Jahon | 16:47 / 10.01.2021
32290
12 daqiqa o‘qiladi

Trampning hokimiyatdagi so‘nggi kunlari: ikkinchi impichment ehtimoli va yadro tugmasi

Kapitoliy Donald Tramp tarafdorlari tomonidan qamal qilinganidan keyin Vashingtondagi ashaddiy tarafdorlari ham prezidentdan yuz o‘gira boshlashdi. Senatdagi respublikachilar ortiq uni himoya qilishmayapti, Tramp tayinlagan amaldorlar esa birin-ketin iste'fo bermoqda.

Foto: Getty Images

Tvitter tomonidan «keyinchalik zo‘ravonlikka da'vat etishning yuqori xavfiga bog‘liqligi sabab» butunlay bloklangan AQShning 45-prezidenti 20 yanvar kuni, saylangan prezident Jo Baydenning inauguratsiya marosimi kuni Oq uyni tark etishi kerak. Ammo Kongressdagi demokratlar bu kunni kutmoqchi emas - ular Trampni muddatidan oldin lavozimdan chetlatishni, shu bilan birga keyin ham prezidentlik saylovlarida qatnashishdan mahrum qilishni istashmoqda.

Juma kuni Kongressning quyi palatasi spikeri Nensi Pelosi prezidentlikdan ketayotgan Donald Tramp zudlik bilan iste'foga chiqmasa, unga impichment e'lon qilish tashabbusi bilan chiqishini ma'lum qildi.

U prezidentning harakatlari Kapitoliyga hujumni va buning oqibatida besh kishi, jumladan, bir politsiyachi o‘limini keltirib chiqarganiga urg‘u bermoqda

Demokratlar dushanba kuni yangi impichment loyihasini (prezidentni tezda almashtirish kerakligi haqidagi ayblov xulosasi) muhokamaga qo‘yishmoqchi. Unda bitta modda bor - «isyonga da'vat».

Vakillar palatasida bo‘lgan 160 demokrat loyihani imzolagan. Uning mualliflari kongressmenlar- Rod-Aylend shtati vakili Devid Sisilini, kaliforniyalik Ted Lyu va merilendlik Jyeymi Raskin. Ular Tramp tarafdorlarining Kapitoliyga hujumidan keyinoq loyihani ishlab chiqishni boshlashgan.

Saylangan prezident Jo Bayden impichment tashabbusi haqida fikr bildirmadi va qarorni Kongress qabul qilishini bildirdi. Shu bilan birga, u Trampni prezidentlik lavozimiga nomunosib deb hisoblashini qo‘shimcha qilgan.

Oq uydagilar bu tashabbusni «siyosiy motivlarga ega» deb baholashgan va bu Amerika jamiyati bo‘linishini yanada kuchaytirishidan tashvish bildirishgan.

Yuqori lavozimli respublikachilar birinchi impichment davridagidan farqli o‘laroq, endilikda prezident tarafida turishmayapti. Shu bilan birga, unga qarshi borishga ham tayyor emaslar -  bu Trampga sodiq bo‘lgan millionlab saylovchilarga qarshi borish bo‘lib qoladi.

Tramp uchun xavf yanada reallashdi, chunki u keyingi saylovlarda Kongressda Baydenning g‘alabasi tasdiqlanishiga to‘sqinlik qilmagan barcha respublikachilar o‘rniga boshqa muqobil nomzodlarni ilgari surishni va'da qildi.

Impichment jarayoni
Agar impichment jarayoni boshlansa - bu Donald Tramp uchun ikkinchisi bo‘ladi - bunaqa holat AQSh uchun tarixiy pretsedentdir. 2019 yil dekabrida Vakillar palatasi hokimiyatni suiiste'mol qilish va Kongress faoliyatiga to‘sqinlik qilish bo‘yicha ayblovlarga asoslangan impichmentni  ma'qullagandi. Ammo 2020 yil fevralidagi eshituvlarda Senat uni ikki modda bo‘yicha ham oqlagandi.

Impichmentga uchragan prezident lavozimidan ketishi uchun senatorlarning uchdan ikki qismi ovoz berishi kerak bo‘ladi. Bu juda katta raqam va AQSh tarixida bunday natijaga erishilmagan. Hozirda Senatdagi 100 ovozdan 48tasi demokratlarda bo‘ladi (agar impichment uchun ovoz berilsa), tez orada yana ikki mandatni demokratlar band qiladi.

Bu shuni anglatadiki, impichment orqali ko‘zlangan maqsadga erishish uchun uni kamida 17 nafar respublikachi senator ham qo‘llashi talab etiladi, bu esa ehtimoldan yiroq - hozirda respublikachi senatorlarning qanchasi prezidentdan butunlay aloqani uzishga tayyorligi aniq emas. Katta ehtimol bilan, ushbu jarayon Trampni Kapitoliyga hujumi uchun javobgarlikka tortishga qaratilgan ramziy ishora bo‘lib qoladi.

