O‘zbekiston | 20:45 / 14.01.2021
11905
3 daqiqa o‘qiladi

8ta xususiy investorlik loyihasi mavjud – Prezident mashinasozlik sohasi haqida

Avtomobilsozlik sanoatining 30-35 foizi xususiy sektor nazoratiga o‘tkaziladi. Xorijiy mutaxassislar ishtirokida «O‘zavtosanoat» faoliyatini transformatsiya qilish ofisi tashkil qilinadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

13 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida mashinasozlik sanoatini transformatsiya qilish va sohada raqobatdoshlikni oshirish masalasidagi yig‘ilishda davlat rahbari 276 million dollarlik 8ta xususiy investorlik loyihasi mavjudligini e'lon qilgan, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Bugungi kunda bir necha xorijiy kompaniyalar investitsiya kiritish istagini bildirgan. Mashina ishlab chiqarish bo‘yicha 276 million dollarlik 8ta xususiy investorlik loyihasi mavjud. Biz ishlab chiqaruvchilarning hammasini bir xilda lokalizatsiya qilishimiz kerak», – dedi prezident.

Shuningdek, joriy yilda avtomobilsozlik sanoatining 30-35 foizi xususiy sektor nazoratiga o‘tkazilishi ma'lum qilindi.

«Ochiq raqobatbardoshlikni ta'minlashga qaratilgan alohida hujjat ishlab chiqishimiz kerak. Sababi investor ishlab chiqarish uchun kelsa, aniq belgilangan me'yorlar mavjud hujjatni taqdim etamiz. Ochiq raqobat va tannarx ustida ishlashimiz kerak», – dedi «O‘zavtosanoat» AJ boshqaruv raisi Shavkat Umrzoqov «O‘zbekiston24» telekanaliga bergan intervyusida.

Ta'kidlanishicha, xorijiy mutaxassislar ishtirokida «O‘zavtosanoat» faoliyatini transformatsiya qilish ofisi tashkil qilinadi. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi zimmasiga bu vazifalarni bajarish yuklatilgan. Joriy yilning 1 iyuliga qadar tarmoq doirasidagi 40ta kompaniyani transformatsiya qilish ishlari boshlanishi ko‘zda tutilgan. «O‘zavtosanoat»ning faoliyatiga aloqador bo‘lmagan 14ta tashkilotdagi ulushi sotilishi ma'lum qilindi.

«Tarmoqda monopol mavqeyi saqlab kelinmoqda. Raqobatni shakllantirish va yangi ishlab chiqaruvchilar uchun teng sharoit yaratishimiz kerak. Bizning asosiy maqsadimiz iste'molchilar manfaatlarini himoya qilish va mahsulot sifatni yaxshilashdir», – dedi Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi raisi Najmiddinxo‘ja Sharipov.

Prezident tomonidan hamyonbop texnikalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va ularning lokalizatsiyasini amalga oshirish shu yilning oxirigacha 30 foizga, 2022 yilda 45 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Avvalroq yaqin yillarda xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda ishlab chiqarilishi kutilayotgan avtomobillar haqida ma'lumot berilgandi.

Ma'lumot uchun, avtomobil sanoati ulushi respublika umumiy sanoatining 11 foizini tashkil qiladi.

Mavzuga oid