O‘zbekiston | 23:23 / 02.01.2021
83393
2 daqiqa o‘qiladi

Mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi

Jismoniy shaxslar tomonidan xalqaro pochta yoki kurerlik jo‘natmalari orqali olib kirilgan mobil qurilmalarni tizim operatorining sayti orqali ham ro‘yxatga olish mumkin bo‘lmoqda.

Foto: androidcentral.com

Hukumat qarori bilan mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Qarorga muvofiq, endilikda O‘zbekiston Respublikasi hududida mobil qurilmalar chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub'yektlari mobil qurilmalarni respublika hududiga olib kirish sanasidan qat'i nazar, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun javobgar bo‘ladilar.

Shuningdek, agar mobil qurilmaning bir slotiga tegishli IMEI-kodi 2019 yil 1 noyabrgacha avtomatik ro‘yxatdan o‘tgan va bazaga kiritilgan bo‘lsa, uning boshqa slotidagi IMEI-kodi qurilma egasi tomonidan quyidagi harakatlar bajarilganidan so‘ng tizim operatori tomonidan 3 ish soati mobaynida bepul amalga oshiriladi:

  • mobil qurilma egasining tizim operatori yoki tizim ro‘yxatga oluvchisiga shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan shaxsan murojaat qilishi;
  • IMEI kodining ushbu mobil qurilmaga haqiqiy ekanligini tasdiqlash (mobil qurilma klaviaturasida *#06# kodini yozib olingan IMEI kodining ekran tasvirini taqdim etish);
  • belgilangan shakldagi anketani taqdim etishi.

Agar mobil qurilmaning bir slotiga tegishli IMEI-kodi 2019 yil 1 noyabrdan keyin arizaga asosan ro‘yxatga olingan bo‘lsa, ushbu qurilmaning boshqa sloti IMEI-kodini ro‘yxatdan o‘tkazish 3 soat ish vaqtida to‘lov asosida amalga oshiriladi.

Jismoniy shaxslar tomonidan xalqaro pochta yoki kurerlik jo‘natmalari orqali olib kirilgan mobil qurilmalarni tizim operatorining sayti orqali ham ro‘yxatga olish mumkin bo‘lmoqda. Avvalgi tartib bo‘yicha bu uchun tizim operatoriga shaxsan murojaat etilardi.

Bundan tashqari, qaror bilan bojxona chegarasidan tovarlarni bojsiz olib kirish normalariga rioya qilinmagan holda olib kirilgan mobil qurilmalar, ular uchun import qiluvchi sifatida bojxona to‘lovlari to‘langandan so‘ng IMEI-kodlari ro‘yxatdan o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Mavzuga oid