20 yanvarga qadar Senatdagi respublikachilar yetakchisi bo‘lib qoladigan Mitch Makkonnell (vitse-prezident Kamala Harrisning inauguratsiyasidan keyin palatalar ustidan nazorat to‘lig‘icha demokratlarga o‘tadi) partiyadoshlariga yo‘llagan xabarnomasida impichment bo‘yicha muhokama jarayoni qachon boshlanishi mumkinligini qayd etgan. Unga ko‘ra, Senat materiallarni ko‘rishni boshlashi mumkin bo‘lgan eng erta sana - 19 yanvar, Trampning prezidentlik muddati tugashidan bir kun oldin bo‘ladi. Tinglovlar boshlanganida esa u Oq uyni allaqachon tark etgan bo‘ladi. Senatni 19 yanvardan oldin yig‘ish uchun esa barcha 100 senatorning roziligi talab etiladi.

Lekin prezident Senat tomonidan qoralanishi uchun yetarli ovoz to‘planmasa ham, impichmentdan keyin palata unga yangi muddat uchun saylovda qatnashishni taqiqlashi mumkin, amerikalik qonunshunoslarning fikricha, buning uchun shunchaki ko‘pchilikning ovozi yetarli bo‘ladi.

Impichment moddasida nimalar deyilgan
BBC’ning Amerikadagi hamkori CBC impichment haqidagi rezolyutsiya loyihasi bilan tanishishga muvaffaq bo‘lgan. Unda bitta modda bor - «AQSh hukumatiga qarshi isyon qo‘zg‘ash».

«Donald Jon Tramp o‘ta og‘ir jinoyat sodir etdi, u ongli ravishda odamlarni AQSh hukumatiga qarshi isyonga chorladi», deyiladi rezolyutsiya loyihasida. Mualliflar prezidentni to‘g‘ridan to‘g‘ri Kapitoliyda noqonuniy harakatlar amalga oshirilishiga olib kelgan bayonotlar qilishda ayblashgan.

Chorshanba kuni o‘z tarafdorlari qarshisidagi miting vaqtida Tramp yana bir bor noyabrdagi prezidentlik saylovlari halol o‘tganiga shubhalarini bildirgan va asossiz ravishda g‘alabani undan o‘g‘irlashgani haqida gapirgandi.

Shundan so‘ng Tramp tarafdorlarini «kurashishga» chorlagandi. Demokratlar va hatto ko‘plab respublikachilar ham uning bu so‘zlari olomonni Kapitoliyga bostirib kirishga undagan deb hisoblashadi.

Iste'fo va shubhalar
Tramp tarafdorlarining Kapitoliyni qamal qilishi muhokamalar to‘lqinini keltirib chiqardi, shu jumladan, Kongressdagi prezidentga sodiq bo‘lgan respublikachilar, uning ma'muriyatida bo‘lgan sobiq vazirlar va amerikalik yuqori martabali diplomatlar prezidentning xatti-harakatlarini qoralashdi.

Kongressning har ikki palatasi vakillari o‘sha kungi yig‘ilishda prezidentning harakatlariga e'tirozlarini bildirishdi - demokratlar esa uni vakolatlaridan mahrum etish zarurati haqida gapira boshlashdi. Ular Tramp juda xavfli ekani va keyingi kunlarda u davlat boshqaruvida nima qilishini oldindan taxmin qilib bo‘lmasligidan ogohlantirishdi. Agar Tramp lavozimdan chetlatilsa, keyingi saylovlarda ishtirok etish huquqidan ham mahrum bo‘ladi.

Prezidentni istalgan vaqtda vitse-prezident va vazirlar nafaqaga yuborishlari mumkin - buning uchun AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan 25-tuzatish bo‘yicha ovoz berish jarayonida ko‘pchilikning ovozi yetarli bo‘ladi. Vakillar palatasi Nensi Pelosi va Senatdagi demokratlar yetakchisi Chak Shumer allaqachon vitse-prezident Mayk Pensdan shunday qadam tashlashni so‘rashgan.

CNN xabariga ko‘ra, u Trampni chetlatish uchun 25-tuzatishni qo‘llash ehtimolini istisno etmayapti. Manba ma'lumotiga ko‘ra, Pens agar «Trampning harakatlarini oldindan baholash yanada qiyinlashsa», 25-tuzatishni qo‘llash to‘g‘ri yo‘l bo‘ladi, deb hisoblaydi, bu holda qolgan bir haftadan oshiq vaqt davomida Pensning o‘zi vaqtincha prezident vazifasini bajaradi.

