O‘zbekiston | 09:24 / 13.01.2021
15966
5 daqiqa o‘qiladi

Pandemiya O‘zbekiston avtomobil va ipoteka bozoriga qanday ta'sir qildi?

2020 yilda boshlangan pandemiya tufayli O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida talab yana o‘zining uzoq muddatli trendiga qaytdi, avtomobil savdosi esa 2,5 foizga kamaydi.

2020 yilda pandemiya jahon miqyosida ko‘chmas mulk va avtomobil bozorlariga sezilarli ta'sir ko‘rsatdi, O‘zbekiston ham bundan mustasno emas. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziy ilmiy xodimi Halilluloh Hamidov koronainqirozning O‘zbekiston avtomobil va ipoteka bozorlariga ta'sirini o‘rgandi.

Tahlillarga ko‘ra, koronavirus infeksiyasining tarqalishi bilan bog‘liq karantin cheklovlari joriy etilgunga qadar, respublika ko‘chmas mulk bozorida talab har oyda o‘rtacha 6-7 foizga oshib borgan. Toshkent shahri va viloyatidagi ko‘chmas mulk bozorlaridagi savdolar umumiy bozor hajmining 40-45 foizini tashkil etgan.

«Aprel oyidan boshlab butun mamlakat bo‘ylab lokdaun (qat'iy karantin) joriy qilindi, bu esa ko‘chmas mulkka bo‘lgan talabning 2019 yilning shu davriga nisbatan 87,1 foiz (Toshkent shahrida 94,2 foiz va Toshkent viloyatida 89,8 foiz)ga kamayishiga olib keldi. May va iyun oylarida respublika bo‘yicha ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha rasmiylashtirilgan shartnomalar soni mos ravishda 25,9 foiz va 135,2 foizga yuqorilab ketdi. Qisqa vaqt ichida savdo operatsiyalarining sezilarli darajada o‘sib ketishi bir tomondan, doimiy ro‘yxatga olish tartibi soddalashtirilishi, ikkinchi tomondan, may oyidan boshlab karantin choralari bosqichma-bosqich yumshatilishi bilan izohlanadi», – deya ta'kidlangan Hamidov tayyorlagan hisobotda.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2020 yil 22 apreldagi «Doimiy propiska qilish hamda turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida» farmonining qabul qilinishi bilan may oyida, 2019 yilda tegishli davrga nisbatan, ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari sonining o‘sishi Toshkent shahrida 148,7 foizga, Toshkent viloyatida 26,5 foizga yetdi, iyun oyida ushbu ko‘rsatkich mos ravishda 257,5 foiz va 190,7 foizni tashkil etdi. Shunisi qiziqarliki, aynan shu davrda ko‘chmas mulk savdosining o‘sishi Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi uylarning narxlariga deyarli ta'sir qilmadi. Bu, asosan, ilgari boshqa shaxslar nomiga rasmiylashtirilgan uylarning haqiqiy egalari nomiga o‘tkazilishi bilan izohlanadi.

2020 yilning sentyabriga kelib, ko‘chmas mulk bozorida talab yana o‘zining uzoq muddatli trendiga qaytdi. Xususan, sentyabr oyida ko‘chmas mulk oldi-sotdilari soni o‘tgan oyga nisbatan 24,2 foizga (2019 yilning mos davriga nisbatan 41,7 foizga), oktyabr oyida – 1,7 foizga (24,8 foizga), noyabr oyida – 0,5 foizga (22,9 foizga) va dekabr oyida – 20,9 foizga (17,1 foizga) oshdi.

Avtomobil bozorida esa pasayish kuzatildi

Mart, aprel va iyul oylarida avtomobil savdosining keskin pasayishi hisobiga 2020 yilda avtomobil savdosi hajmi 2019 yilga nisbatan 2,5 foizga kamaydi.

Odatda, respublikada birlamchi va ikkilamchi bozorlarda avtomobil savdosining oylik o‘sishi o‘rtacha 2-3 foizni tashkil etadi. 2020 yilning mart oyi o‘rtalaridan qat'iy karantin tadbirlarining joriy etilishi natijasida mart oyida ro‘yxatga olingan va qayta ro‘yxatga olingan avtomobillar soni 2019 yilning shu davriga nisbatan 17,3 foizga (o‘tgan oyga nisbatan 34,6 foizga), aprel oyida esa 73,8 foizga (63,1 foizga) kamaydi.

May oyidan boshlab avtomobil bozoridagi vaziyat yana tiklana boshladi. Xususan, iyun oyida avtomobil savdosi 2019 yilning shu davriga nisbatan 14,8 foizga oshdi. Lekin 10 iyuldan 15 avgustgacha karantin tadbirlarining qayta joriy etilishi natijasida iyul oyida avtomobil bozoridagi faoliyat may-iyun oylariga nisbatan biroz sekinlashdi. Xususan, mazkur oyda ro‘yxatga olingan avtomobillar soni 2019 yilning iyul oyiga nisbatan 20,2 foizga kamaydi. Shunday bo‘lsa-da, avgust oyida avtomobil savdosi hajmi 2019 yilning mos davriga nisbatan 3,8 foiz o‘sdi (o‘tgan oyga nisbatan 54,3 foiz).

Sentyabr-oktyabr oylarida ham avtomobil bozorida talab o‘sishda davom etdi. Sentyabr oyidagi savdolar oldingi oyga nisbatan 0,5 foizga (2019 yil sentyabr oyi bilan taqqoslaganda 29,5 foiz) oshdi. Oktyabr oyida o‘sish sur'ati sentyabr oyiga nisbatan 2 foiz (2019 yil oktyabr oyiga nisbatan 19,2 foiz) tashkil etdi. Noyabr-dekabr oylarida bu ko‘rsatkich o‘tgan oyga nisbatan biroz (mos ravishda 1,7 foiz va 1,9 foizga) pasaydi. Biroq 2019 yilning tegishli davri bilan taqqoslaganda savdolar hajmi noyabr oyida 9 foizga va dekabr oyida 10 foizga oshdi.

Umuman olganda, 2020 yilda avtomobil savdosi hajmi 2019 yilga nisbatan 2,5 foizga kamaydi. Bu mart, aprel va iyul oylarida avtomobil savdosining keskin pasayishi bilan izohlanadi. Shunga qaramasdan, 2020 yil avgust oyiga kelib, avtomobil bozorlaridagi vaziyat o‘zining uzoq muddatli trendiga qaytgani aholi talabining tiklanib borayotganligini ko‘rsatmoqda.

Mavzuga oid