Sport | 21:48 / 10.01.2021
32539
9 daqiqa o‘qiladi

«Muammo 2000-yillardan boshlangan» – Hulkar Tohirjonova shaxmat federatsiyasi bilan bog‘liq mojaroli holat haqida

2020 yilning oxirgi kunlarida ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonlik xalqaro grossmeyster Gulruxbegim Tohirjonova AQSh shaxmat federatsiyasi a'zosiga aylangani haqida xabar tarqalgandi. O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi bu xabar ortidan bildirilgan qator tanqidlarga o‘z munosabatini bildirdi. Ammo federatsiyaning rasmiy munosabati opa-singil shaxmatchilarning o‘rtanchasi Hulkar Tohirjonovada yana qator e'tirozlarni uyg‘otgan.

Gulruxbegim Tohirjonova AQSh nomidan dona surishi haqidagi xabarlardan keyin Kun.uz’ning Farg‘onadagi muxbiri shaxmatchining otasi Alisher Mo‘minov bilan bog‘langan, ota esa bu qarorni qizi mustaqil qabul qilgani va unga qarshi bo‘lmaganini aytib o‘tgandi.

«Bu qaror qizimning o‘zidan chiqdi. U 21 yoshga to‘ldi. Mustaqil fikrlaydigan, mustaqil qaror qabul qiladigan yoshga yetib keldi. Men ota sifatida uning qarorini qo‘llab-quvvatladim. Endilikda qizim [Gulruxbegim Tohirjonova] AQShning Missuri universiteti jamoasi safida dona suradi va bundan keyin xalqaro musobaqalarda Amerika Qo‘shma Shtatlari sharafini himoya qiladi. Bir narsani alohida ta'kidlamoqchiman, qizim fuqaroligini o‘zgartirgani yo‘q. U — O‘zbekiston fuqarosi. Faqatgina shaxmat bo‘yicha musobaqalarda Qo‘shma Shtatlar nomidan qatnashadi», — degan edi u.

Alisher Mo‘minov va qizlari
Foto: Telegram / @Nazlobudnya_AU

Dekabr oyi oxirida bloger Aziza Umarova AQSh shaxmat federatsiyasi a'zosiga aylangan Gulruxbegim Tohirjonova borasidagi xabarlardan keyin opa-singil grossmeysterlar haqida fikrlarini bildirdi.

U opa-singillar – Nafisa Mo‘minova, Hulkar Tohirjonova va Gulruxbegim Tohirjonova tarixiga to‘xtalib, postini shunday so‘zlar bilan yakunlagan: «Bizda bu kabi iqtidorli qizlarni qadrlamasliklaridan afsusdaman. Biroq bu ajoyib shaxmatchilar qachonlardir Qo‘qondagi oddiy o‘zbek oilasida tug‘ilganidan cheksiz faxrdaman. Ular qayerda sovrinli o‘rinlarni egallamasin, o‘zbek bo‘lib qoladi. Qolgani — sport funksionerlarining aybi. Ota esa — tilla odam. Biz sizlar bilan faxrlanamiz, qizlar! Siz millatimiz g‘ururisiz».

O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi grossmeyster Gulruxbegim Tohirjonova atrofidagi xabarlar bo‘yicha rasmiy bayonot berdi.

Bayonotda OAVda e'lon qilingan maqolalar bir tomonlama yoritilgani aytilgan. Shuningdek, unda terma jamoadan chiqib ketish fikri sportchining o‘ziga tegishli ekani va bunda boshqalarni aybdor qilish mumkin emasligi ta'kidlanadi.

Federatsiya munosabati shaxmatchilarda yana qator e'tirozlarni uyg‘otgan. Opa-singillarning o‘rtanchasi Hulkar Tohirjonova Kun.uz bilan suhbatda federatsiya bayonotidagi fikrlarga javob qaytardi.

Federatsiya Gulruxbegim Tohirjonovaning terma jamoa safidan chiqarilishini uning 2019 yilda AQShga o‘qishga ketgani bilan izohlagandi. Opasi esa o‘qishga ketish sportchini terma jamoadan chetlatish uchun sabab bo‘lolmasligini aytib o‘tdi.

«Uning tarkibdan chiqarilgani bo‘yicha ham bizga hech kim ma'lum qilmadi. Shunchaki chiqarib yuborishdi. Biz buni har oy tushib turadigan 500 ming so‘mlik ovqat puli tushmay qolganidan bildik. Biz ham federatsiyadan tushuntirish so‘raganimiz yo‘q.

Bilasizmi, bu birinchi safar bo‘layotgan holat emas. Avvalroq opam Nafisani ham safdan chiqarib yuborishgan. Bu qachon bo‘lgani esimda yo‘q. Opam hammadan yuqori reytingi bilan ham terma jamoadan chiqarib yuborilgandi. Bu haqida ham hech kim bizga xabar qilmagandi va opam qayta tiklanmadi.

Undan keyin opam terma jamoada o‘ynamoqchi bo‘lganida oliy ligada o‘ynaysan, yo‘qsa terma jamoaga qo‘ymaymiz deyishgan. Opam o‘ynamagan. Chunki oliy ligadagi qizlardan opamning darajasi ancha farq qilar edi. Grossmeyster terma jamoaga saralashsiz olinishi kerak», deya ta'kidladi u.

Hulkar Tohirjonovaga ko‘ra, yuzaga kelgan ziddiyatning ba'zilari federatsiya vitse-prezidenti Husan Turdialiyevning qizi ham shaxmatchi bo‘lgani bilan bevosita bog‘liq.

