Ro‘yxatdan o‘tkazish to‘lovi, qoidabuzarliklar va ovoragarchiliklar - vazirlik vakili bilan IMEI atrofidagi savollar yuzasidan intervyu
5 yanvar kuni AKT vazirligi matbuot xizmati rahbari Sherzod Ahmadov ishtirokida mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar yuzasidan brifing o‘tkazildi.
Kun.uz muxbiri tadbir yakunida vazirlik vakili bilan shu mavzu atrofidagi savollar yuzasidan qisqa intervyu uyushtirdi.
— O‘zbekistonda jismoniy shaxslar tomonidan xalqaro pochta yoki kurerlik jo‘natmalari orqali olib kirilgan mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini UZIMEI tizimidan ro‘yxatdan o‘tkazish uchun belgilangan summalar qanday belgilangan?
— IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish butun dunyo tajribasida bor holat. O‘zbekistonda mazkur xizmat uchun belgilangan tariflar ham dunyodagi amaliyotdan kelib chiqqan holda Moliya, Iqtisodiyot va Kambag‘allikni qisqartirish vazirliklari hamda boshqa idoralar bilan kelishilib, belgilangan.
Aniqlashtirish uchun aytib o‘tmoqchimanki, savdo bozorlariga olib kirilayotgan mobil aloqa vositalarining IMEI-kodlarini UZIMEI tizimidan ro‘yxatdan o‘tkazish importyorlar tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu qurilmalarni sotib olayotgan fuqarolar esa biror bir to‘lovni amalga oshirmaydi.
— Yangi tizimga o‘tilganidan keyin O‘zbekistondagi ko‘plab fuqarolarning pasport ma'lumotlaridan noqonuniy ravishda foydalanish, ulardan mobil qurilmalarda IMEI kodlarini kiritishda foydalanish holatlari ortdi. Buning oldini olish maqsadida IMEI-kodini/kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda jismoniy shaxslar tomonidan foydalaniladigan abonent raqami mahalliy mobil operatorlaridan ariza beruvchi nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lishi kerak bo‘lgan amaliyot belgilandi. Ammo ko‘ryapmizki, bu ham to‘g‘ri yechim emas ekan. Chunki odamlar o‘z mobil qurilmasini kimgadir berishi, sovg‘a qilishi yoki umuman boshqa kishining nomidagi sim kartadan foydalanishi mumkin.
— Savolingiz o‘rinli, haqiqatda bu kabi holatlar kuzatildi. Ammo hozir shu kabi holatlarning oldini olish maqsadida yangi tizim yo‘lga qo‘yildi. Unga ko‘ra siz mobil qurilmangizni o‘zingizning nomingizdagi sim karta bilan ro‘yxatdan o‘tkazgan bo‘lsangiz, ma'lumotlar ba'zasi bir-birini tekshirib olishi natijasida boshqa bir shaxs o‘sha raqamdan keyinroq foydalana olmaydi. Fikrimcha. Nomingizda umuman sim karta bo‘lmasligi mumkin emas.
Endilikda shuningdek, biror sim kartaga mobil qurilma ro‘yxatdan o‘tkazilgan taqdirda o‘sha nomdagi boshqa sim kartalarga ham bu haqda xabar yetib boradi.
— «IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish fuqarolarga mobil qurilmalarini yo‘qotib qo‘yganda, uni topishga yordam beradi», deb izohlanyapti. Ammo hozir fuqarolar mobil qurilmasini yo‘qotib, ichki ishlar organlariga murojaat qilganda, u yerda baribir o‘sha qurilma qutisini so‘rashadi.
— Fuqarolar o‘z mobil qurilmalarini shaxsiy ma'lumotlari orqali ro‘yxatdan o‘tkazgan taqdirda keyinchalik uning qutilari kerak bo‘lmaydi. Uni yo‘qotib qo‘yib, topish kerak bo‘lganda ham.
Men ichki ishlar idoralarida bu tartib qanday amalga oshirilayotganini bilmayman.
— Shaxsan o‘zimning telefonim ham O‘zbekistonga xorijdan keltirilgan. Uni ro‘yxatdan o‘zim o‘tkazdim. Lekin bu jarayonlarda men bir necha kunlik ovoragarchiliklarga duch keldim. Masalan, telefonni yuborgan o‘sha tanishimning pasport nusxasini topish, uni yana pochta bo‘limlariga olib borish, navbatlar...v.h.k.
Aytingchi, nega mana shu jarayonlar tartibli tarzda tashkil qilinmayapti?
— Siz o‘z mobil qurilmangizni qachon ro‘yxatdan o‘tkazganingizdan xabarim yo‘q. Albatta, har qanday yangilik joriy qilinayotganda kamchiliklar bo‘ladi. Hozir vaziyat o‘zgaryapti.
— IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun olinadigan yig‘imlar respublika telekommunikatsiya infratuzilmasini, shu jumladan, qishloq va chekka aholi punktlari, turistik va rekreatsion hududlarda rivojlantirish loyihalari uchun sarflanishi aytilgan.
Xo‘sh, vazirlik o‘tgan yilgi jami yig‘imlar va uning sarfi bo‘yicha qachon batafsil hisobot beradi?
— Hozirda yil yakunlari bo‘yicha qilingan barcha ishlar umumlashtirilyapti. Tez kunlarda bu haqda ham batafsil hisobot beramiz.
Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
11:21 / 22.01.2024
IMEI’ni noqonuniy o‘zgartirish va nusxalashga javobgarlik belgilandi
17:50 / 24.11.2023
Mobil qurilmaning IMEI kodini qonunga xilof ravishda o‘zgartirganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda
18:18 / 19.09.2023
Mobil qurilmaning IMEI kodini klonlashtirganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda
10:32 / 13.07.2023