘liq ta'sischisi bo‘lgan «Abduvohid Qurilish Ta’mir» MChJ 61 milliard so‘mga yaqin davlat buyurtmalarini tender asosida, shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri (manzilli dasturlar asosida) qo‘lga kiritgan. Toshpo‘latov Ixtiyor Baxtiyorovich ham ona tarafdan Rahmonqulovlarga qarindosh bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.
4. Rahmonqulov Alisher Bahriddinovich to‘liq egalik qiladigan «Jizzax Savdo Lyuks» MChJ yashashga yaroqsiz joylarni ijaraga berish va boshqarish bilan, uning yana bir kompaniyasi – «Ravon Yo'l Invest» MChJ esa toshni kesish, ishlov berish va pardozlash bilan shug‘ullanadi. Ya'ni, bu oilaga tegishli aksariyat korxonalar qurilish bilan aloqador.
Yuqorida qayd etilganidek, qurilish bo‘yicha ayrim tenderlarda Rahmonqulov Akrom Bahriddinovich tender komissiyasi raisi bo‘lgan. Bundan tashqari, o‘zaro affilangan kompaniyalar bitta tenderda ishtirok etgan holatlar ham mavjud. Masalan, 21 milliard so‘mlik tenderda faqat «Abduvohid Qurilish Ta’mir» MChJ va «Qurilish Ta'minoti» MChJ ishtirok etgan.
Viloyat bo‘yicha tasdiqlangan manzilli qurilish dasturlarida yuqoridagi kompaniyalar allaqachon ijrochi sifatida ham ko‘rsatib o‘tilgan holatlar mavjud.
Davletovuz qurilish buyurtmalarida bevosita ishtirok etmasa-da, «Zenatkor Temir Beton Buyumlari» MChJ hamda «Ravon Yo‘l Invest» MChJ davlat budjetidan qurilayotgan inshootlarda ta'minotchilar sifatida ishtirok etayotgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi: «Buni faqat nazorat organlari tekshiruvi orqali aniqlashi mumkin, agar shunga xohish bo‘lsa, albatta», deb yozilgan postda.
Viloyat hokimining matbuot kotibi Akmal Binoqulov Kun.uz muxbiri bilan telefon orqali suhbatda ushbu ma'lumotlarni tasdiqlay olmasligini, bu haqda axborotga ega emasligini ta'kidladi. Viloyat hokimligi rasmiy saytida keltirilgan hamda Akmal Binoqulov taqdim etgan telefon raqamlari orqali Akrom Rahmonqulov bilan ham, viloyat hokimligi huzuridagi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi rahbari Nurulla Omonov bilan ham bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.
Mavzuga oid
12:31
2024 yilda Jizzax viloyatida bolalar ishtirokida 59 ta YTH sodir bo‘ldi
09:56 / 24.09.2024
Jizzaxda haydovchi Damasga katta yoshdagi 14 kishini mindirib harakatlandi
14:28 / 08.09.2024
Birovning nomiga 20 mln so‘m kredit olib o‘zlashtirib yuborgan shaxs ushlandi
01:05 / 16.08.2024