Sport | 20:42 / 30.12.2020
8707
4 daqiqa o‘qiladi

10 yoshli shaxmatchi Sport vazirligi o‘tkazgan musobaqada Spark yutib oldi

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati

Bugun Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, Espors Uzbekistan, Full Level Espors hamda UZREPORT TV va FUTBOL TV telekanallari hamkorligida tashkil etilgan «Yangi yilga sport bilan!» shiori ostidagi ommaviy sport festivali o‘z yakuniga yetdi.

Festivalning so‘nggi kunida yurtdoshlarimiz yilning eng yirik loyihalari – shaxmat bo‘yicha onlayn O‘zbekiston chempionati hamda kibersport bo‘yicha «Uzbekistan Online Cup» musobaqalarining Grand Final bahslari g‘oliblarini bilib olishdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashabbusi bilan aholi o‘rtasida tashkil etilgan «Uyda qol va g‘alaba qozon!» shiori ostidagi shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston ikkinchi onlayn chempionati 2020 yil 20 iyuldan 15 noyabrga qadar o‘tkazildi. Qariyb besh oy davomida shaxmat ishqibozlarini hayajonda ushlab turgan musobaqaning Grand Final bahslari oflayn tarzda tashkil etildi.

O‘tgan davr mobaynida shaxmat bo‘yicha ikkinchi onlayn O‘zbekiston chempionatining 50 ta saralash bosqichida jami 6 650 nafar ishtirokchi qamrab olinib, ular orasidan 500 nafar saralangan shaxmatchi bosh sovrin – Spark avtomobilini qo‘lga kiritish uchun shu yil 28-30 dekabr kunlari poytaxtimizdagi «Milliy» stadionida o‘tkazilgan Grand Final'da ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Saralash bosqichlarida o‘rtacha 800-1000 nafar shaxmatchi ishtirok etdi.

Grand Final musobaqasida 2010 yil 7 fevral kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan Xumoyun Bekmurodov g‘olib chiqib, unga Prezident sovg‘asi — Spark avtomobili topshirildi.

X.Bekmurodov Xalqaro shaxmat akademiyasi tarbiyalanuvchisi bo‘lib, sport ustaligiga nomzod sanaladi. U shaxmat bo‘yicha 5 karra O‘zbekiston, 9 marotaba Osiyo va 5 bora Jahon chempionati g‘olibligini qo‘lga kiritgan.

Shuningdek, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi festival doirasida 2020 yilning eng yaxshilarini ham taqdirladi.

Anchayin murakkab sharoitda kechgan 2020 yilning «Eng yaxshi sportchisi» nomiga og‘ir jarrohlik operatsiyasidan keyin yuksak matonat ko‘rsatib, yana sportga qayta olgan va ulkan yutuqlarga erishgan dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a'zosi Davlat Bobonov sazovor bo‘ldi.

«Yilning eng yaxshi treneri» nominatsiyasida g‘oliblik sambo bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Roman Shakirovga nasib etdi.

Qolgan nominatsiyalar g‘oliblari bilan tanishing:

  • «Yilning eng yaxshi sport shifokori» – Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi sport travmatologi Sunnatilla Yo‘lchiyev;
  • «Yilning eng yaxshi sport tashkiloti» – O‘zbekiston Og‘ir atletika federatsiyasi.

Taqdirlash marosimida Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Rustam Shoabdurahmonov va boshqalar ishtirok etishdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati

3.jpg
6.jpg
4.jpg
5.jpg
2.jpg

Mavzuga oid

E`lonlar