Tramp tomonidan tayinlangan boshqa amaldorlar ramziy ma'noda norozilik bildirishmoqda - so‘nggi kunlarda prezident ma'muriyatida bir qancha yuqori lavozimli shaxslar iste'foga chiqishdi. Xususan, ta'lim va transport vaziri, Oq uy matbuot kotibi o‘rinbosari, milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi o‘rinbosari, Shimoliy Irlandiyadagi maxsus elchi va boshqalar lavozimlarini tark etishgan.

Agar Trampning hukumati tomonidan qo‘llov bo‘lmasa, demokratlarda faqat impichment varianti qoladi. Juma kuni spiker Pelosi kongressmenlarga xat yo‘lladi, unda Trampning harakatlari xavfli va tinchlikka raxna soluvchi harakatlar sifatida baholanib, uning iste'fosi talab qilingan.

Shuningdek, Pelosi parlamentga yo‘llagan maktubida yozishicha, AQSh Qurolli kuchlari birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasi raisi Mark Milli bilan amaldagi «o‘zgaruvchan» prezident Donald Tramp hokimiyatdagi so‘nggi kunlarida harbiy harakatlarni boshlashi yoki «yadroviy zarba haqida buyruq berishi» holatida qanday harakatlanish masalasini muhokama qilgan. General qanday javob qaytargani hozircha ma'lum emas.

Agar 2019 yilgi birinchi impichment vaqtida respublikachilar jarayonni «yalmog‘iz ovi» deb atab, uni keskin qoralashgan bo‘lishsa, hozirda ularning ko‘pchiligi jim - Trampning yonini olib chiqadiganlar esa juda kam topiladi.

Ammo konservativ partiya prezidentga qarshi ochiq bayonotlar berishga ham shoshilmayapti - buning o‘rniga ular saylangan prezident Jo Baydenni murosaga keltiruvchi rolini bajarishga chaqirib, yangi ma'muriyat bilan ishlashga tayyorliklari haqida signal berishmoqda.

«Agar spiker Pelosi Tramp prezidentligining so‘nggi kunlarida impichmentni talab qilib turib olsa, bu foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltirishi mumkin. Umid qilamanki, saylangan prezident Bayden bunday zarar ehtimolini to‘g‘ri anglaydi», degan Janubiy Karolinadan bo‘lgan respublikachi senator Lindsi Grem.

Quyi palatadagi respublikachilar yetakchisi Kevin Makkarti ham xuddi shu kabi fikr bildirgan.

«Qolgan kunlarda prezident impichmenti mamlakatimiz yanada ko‘proq bo‘linishiga olib keladi. Bugun men saylangan prezidentga murojaat qildim hamda Amerika qarshisida chiqqan chaqiriqlarga javob qaytarish, bilan haroratni tushirish va mamlakatni birlashtirish masalasini muhokama qilishni rejalashtirdim, - deya yozgan Makkarti tvitterida.

Tramp esa saylov natijalari bo‘yicha bahslashish borasida o‘zi bilan oxirigacha bormagan partiyadoshlariga muammolar tug‘dirishga va'da qildi. U shu vaqtgacha o‘zini g‘olib deb hisoblaydi va ommaviy soxtalashtirishlar qurboni bo‘lganini ta'kidlaydi, lekin uning yuristlari birorta sudda buni isbotlay olishmadi, bir necha shtatlarda esa ovozlar qayta hisoblab chiqildi va jiddiy qoidabuzarliklar qayd etilmadi.

Trampning so‘zlariga mamlakat bo‘ylab millionlab saylovchilar ishonishadi, buni ko‘p minglik mitinglar va chorshanba kuni Vashingtonda Kapitoliyga uyushtirilgan qamal ham isbotlaydi.

Trampning chetlatilishi uchun ovoz beradigan istalgan respublikachi kongressmen o‘z elektoratini yo‘qotadi. Ya'ni prezidentni vakolatlaridan mahrum etish uchun ovoz berish - senator qayta saylanmasligiga olib kelishi mumkin.

Trampni qo‘llamagan respublikachi senatorni nima kutishiga misol sifatida Vashington aeroportidagi hodisani misol qilish mumkin, senator Grem prezidentning ko‘p sonli tarafdorlari tomonidan qarshi olindi, uni politsiyachilar qo‘riqlashiga to‘g‘ri keldi.

«Sotqin! Sen sotqinsan!» - deya baqirishdi Gremni o‘rab olgan odamlar, holbuki u so‘nggi yillarda ko‘plab masalalarda Trampni himoya qilib kelgandi.

«Hamma joyda shunday bo‘ladi, sen qayoqqa borma, ta'qibda bo‘lasan, oxirgi kuninggacha», deya tahdid qilishgan odamlar senatorga.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid