O‘zbekiston | 20:39 / 10.01.2021
13281
4 daqiqa o‘qiladi

«Gurkirab turgan bozorni buzib, shu yerga uy solamiz deganlar ham bo‘ldi» - Tolibjon Madumarov «snos»lar haqida

«Gurkirab turgan bozorni buzib, shu yerga uy solamiz degan holatlar ham bo‘ldi-da. Bu Toshkent viloyatida bo‘ldi, Namanganda bo‘ldi, Samarqandda bo‘ldi. Qancha janjallar bo‘ldi? Buni yashirib o‘tirishning foydasi yo‘q», – deydi Senat komissiyasi raisi Tolibjon Madumarov.

Oliy Majlis Senatining mahalliy hokimiyat vakillik organlarining faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi raisi Tolibjon Madumarov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda «snos»lar masalasidagi savollarga javob qaytardi.

«Gapning ochig‘ini aytganda, normativ-huquqiy hujjatlarda ham «snos» haqida yaxshiroq qonun yo‘q edi. Keyingi besh-olti yil ichida, «snos»lar kuchayganidan keyin, bir necha qonun va normativ hujjatlarga o‘zgartirish kiritilib, shunga binoan «snos» qilasan, degandan keyin ham xatolar bo‘ldi.

Xatolarning oldini olish uchun birma-bir aytildi, «nima uchun snos qilinayotganini aytgin, fuqarolar holatini hisobga olgin», deb tushuntirildi. Chunki hamma ham bugungi uyini buzib, xuddi shunday uy quradigan sharoitda emas. Qurilish materiallari bor... Olayotgan oyligi yetmasligi mumkin. Bu fuqarolarning kayfiyatiga ham ta'sir qiladi.

Sanoat rivojlana boshlagach, investor o‘ziga qulay joyni tanlab, shu yerda qursak, investitsiya kiritadigan loyihamiz muvaffaqiyatli bo‘ladi, deb hokim bilan kelishib, hokimni xatoga boshlayapti. Tushunmagan hokim ham: «Bo‘pti, buzsak bo‘larkan», deyapti...

Gurkirab turgan bozorni buzib, shu yerga uy solamiz degan holatlar ham bo‘ldi-da. Bu Toshkent viloyatida bo‘ldi, Namanganda bo‘ldi, Samarqandda bo‘ldi. Qancha janjallar bo‘ldi? Buni yashirib o‘tirishning foydasi yo‘q.

Buning sababi sifatida mulkdorga nisbatan behurmatlik va hokimning xalqiga bo‘lgan e'tiborsizligi deb bilaman.

Tartib-taomiliga ko‘ra, uchta sharti bor: mulkdorga obekti buzilishi haqida 6 oy oldin aytib qo‘yish kerak; mulk bugungi bozor narxida baholanishi kerak; mulkdor kompensatsiya masalasida rozi qilinishi kerak», – dedi Madumarov.

So‘nggi yillarda «davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun» deya aholi yashash joylaridagi yerlar olinib, ko‘p qavatli uylar qurib yuborilgan holatlar ko‘p kuzatildi. Shu va boshqa omillarni hisobga olib, ma'lum davrga «snos»lar uchun moratoriy joriy etish haqidagi savolga senator quyidagicha javob berdi:

«Bu juda ko‘p o‘rganildi. Moratoriydan ko‘ra, «snos» uchun xalq deputatlari kengashi qarorini olish tartibini joriy etyapmiz.

Hozir hammaga tushuntiryapmiz, «yeringizni olib qo‘ymoqchi bo‘lishsa, kengash qarorini so‘rang» deb. Oldin shu tartibni ko‘raylik-chi, agar ishlamasa, moratoriyga ham o‘tishimiz mumkin.

Bu tartib amaliyotda qanday ish berishini bir yil kuzataylik. Moratoriy chorasi ham zaxiramizda bor. Bu masalalar ustida ishlashda davom etyapmiz».

To‘liq suhbatni Kun.uz'ning YouTube'dagi sahifasida tomosha qiling.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid