O‘zbekiston | 21:03 / 30.12.2020
12784
6 daqiqa o‘qiladi

Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida qonun loyihasi Oliy Majlisda uch marta o‘qilgani aytildi. Lekin bu haqda xabar qilinmagan

Taraqqiyot strategiyasi markazida Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining videokonferensaloqa tarzida majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.

  • Qonun bilan sud tizimida tashkiliy-tuzilmaviy o‘zgarishlar amalga oshirilayotganini inobatga olib, Konstitutsiyaning 107-moddasiga tegishli o‘zgartishlar kiritilmoqda. O‘zgartirish kiritilayotgan moddada aniqlik kiritilishicha, O‘zbekiston sud tizimi Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, harbiy sudlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma'muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma'muriy sudlari, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudlari, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlari, tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlari va tumanlararo ma'muriy sudlardan iborat. Ushbu o‘zgartirish O‘zbekiston prezidentining 24 iyuldagi «Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga ko‘ra kiritilmoqda, farmonga ko‘ra, 1 yanvardan boshlab sud tizimiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi lozim.

Tadbirda Kun.uz muxbiri ushbu qonun Qonunchilik palatasi tomonidan Konstitutsiyaning 128-moddasi va «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining reglamenti to‘g‘risida»gi qonunning 15-moddasiga zid ravishda keng jamoatchilikka muhokama uchun e'lon qilinmagani va palata rasmiy saytiga joylashtirilmagani borasida savol berdi.

Konstitutsiyaviy sud va Oliy sud raislari o‘rinbosarlari bu savol yuzasidan munosabat bildirishdi.

Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov

«Bu tashabbus o‘zimiz, ya'ni sudlar xohlagani uchun emas, balki xalq shuni talab qilgani uchun bildirildi. Ana o‘sha jarayonda senator va deputatlarimiz joylarga chiqib xalqning fikrini, bu boradagi qiyinchiliklarini o‘rgandi.

Aytib o‘tganimdek, qanchalik yuk yelkamizga tushayotganini bilgan holda bunga rozi bo‘lyapmiz. Chunki bugun bu ishni qilmasak, erta qilishimiz kerak. Farmon [loyihasini] tayyorlash jarayoni ikki yil davom etdi. Farmon qabul qilinib, e'lon qilindi va ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borildi.

Undan tashqari, Oliy Majlisda 3 marta o‘qildi [Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi], har bir o‘qilgandan keyin intervyular berildi, televideniye orqali mazmun-mohiyati keng yoritildi. Men jamoatchilik bundan bexabar degan fikrlarga qo‘shila olmayman», – dedi Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov.

Biroq Oliy sud raisi o‘rinbosari ta'kidlaganidek, prezident farmoni qabul qilingandan so‘ng ishlab chiqilgan qonun loyihasi matni Qonunchilik palatasi rasmiy saytida e'lon qilinmagan, bu esa «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining reglamenti to‘g‘risida»gi qonunning 15-moddasiga zid hisoblanadi. Shu bilan birga, loyiha birinchi o‘qishda qabul qilingani, muhokamalar jarayoni qanday kechgani haqida jamoatchilikka batafsil axborot berilmagan.

Konstitutsiyaviy sud raisi o‘rinbosari Asqar G‘ofurov esa Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmagani bo‘yicha masala Konstitutsiyaviy sud tomonidan ko‘rib chiqilmaganini aytdi va bu masalani ko‘rib chiqishga asos yo‘q deb hisoblashini ma'lum qildi.

Konstitutsiyaviy sud raisi o‘rinbosari Asqar G‘ofurov

«Men savolga o‘zimning fikrimni bildirishdan avval bir narsaga e'tibor qaratishingizni xohlayman. Hozirgi kunda 7 kishidan iborat kollegial organ tomonidan majlisda bir fikrga kelib qaror qilinsa, shu Konstitutsiyaviy sudning munosabati bo‘ladi. Men Konstitutsiyaviy sud vakiliman, lekin uning nomidan Konstitutsiyaviy sud munosabatini bildira olmayman. Sababi bu masala [qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmagani – tahr.] Konstitutsiyaviy sud tomonidan ko‘rib chiqilmagan va ko‘rib chiqishga ham asos yo‘q deb o‘ylayman.

[Qonun loyihasi] prezident farmonini qabul qilish jarayonlarida xalq muhokamasidan o‘tgan. Ya'ni boshqacha shakllarda shu o‘zgartirishlardan jamoatchilik xabardor qilingan. Yana bir bor ta'kidlayman, bu – Konstitutsiyaviy sudning munosabati emas, fuqaro va mutaxassis sifatidagi fikrim», dedi u.

  • Eslatib o‘tamiz, Senat ushbu qonunni 18 dekabr kuni o‘tkazilgan o‘zining so‘nggi yalpi majlisida ko‘rib chiqishi kerak edi, biroq internetda Konstitutsiyaga muvofiq (128-modda) parlament Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi qonunni faqat keng jamoatchilik muhokamasidan so‘ng qabul qilishi mumkinligi to‘g‘risida maqolalar e'lon qilingach, masala kun tartibidan olib tashlangan edi.
  • Ma'lumot uchun, 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Konstitutsiyasiga shu paytgacha 14 marta o‘zgartish kiritilgan.
  • Konstitutsiyaning 128-moddasi talabiga ko‘ra, Oliy Majlis tegishli taklif kiritilgandan keyin 6 oy mobaynida Konstitutsiyaga o‘zgartish va tuzatishlar kiritish to‘g‘risida keng va har taraflama muhokamani hisobga olgan holda qonun qabul qilishi mumkin.

Mavzuga oid