Fuqarolik-protsessual kodeksiga o‘zgartishlar kiritildi. Asosiy yangiliklar
Cud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunlar prezident tomonidan imzolandi.
Kun.uz Fuqarolik-protsessual kodeksiga kiritilayotgan asosiy o‘zgartishlarni sanab o‘tadi.
- Viloyat darajasidagi sudlar tizimida tashkiliy o‘zgarishlar amalga oshirilib, fuqarolik ishlari bo‘yicha, jinoyat ishlari bo‘yicha va iqtisodiy sudlar yagona umumyurisdiksiya sudlariga birlashtirildi.
«Yagona sud – yagona instansiya» tamoyilidan kelib chiqib, ishlarni nazorat tartibida ko‘rish amaliyoti tugatildi.
- Apellyatsiya tartibidagi shikoyat (protest)larni berish hamda sud qarorlarining qonuniy kuchga kirish muddati 20 kundan 30 kunga uzaytirildi.
Birinchi instansiya sudining apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan qarorlari, shuningdek apellyatsiya instansiyasi sudining qarorlari Oliy sudda kassatsiya tartibida qayta ko‘rilishi mumkinligi belgilandi. Ya'ni endilikda ish kassatsiya tartibida ko‘rilishidan oldin apellyatsiya tartibida ko‘rilgan bo‘lishi lozim etib belgilanmoqda. Buning natijasida sud hukmi ustidan dastlabki shikoyat (protest) berish muddati 6 oydan 1 oyga qisqardi.
- Ish tomonlarning arizasiga asosan Oliy sud raisi, Bosh prokuror va ularning o‘rinbosarlari protestiga ko‘ra Oliy sudda takroran kassatsiya tartibida (5 nafar sudyadan iborat tarkibda) qayta ko‘rilishi mumkin bo‘ldi.
Prokuror boshqa shaxslarning arizalari bilan qo‘zg‘atilgan ishning muhokamasida o‘z tashabbusi bilan ishtirok etish huquqidan mahrum qilindi. Ilgari prokurorga nisbatan bunday cheklov mavjud emas edi.
- Birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan xususiy shikoyat (protest) berish muddati ajrim topshirilgan kundan e'tiboran 20 kun etib belgilandi. Ilgari bu muddat 10 kun edi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan nizolar bo‘yicha apellyatsiya va kassatsiya shikoyatini berish huquqi berildi.
- Prokuror esa faqat taraflar murojaatiga asosan yoki prokuror ishtirokida ko‘rilgan ishlar bo‘yicha chiqarilgan sud hujjatlari ustidan apellyatsiya va kassatsiya protesti keltirishi mumkinligi belgilandi.
Apellyatsiya instansiyasi sudining ajrimi ustidan kassatsiya shikoyatini berish muddati ajrim chiqarilgan kundan boshlab 1 yil etib belgilandi. Uzrli sabablar mavjud bo‘lganda bu muddat sud tomonidan yana uch oyga uzaytirilishi mumkin.
Mavzuga oid
20:12 / 23.12.2020
Hali qonuni chiqmagan umumyurisdiksiya sudlariga sudyalar tayinlanayotganiga izoh berildi
20:59 / 17.12.2020
Deputatlar sud qarori ustidan kassatsiya shikoyatini keltirish huquqini cheklovchi qonunlarni qabul qildi. Bundan maqsad nima?
21:10 / 14.04.2020
Koronavirus nimalarni o‘zgartiradi: huquqshunoslar oldidagi dolzarb masalalar
11:36 / 28.03.2020