«Bizning muammo 2000-yillardan boshlangan. Chunki biz u bilan (Husan Turdialiyevning qizi Taxmina nazarda tutilmoqda – tahr.) bir xil yosh kategoriyasida o‘ynaganmiz. Biz uni doim yutar edik va hech qachon kelishuv bilan yutqazib bermaganmiz. Kimlardir unga ochko bergandir, lekin biz bermaganmiz. Barchasi shundan boshlangan.

Bir safar Osiyo chempionatiga 10 yoshgacha qizlar borishi kerak bo‘lgan hamda buning uchun ikkalamizning nomzodimiz ko‘rsatilgan. Boshqalar Hulkar borishi kerak deganda, u kishi (Husan Turdialiyev nazarda tutilmoqda) buni rad etgan.

Xullas, chempionatga yuborilgan Taxmina Turdialiyeva adashmasam, hamma partiyalarni yutqazib qaytgandi.

Adashtirmaslik uchun, biz bu yerda Taxminaning yaxshi yoki yomon qizligini muhokama qilmayapmiz, faqatgina otasi uning orqasidan qilgan ishlarini muhokama qilmoqdamiz. U qizda ham ayb yo‘q, umuman olganda, hammasini otasi qilgan», dedi Hulkar Tohirjonova. 

Shaxmatchi suhbat davomida opasi har bir o‘yin uchun katta miqdorda mablag‘ olgani haqidagi gaplarga ham to‘xtaldi.

«Shunday deb yozishibdi, lekin musobaqalarda har bir o‘ringa belgilangan ma'lum bir summa bor. Opam menga ularning hammasini yig‘ganda ham 7-8 ming dollar atrofida olganini aytgan.

Reyting bo‘yicha ham u yerda dunyoning eng kuchli shaxmatchilari qatnashgan. Gran-priga kirayotganda ham reytingi eng pasti opam edi. Lekin yosh shaxmatchi bo‘lishiga qaramasdan, o‘ynab yomon natija ko‘rsatmadi.

Musobaqaga tayyorgarlik uchun murabbiylarning o‘ziga 7-8 ming dollardan ko‘p pul ketgan. Chunki o‘sha vaqtda bir soatlik mashg‘ulot uchun murabbiylarga 100 dollardan pul to‘laganmiz.

Yaxshi shaxmatchi bu kabi musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rishi uchun bir haftada hech bo‘lmaganda 6-8 soat mashg‘ulot olib borishi kerak. Bundan tashqari, boshqa murabbiylar bilan ham ishlanadi. Faqat bir murabbiy bilan ishlab bo‘lmaydi. Xullas, sportchining o‘z holatini saqlashi va boshqa xarajatlar uchun ham yaxshigina pul ketadi.

Federatsiya yozayotgan summa opam borgan musobaqa tayyorgarligiga ketadigan pullarning yarmini ham qoplamaydi. Bizni moliyaviy jihatdan har doim dadamiz qo‘llab-quvvatlab kelgan, shuning uchun hech qachon pulga muhtoj bo‘lmaganmiz.

Biz hech qachon ularning oldiga (federatsiya vakillari nazarda tutilmoqda) kechirim so‘rab bormaganmiz. Ular yolg‘on bayonot berishmoqda. Umuman, nega kechirim so‘raymiz? Otamning qizlari nomidan rasmiy munosabat bildirishga haqqi bor. Chunki u kishi bizning rasmiy murabbiyimiz, menejyer va homiyimiz ham», deydi Tohirjonova.

U shaxmat federatsiyasi bergan bayonot ko‘plab yolg‘onlardan iboratligini ta'kidlagan.

«Ulardan yana biri – otam federatsiya oldiga shart qo‘yishi haqidagi gap. Chunki otam ularning oldiga 3 nafar qizi ham chempionatda ishtirok etishi bo‘yicha hech qanday talab qo‘ymagan. Dadam federatsiya vakillariga bor gapni aytgan. O‘sha paytda opamning reytingi baland bo‘lgani uchun terma jamoaga saralangan.

Federatsiya bir nechta rasmiy turnirlarni keltirib, unga biz pul to‘lab berdik, deyapti. Xo‘sh, rasmiy turnirlarga kim pul to‘lashi kerak? Sportchimi? Jahon chempionati, Osiyo chempionati, shaxmat olimpiadasiga ham o‘z hisobimizdan boraylikmi? Rasmiy turnirlar bo‘lganidan keyin, albatta, federatsiya moliyalashtiradi-da.

Biz shundan keyin ham juda ko‘p turnirlarda ishtirok etdik va ularning barchasiga otam o‘z hisobidan pul to‘lab keldi. Chunki har yili 8-10tagacha turnirda qatnashishimiz kerak. Har bir turnirda qatnashish uchun esa kamida 2000 dollardan, ba'zida undan ancha yuqori summa ham kerak bo‘ladi.

Federatsiyaning bizga munosabatini quyidagi misollarda ko‘rsatish mumkin: Opam (Nafisa Mo‘minova nazarda tutilmoqda) 2012 yilda grossmeyster edi. Jahon Gran-prisidagi ishtirokidan keyin unga 15-20 ming so‘mlik medal berishgandi. Boshqa biror moddiy narsa berilmagan.

2018 yilda Gulruxbegim «Yilning eng yaxshi yosh shaxmatchisi» bo‘lganda ham 300 ming so‘mgina pul olgan. Boshqa hech narsa. U o‘shanda 16 yoshida grossmeysterlik talablarini bajargan edi», deydi Hulkar Tohirjonova.

Mavzuga oid