O‘zbekiston | 15:04 / 27.12.2020
5195
3 daqiqa o‘qiladi

Innovatsion qurilish materiallari ishlab chiqarish muammolari muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Qurilish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Fanlar akademiyasi, “O‘zstandart” agentligi va “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi mutasaddi rahbarlari, soha mutaxassislari ishtirokida “Innovatsion qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirishning dolzarb muammolari va yechimlari” mavzusidagi Respublika onlayn ilmiy anjumani tashkil etildi.

Anjumanda ilmiy yutuqlar va innovatsion jarayonlarning o‘zaro bog‘liqligi bo‘yicha fikrlar, ilmiy va amaliy tajriba almashildi. Tadbirning asosiy maqsadi ilmiy jamoatchilikka va salohiyatli investorlarga qurilish materiallari sohasidagi zamonaviy yutuqlarini taqdim etish, shuningdek muammolarga oydinlik kiritish hamda zamonaviy tendensiyalar va ilm-fan, muhandislik va texnologiyaning ustuvor yo‘nalishlarida olib borilgan tadqiqotlar natijalari bilan bo‘lishishdir.

Shu bois qurilish industriyasi bo‘yicha dolzarb mavzularda taqdimotlar o‘tkazildi. Jumladan, “Mahalliy xomashyolar asosida yangi turdagi innovatsion qurilish materiallari ishlab chiqarish imkoniyatlari va salohiyati”, “Qurilish materiallari sanoatiga innovatsiyalarni joriy etishdagi muammolar va yechimlar”; “Qurilish materiallari sohasini innovatsion rivojlantirish hamda qurilish va loyihalashtirishning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish”, “Qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash muammolari” va “Qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarning ishlab chiqarish quvvatini oshirish va energiya tejamkorligini ta'minlash imkoniyatini beruvchi zamonaviy energiya tejamkor texnologiyalarni ishlab chiqarish jarayonlariga joriy etish” yo‘nalishlarida ilm-fan yutuqlarini joriy qilish bo‘yicha ma'ruzalar qilindi, fikr va mulohazalar bildirildi.

Anjumanda Innovatsion rivojlanish vazirining o‘rinbosari Azimjon Nazarov, Qurilish vaziri o‘rinbosari Erkin Iskandarov, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari, texnika fanlari doktori Azizbek Bahodirov, Toshkent arxitektura-qurilish institutining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, i.f.d., professor Ravshan Nurimbetovning ma'ruzalari tinglandi.

Onlayn tarzda o‘tkazilgan tadbirda shuningdek, 15 ga yaqin vazirlik, idoralar va davlat qo‘mitalari, 20 dan ortiq oliy ta'lim muassasalari va ilmiy tadqiqot institutlarining 150 nafarga yaqin ilmiy-izlanuvchilar, fan nomzodlar, fan doktorlari, ilmiy tadqiqotchilar, magistrlar hamda korxona va tashkilot vakillari tomonidan 70 ga yaqin ilmiy maqola va tezislar bilan ishtirok etdilar.

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi Matbuot xizmat

Mavzuga oid